Ixtiyor Abdullayev
Abdullayev Ixtiyor Baxtiyorovich (oʻzb. — Abdullaev Ixtiyor Baxtiyorovich; 1966-yil 22-may, Fargʻona viloyati Uchkoʻprik tumani) — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi (2018-2019), Bosh prokurori (2015-2018), Oliy Majlis Senatining aʼzosi (2010-2015), Oʻzbekiston Prezidentining kadrlar boʻyicha davlat maslahatchisi (2009-2015), Oʻzbekiston Prezidentining huquqni muhofaza qiluvchi idoralar boʻyicha davlat maslahatchisi (2006-2009) lavozomlarida ishlagan.
Biografiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]1966-yil 22-mayda Fargʻona viloyati Uchkoʻprik tumani Toʻqaytepa qishlogʻida tugʻilgan.
Ta'lim
[tahrir | manbasini tahrirlash]Maʼlumoti boʻyicha huquqshunos. 1990-yilda Perm davlat universitetining yuridik fakultetini bitirgan.
Mehnat faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]1988—1990-yillar Jinoyat ishlari boʻyicha Fargʻona shahar sudi sud ijrochisi. 1990—1993-yillar Fargʻona viloyati adliya boshqarmasida maslahatchi, bosh maslahatchi, 1993—1995-yillarda Jinoyat ishlari boʻyicha Fargʻona shahar sudi raisi vazifasini bajaruvchi, 1995—1997-yillarda Fargʻona viloyati sudi raisi, jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati raisi, 1997—2000-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Davlat maslahatchisi xizmatining fuqarolik va amnistiya masalalari boʻyicha referenti, 2000—2001-yillarda Jinoyat ishlari boʻyicha Andijon viloyati sudi raisi, 2001—2002-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Davlat maslahatchisi oʻrinbosari, 2002—2006-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining birinchi oʻrinbosari, 2006—2009-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Davlat maslahatchisi, 2007—2009-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti direktori, 2009—2015-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining kadrlar boʻyicha davlat maslahatchisi[1] lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2015-yildan 2018-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori. 2018-yil 31-yanvardan 2019-yil 11-fevralgacha — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi. 2010-2015-yillarda — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi aʼzosi[2][3][4].
Iste'fosi va qamalishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]2019-yil 11-fevralda salomatligi yomonlashgani tufayli isteʼfoga chiqarilgan. 12-fevral kuni mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilish, mansab soxtakorligi, pora olish kabi jinoyatlarini sodir etganlikda ayblanib, hibsga olingan[5]. 27-sentabr kuni u tuzgan jinoiy uyushma aʼzolari ustidan sud jarayoni yakuniga yetdi va Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi tomonidan hukm eʼlon qilindi. Ixtiyor Abdullaev jinoiy uyushma tashkil etib, mansab vakolatini suiisteʼmol qilib, uyushgan guruh va jinoiy uyushma manfaatlarini koʻzlab, juda koʻp miqdorda pora olish, Oʻzbekiston Respublikasi manfaatlariga xilof ravishda bitimlar tuzish, tovlamachilik, oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilish, bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish va shu kabi bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, jinoyatlar majmui tariqasida 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan[6] 2020-yil 25-fevralda mazkur jazo muddati yana 1 yilga uzaytirildi[7].
Qamoqdagi hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ixtiyor Abdullayev oʻziga berilgan jazo muddatini Toshkent viloyati Zagiota tumanidagi 22-sonli jazoni ijro etish muassasasida oʻtamoqda[8]. Qamoqda I. Abdullayev chinni sexida idishlarga naqsh solish bilan shugʻullanadi[8].
«Sobiq bosh prokurorga uning otasi va o‘g‘li bir qancha OAV orqali jamoatchilik va prezidentga murojaat qilgani, unga nisbatan qiynoqlar qo‘llanilgani va hozirda uni yaqinlari bilan ko‘rishtirishmayotgani, izolyatsiyada saqlanayotgani haqida bayonotlar berishayotganini aytdim. U kishi «hammasi yaxshi bo‘ladi, bu gaplar prezidentimizga yetib borsa, adolat qiladilar»dan nariga o‘tmadi. Ta’kidlash kerakki, ikki sobiq bosh prokuror ham o‘ta ehtiyotkorlik bilan muomalada bo‘ldi. To‘g‘rirog‘i, komissiyalarning nimaligi, qayergacha bora olishini o‘tmishdagi faoliyati orqali yaxshi biladigan bu mulozimlar vaziyatni murakkablashtirib o‘tirishmadi. Har holda menga shunday tuyuldi»
Ixtiyor Abdullayevning oila a'zolari uning sogʻligʻi yomonlashgani sababli xiyonat qilmaganligi haqida prezidentga xat yozganligini ma'lum qilishgan[10].
Oilasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Otasi, Abdullayev Baxtiyor Abdullayevich — Sirdaryo viloyati Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati boshligʻi boʻlgan. Ayni paytda nafaqada.
Qudasi, Eshonxoʻjayev Alisher Azizxoʻjayevich — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisining maslahatchisi lavozimida ishlagan, 2018-yil dekabrda hibsga olingan. 17 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan[11].
Qudasi, Dehqonov Bahodir Akbaraliyevich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining oʻrinbosari lavozimida ishlagan. 2019-yil fevralda hibsga olingan[12]. Pora olish va bir qancha jinoyatlarda ayblanib, 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan[11].
Oʻgʻli, Abdullayev Davron Ixtiyorovich — Toshkent shahar davlat xavfsizlik boshqarmasi korrupsiyaga qarshi kurash boʻlimining katta tergovchisi boʻlgan.
Oʻgʻli, Abdullayev Aziz Ixtiyorovich, Bektemir tumani prokurori boʻlgan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Biografiyasi, 2018-02-03da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2015-04-22
- ↑ Oliy Majlis Senati aʼzolarini tayinlash toʻgʻrisida, 2015-04-25da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2015-04-22
- ↑ Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi aʼzosi I.B. Abdullaev toʻgʻrisida, 2020-02-25da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2019-07-04
- ↑ Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi I.B. Abdullayevning vakolatini muddatidan avval tugatish toʻgʻrisida, 2019-08-30da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2019-08-30
- ↑ Kones Ixtiandra. Na zabolevshego eks-glavu SGB Uzbekistana Abdullaeva otkito ugolovnoe delo | TsentrAziya
- ↑ „Ихтиёр Абдуллаевга ҳукм ўқилди“.
- ↑ „Отабек Муродовга суд ҳукми эълон қилинди“. Kun.uz.
- ↑ 8,0 8,1 „Qamoqdagi Rashid Qodirov tikuv sexida, Ixtiyor Abdullayev esa chinni sexida ishlayotgani ma’lum bo‘ldi“ (2022-yil 5-iyun). Qaraldi: 19-avgust 2022-yil.
- ↑ https://kun.uz/uz/news/2021/05/06/qamoqdagi-rashid-qodirov-mato-sexida-ixtiyor-abdullayev-esa-chinni-sexida-ishlayotgani-malum-boldi?q=%2Fnews%2F2021%2F05%2F06%2Fqamoqdagi-rashid-qodirov-mato-sexida-ixtiyor-abdullayev-esa-chinni-sexida-ishlayotgani-malum-boldi
- ↑ „«Сизга хиёнат қилмадим» - Ихтиёр Абдуллаев президентга ёзган хат, қийноқлар ва оқ банан коробкаси даъволари DXX O'zbekiston (видео)“ (2021-yil 3-aprel). Qaraldi: 19-avgust 2022-yil.
- ↑ 11,0 11,1 „Ихтиёр Абдуллаев иши: ДХХ раисининг собиқ ўринбосари 16 йилга, собиқ маслаҳатчи 17 йилга қамалди“.
- ↑ „Зампредседателя Верховного суда задержан“. gazeta.uz.
- 22-mayda tugʻilganlar
- 1966-yilda tugʻilganlar
- Fargʻonada tugʻilganlar
- Oʻzbekiston bosh prokurorlari
- Oʻzbekiston xavfsizlik xizmati rahbarlari
- Fargʻona viloyatida tugʻilganlar
- Oʻzbekiston kishilari
- Oʻzbekiston yetakchilari
- Oʻzbekiston siyosatchilari
- Oʻzbekiston harbiy xizmatchilari
- Oʻzbekiston huquqshunoslari
- Perm davlat universiteti bitiruvchilari
- Oʻzbekiston senatorlari
- Maxsus xizmatlar rahbarlari
- Oʻzbekiston mahsus xizmat kishilari