Kontent qismiga oʻtish

Hey Jude

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
„Hey Jude“
The Beatles qoʻshigʻi
B tomon „Revolution“
Chiqarilgan sanasi 26-avgust 1968-yil
Yozib olingan 31-iyul va 1-avgust 1968-yil
Studiya Trident, London
Janr Pop rok
Davomiyligi 7:11
Leybl Apple
Matn muallif(lar)i Lennon–McCartney
Prodyuser(lar) George Martin
The Beatles singllari xronologiyasi
„Lady Madonna“
(1968)
Hey Jude
(1968)
„Get Back“
(1969)
Promotional film
„Hey Jude“ YouTubeda

Hey Jude“ (tarjimasi „Hoy, Jude“) — „The Beatles“ ingliz guruhi ijro etgan qoʻshiq. 1968-yilning avgustida albomga kiritilmagan singl oʻlaroq chiqarilgan. Qoʻshiq muallifi oʻlaroq Lennon–McCartney koʻrsatilgan boʻlsa-da, uni Paul McCartney yozgan. Tarona „The Beatles“ guruhi asos solgan „Apple“ leyblida eʼlon qilingan ilk relizdir. „Hey Jude“ bir necha davlat xit-paradida birinchi pogʻonagacha koʻtarilgan va Buyuk Britaniya, AQSh, Avstraliya va Kanadada yilning eng koʻp sotilgan singliga aylangan. Qoʻshiq „Billboard Hot 100“ xit-paradida toʻqqiz hafta davomida birinchi pogʻonadan tushmagan. 1968-yilda tarona AQSh xit-paradlarida eng uzoq muddat birinchi pogʻonani egallab turgan qoʻshiq oʻlaroq rekord oʻrnatgan. Bu rekord toʻqqiz yil davomida yangilanmagan. „Hey Jude“ bugunga qadar taqriban 8 million adadda sotilgan va tez-tez musiqa taqrizchilari tuzgan tarixdagi eng yaxshi qoʻshiqlar roʻyxatlariga kiritiladi.

„Hey Jude“ qoʻshigʻini yaratish va yozib olish jarayoni „The Beatles“ guruhida ziddiyatlar yuzaga kelgan bir paytga toʻgʻri kelgan. Sentimental ballada oʻlaroq tavsiflanadigan qoʻshiqni dastlab McCartney „Hey Jules“ nomi bilan John Lennonning oʻgʻli Julian Lennonni yupatish uchun yozgan. Oʻsha paytda Lennon ayolini va oʻgʻlini tashlab, yapon sanʼatkori Yoko Ono bilan yashay boshlagan boʻlgan. Qoʻshiq soʻzi salbiy vaziyatda ham ijobiy fikrlashga chorlaydi va „Jude“ obrazini mehr-muhabbat topish uchun izlanishda davom etisha undaydi. Toʻrtinchi banddan keyin qoʻshiqning „Na-na-na-na“ soʻzlari kuylangan kodasi boshlanadi. Koda toʻrt daqiqadan oshiq vaqt davomida yangraydi.

„Hey Jude“ guruhning sakkiz yoʻlakli yozuv apparaturasida yozib olingan ilk qoʻshigʻidir. Tarona London markazidagi „Trident Studios“ studiyasida, „The Beatles“ („Oq albom“ deb ham nomlanadi) albomini yaratish jarayonining oʻrtasida yozib olingan. Qoʻshiqning gitara partiyasi borasida McCartney va George Harrison tortishib qolgan. Ringo Starr keyinroq guruhni tark etgan, ammo „Hey Jude“ singli uchun promo film yozib olinishidan oldin qaytgan. Klipga Michael Lindsay-Hogg rejissyorlik qilgan. Video dastlab Buyuk Britaniyada David Frostning teleshousi davomida namoyish qilingan. Guruh qiyinchiliklarga duchor boʻlgan bir paytda promo film eʼlon qilingani yaxshi kutib olingan, chunki unda qoʻshiq markazida yotuvchi optimizm va birdamlik ruhi tasvirlangan. Promo filmda qoʻshiq aʼzolari kodani ijro etar ekan, tomoshabinlar ularga joʻr boʻladi.

Yetti daqiqadan oshiq vaqtga choʻziluvchi qoʻshiq oʻsha paytda „The Beatles“ chiqargan eng uzun singl boʻlgan[1]. Qoʻshiq aranjirovkasi va uzun kodasi 1970-yillarda koʻplab asarlarda taqlid qilingan. 2013-yil „Billboard“ jurnalining xit-paradlarda eng yaxshi natija koʻrsatgan 10 qoʻshiq kiritilgan roʻyxatida „Hey Jude“ qoʻshigʻi 10-oʻrinni egallagan[2]. McCartney 1980-yilda Lennon qotilligidan beri muntazam ijro etib keladi. Odatda kodani tomoshabinlar joʻr boʻlib kuylashadi. Julian Lennon va McCartney qoʻshiq yaratilishi bilan bogʻliq jismlarni kimoshdi savdolarida xarid qilgan.

  1. Lowry 2002, s. 44.
  2. Bronson, Fred (2-avgust 2012-yil). „Hot 100 55th Anniversary: The All-Time Top 100 Songs“. Billboard. 10-iyul 2017-yilda asl nusxadan arxivlandi. Qaraldi: 9-avgust 2013-yil.{{cite magazine}}: CS1 maint: date format ()