Bakterial kasalliklar
Bakterial kasalliklar, bakteriozlar (oʻsimliklarda) – oʻsimliklarda bakteriyalar qoʻzgʻatadigan yuqumli kasalliklar. Bakteriyalar taʼsirida oʻsimlik organizmidagi hayotiy jarayonlar buziladi, toʻqima va hujayralarning fiziologik funksiyasi hamda tuzilishi oʻzgaradi. Gʻoʻza, tamaki, pomidor, kartoshka, karam, bodring, piyoz, sabzi, gʻalla ekinlari, mevalar va tokni zararlaydi va qishloq xoʻjaligiga katta zarar yetkazadi. Bakteriozlarning bir necha xili farqlanadi: chirish (toʻqimalarning yumshab, qurishib, parchalanib ketishi, ildiz chirishi); dogʻlar (barg yoki yosh novdalar va mevalarda dogʻlar paydo boʻlishi); kuyish (gul, tuguncha, barg va novdalarning qoʻngʻir tusga kirib, qorayishi); bakterial rak (ildiz, poya yoki novdalarda shish hamda yaralar paydo boʻlishi); shira oqishi (gommoz). Bakteriyalar oʻsimlik ichiga barg ogʻizchalari, nektar ajratuvchi bez teshiklari yoki jarohatlangan joylardan kirishi mumkin. Bakteriya organizm ichiga kirgach, hujayralararo toʻsiqni eritib, toʻqimalararo yoʻllar bilan tarqaladi. Natijada toʻqima chirigan kartoshka va sabzi ildizmevasi kabi yumshab qoladi. Kasallikning bunday kechishi parenximatoz (toʻqima kasalligi) deb ataladi. Boshqa tur bakteriyalar oʻsimlikning oʻtkazuvchi nay tutam (tomir)larida tarqalib, tomirlar bakteriozini qoʻzgʻatadi. Bunda oʻsimlik faqat naylarning tiqilib qolishi tufayli emas, balki bakteriyalar ajratgan zaharli moddalar – toksinlar taʼsiridan ham soʻliydi. Kasallangan oʻsimlik qoldiqlari bor tuproq asosiy infeksiya (yuqum) manbai hisoblanadi. Bakteriozlar urugʻlik, kasallangan oʻsimlik qoldiqlari, shamol, shuningdek atmosfera yogʻinlari, hasharotlar va boshqalar bilan tarqalishi mumkin. Doʻl barg va poyalarni shikastlab, bakteriozning tezda avj olishiga sabab boʻladi.
Kurash choralari: hosil yigʻib olingach, oʻsimlik qoldiqlarini ildizi bilan birga yoʻq qilish, shuningdek qabul qilingan almashlab ekish qoidalariga rioya qilish; kasalliklarga chidamli navlarni ekish. Agrotexnika choratadbirlari kutilgan natijani bermasa, unda maxsus kimyoviy preparatlar – pestitsidlardan foydalaniladi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |