Tamgʻachxon
Ibrohim Ibn Nasr, Boʻritegin, Tamgʻachxon Ibrohim (1000 — 1070) — Movarounnahrdagi Gʻarbiy Qoraxoniylar xoqonligi nomli Turkiy davlatning asoschisi (1040—70).
Qoraxoniylardan. Otasi — Nasr ibn Ali. Iloq hokimi (1017—21). Bu yerda Boʻritegin, amir va malik unvonlari bilan tangalar zarb ettirgan. Qoraxoniy beklaridan Alitegin turkmanlar yordamida Movarounahrni bosib olgan paytda (1025) I. ibn N. uning farzandlari qoʻliga asir tushgan. 1037-yil asirlikdan qochib Xoʻjandni egallagan. Biroq, akasi, Fargʻona hukmdori Muhammad bilan chiqisha olmay, jan. ga yoʻl olgan va Chagʻoniyonni bosib olgan. Bu yerda kuch toʻplab Movarounnahrning markaziy hududlariga bostirib kirgan va Kesh, Samarqandni egallagan (1040). Ibrohim ibn Nasr oʻzini Tamgʻachxon deb eʼlon qilgan va mustaqil davlat birlashmasi — Gʻarbiy Qoraxoniylar xoqonligiga asos solgan. I. ibn N. 1041—42-yil larda Buxoroni egallagan. 1043-yil Chagʻoniyonni gʻaznaviylar, soʻngra bir oz vaqtdan keyin saljuqiylar bosib olgan. I. ibn N. saljuqiylar bilan Termiz va Balxga egalik qilish uchun kurashgan. 11 -a. oʻrtalarida Sharqiy xoqonlikni qamrab olgan oʻzaro janjallar, nizolardan foydalanib I. ibn N. Fargʻona, Shosh, Isfijob, Taroz va hatto Qoraxoniylarning Chu vohasida joylashgan asosiy poytaxti Bolasogʻunni ham egallab olgan. Biroq, shunga qaramasdan, u Samarqandni oʻz poytaxtiligicha qoldirgan. Umrining oxirida falaj boʻlib qolgan Ibrohim hokimiyatni oʻgʻli Shamsulmulkka topshirgan. Tamgʻachxon Ibrohim oʻqimishli, aqlli va tadbirkor xoqon boʻlgan. Oʻz siyosatida ulamolarga tayanib ish yuritgan. U Samarq-andda tartib-osoyishtalik oʻrnatish va uning xavfsizligini taʼminlash toʻgʻrisida alohida gʻamxoʻrlik qilgan, oʻgʻrilik va talonchilik uchun qattiq jazolagan. Qurilish ishlariga katta eʼtibor bergan. Masalan, 1066-yil uning buyrugʻi bilan Qusam ibn Abbos maqbarasiga yaqin joyda Madrasa qurilgan, shuningdek, Samarqandda qasr ham qurdirganligi maʼlum.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Kochnev B. D., Ibraxim ibn Nasr — sozdatel Zapadnogo Karaxanidskogo kaganata. Drevniye sivilizatsii Yevrazii. Istoriya i kultura, M., 1998; Samarkand tarixi, 1-j., T., 1971.
- Faxriddin Hasanov.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Qoraxoniylar sulolasi | |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |