Idrisiy
Idrisiy (1100, Seuta (Sibta), Marokash — 1165 yoki 1161, Sitsiliya) — arab geografi va sayyohi. Toʻliq ismi al-Idrisiy Abu Abdulloh Muhammad ibn Muhammad.
Ispaniyadagi arab xalifaligining poytaxti Qurtuba (Kordova) shahrida tahsil olgan. Portugaliya, Fransiya, Angliya va Kichik Osiyo yarim oroliga sayohat qilgan. Idrisiy Yevropada eng mashhur sayyoh hisoblangan. taxminan 1138-yil Sitsiliyaning Palermo shahriga kelib, Sitsiliya qiroli Rojer II saroyida yashagan. Qirol topshirigʻi bilan 1154-yil oʻsha davrda dunyoning ilm ahliga maʼlum boʻlgan qismi xaritasini tayyorlagan, uni kumush yassi sharga oʻyib chizgan va qogʻozga ham tushirgan. Xaritaga “Nuzxat al-mushtoq fi-ixtiroq al-ofoq” (Sayohatga mushtoq boʻlganning ufqlarga sarguzashtlari) izohnomasini yozgan (baʼzan uni “Rojer kitobi” ham deyishadi). Idrisiy asarlarining nusxalari koʻp, biroq birorta ham toʻla nusxasi saqlanmagan; 16-asrdan boshlab Yevropada bir necha marta nashr qilingan. Jumladan, lotin tilidagi tarjimasi 1593-yil Rimda nashr qilingan.
Idrisiy xaritasining asli yoʻqolgan, nusxasi bilan izohnomasigina saqlanib qolgan. Idrisiy yerni 7 iqlimga boʻlgan (har bir iqlim 10 qismdan iborat). Idrisiyning barcha iqlimni oʻz ichiga olgan asarlari va unga ilova qilingan xaritalar (70 ta) oʻrta asrlarda geografiya fanida eng mukammal asar hisoblangan, Yevropa va Afrika tarixi hamda tarixiy geografiyasini oʻrganishda muhim manba boʻlgan. Unda musulmon sharqidan tashqari Gʻarbiy va Sharqiy Yevropa mamlakatlari haqida turli-tuman qiziqarli maʼlumotlar bayon qilingan. Idrisiy asarlarini shaxsan oʻzi koʻrgan-bilganlari, sayohatchilar, savdogarlar, ziyoratchilar va turli mamlakatlarni oʻrganish uchun yuborilgan kishilar axboroti asosida yozgan. U Ibn Hurdodbeh, Ibn Havqal, Masʼudiy kabi arab geograflari va sayohatchilari asarlaridan ham foydalangan. Ammo Idrisiy xaritasi xatoliklardan holi emas: Afrika olisdagi Hindixitoy yarim oroli bilan tutash, Hind okeani koʻl tarzida koʻrsatilgan, yaʼni Klavdiy Ptolemey dunyo xaritasidan aynan koʻchirgan.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |