Kontent qismiga oʻtish

Savdogarlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Savdogarlar — savdo bilan shugʻullanuvchi ijtimoiy tabaqa. S. tovarlarni uz isteʼmoli uchun emas, balki uni sotib foyda olish maqsadida xarid kiladi, ishlab chiqaruvchi (yoki tovar egasi) bilan isteʼmolchi urtasida (baʼzan turli xil tovarlar ishlab chikaruvchilar urtasida) vositachilik vazifasini bajaradi. Tovarlarni i.ch. makonining ularni isteʼmol qilish makonlariga hamisha ham mos kelavermasligi savdogarlikni obyektiv zaruratga aylantirgan. Savdo vositachilari ibtidoiy jamoaning yemirilish davrida vujudga kelib, jamiyatning keyingi tarixiy taraqqiyoti davomida ijtimoiy mehnat taqsimoti va ayirboshlashning rivojlanishi bilan boy S. va mayda S. guruxlariga boʻlingan holda jamiyat ijtimoiy tuzilmasining zaruriy unsuriga aylandi. S. kadimgi dunyoning kupgina jamiyatlari (Karfagen, Ellin davlatlari, Yunoniston, Rim va boshqalar) iqtisodiyotida muhim rol uynadi. Ilk oʻrta asrlarda arab mamlakatlari, ayniqsa, Hindiston, Xitoyda savdogarlik juda rivoj topdi. Karvonlar tuzib, yurtmayurt kezib savdo qilish savdogarchilikning keng tarqalgan koʻrinishi boʻlib qoldi.

11 —12-asrlarda Gʻarbiy Yevropada hunarmandchilikning qishloq xoʻjaligidan ajralib chiqishi va shaharlarning tobora rivojlanib borishi bilan yirik savdohunarmandchilik markazlari (Venetsiya, Genuya va boshqalar) paydo boʻldi va S. ijtimoiy tabaka tarzida shakllandi. S. oʻz savdo manfaatlarini himoya qilish uchun alohida korporatsiyalar (gildiya va boshqalar)ga birlashdilar. 15-asrga kelib Gʻarbiy Yevropada savdo operatsiyalarida veksellar, yozma hisobotlar qoʻllanila boshladi. S. savdo qilishdan tashqari sudxoʻrlik bilan ham shugʻullandilar.

Kapitalizmning shakllanishi davomida mayda tovar ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini sotib olish va sotish hamda ularni xom ashyo bilan taʼminlash ishida S. haqiqatda kapitalist sohibkorlarga, manufaktura egalariga aylandilar. Buyuk geografik kashfiyotlardan keyin S.ning bir va bir necha mamlakatda savdo monopoliyasi yoki hatto harbiy-siyosiy hukmronlik oʻrnatgan yirik savdo kompaniyalari (mas, Vest-Indiya, Ost-Indiya) paydo boʻldi. Kapitalistik munosabatlarning qaror topishi davrida S. burjuaziyani shakllantirgan manbalardan biri boʻldi. Rivojlangan kapitalistik jamiyatda S. oʻz mustaqil ahamiyatini yuqotdi, chunki bu jamiyatda sanoat kapitali va sanoatchi ishbilarmonlar vakillari yetakchi urinni egallaydi.

Sharq mamlakatlari, shu jumladan, Oʻrta Osiyoda, S. qadimgi kasblardan hisoblanadi, ular kuchmanchi chorvadorlar, dehqonlar va kosiblar urtasida tovar ayirboshlashda vositachilik qilganlar. Musulmon mamlakatlarida shariat qonunlariga koʻra va hadislarda sudxoʻrlik harom ish, savdogarlik obroʻli kasb, faqat rostgoʻy, halol, yuksak axloq sohiblarigina savdogar nomiga loyiq hisoblangan. Mas, Alisher Navoiy "Mahbub ulqulub" asarida S.ni ilgʻor fikrli kishi, ular halol rizq topish yulida bir mamlakatdan ikkinchi mamlakatga tovarlarni keltirish borasida mashaqqat chekadi, tovarlarning taqchilligi va ortiqchaligini bartaraf etishda ishtirok etib, iqtisodiy muvozanatni taʼminlaydi, ilgʻor fikrlarni tarqatadi, deb taʼriflaydi. Oʻrta osiyolik S. Eron, Hindiston, Xitoy, Misr, Turkiya, Rossiya, Yevropaning boshqa mamlakatlari bilan savdo aloqalari olib borganlar. Mil. av. 2-asrdan to mil. 15-asrgacha Sharqni Gʻarb bilan bogʻlagan va Oʻrta Osiyo orqali oʻtgan asosiy savdo yoʻli — Buyuk ipak yoʻlining ahamiyati juda katta boʻlgan. Amir Temur savdosotiqqa katta eʼtibor bergan. Temur hokimiyati qaror topgan joylarda karvon yoʻllari qoʻrikdangan va bexatar boʻlgan. Amir Temur S.ga katta imtiyozlar bergan, karvon yoʻllarida karvonsaroylar qurdirgan.

Oʻrta Osiyoni chor Rossiya imperiyasi bosib olganidan keyin oʻrtaosiyolik S banklar savdosanoat firmalari bilan aloqalar oʻrnatib, kapitalistik savdo usullarini oʻzlashtira boshladilar (qarang Orenburg savdo yoʻli). Oktyabr toʻntarishidan soʻng Oʻzbekistonda mayda va oʻrta hol S. vaqtincha saqlanib qoldi. 20-asrning 20y.lari oxirida Oʻzbekistonda davlat va kooperativ savdoning rivojlanishi bilan S. ulgurji va chakana savdo sohalaridan siqib chiqarildi. 1930—32 yillarda S. ijtimoiy tabaka sifatida butkul tugatildi.

Oʻzbekistonda davlat mustaqilligiga erishilganidan keyin bozor iqtisodiyotiga oʻtish davrida savdogarlik tadbirkorlik faoliyatining bir yoʻnalishi tarzida qayta paydo boʻldi va ijtimoiy qatlam sifatvda shakllanib, son jihatdan koʻpayib bormoqda. Slarga koʻmaklashuvchi "Savdogarbank" aksiyadorlik tijorat banki tashkil etilgan, "Savdogar" gaz. chiqadi.

  • Toʻxl iyev N., Osiyo va bozor. T., 1992; Yoʻldoshev N., Oʻrta Osiyoda bozor nazariyasi va tajribasi, T., 2002; AlFaqih Abu Lays asSamarqandiy, Tanbeh ul gʻofilin, 3 kitob, T., 2003.

Nuriddin Yoʻldoshev.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil