Arslonxon Muhammad
Arslonxon Muhammad ibn Sulaymon (toʻliq ismi Muhammad ibn Sulaymon ibn Dovud Kuchtegin ibn Tamgʻachxon Ibrohim) (?—1130/1131) — Movarounnahr hukmdori (1102—1130).
Qoraxoniylardan. Barqiyoruq vassali Sulaymonteginning oʻgʻli. 1102-yilda Samarqand taxtiga Arslonxon unvoni bilan oʻtqazilgan. 12 ming mamlukdan iborat qoʻshin tuzib Dashti Qipchoqqa bir necha bor harbiy yurishlar qilgan.
Umrining oxirida falaj boʻlib qolgani tufayli taxtni oʻgʻillari — dastlab Nasr, soʻng Ahmad bilan boshqargan. Samarqand saljuqiylar tomonidan egallangach (1130-yil 13-mart), Arslonxon Muhammad Balxga joʻnatilgan va oʻsha yerda koʻp oʻtmay vafot etgan. U Marvdagi oʻzi qurdirgan madrasaga dafn etilgan.
Arslonxon Muhammad davrida madaniy hayot birmuncha rivojlangan. Buxoro va uning viloyatida koʻplab binolar qurilgan. Masalan, Jarqoʻrgʻon minorasi va Masjidi Kalon yonidagi Arslonxon minorasi (Minorai Kalon) hozirgacha saqlangan. U shaharsozlik faoliyati bilan mashhur edi: uning hukmronligi katta Buxoro minorasi qurilishi va Poykendni tiklashga urinishlaridan boshlangan.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- Kochnev B.D., Numizmaticheskaya istoriya Karakhanidskogo kaganata (991 — 1209 gg.). Moskva „Sofiya“, 2006.