Doʻst orttirish va odamlarga taʼsir koʻrsatish toʻgʻrisida
Asl nomi | How to Win Friends and Influence People |
---|---|
Muallif(lar) | Dale Carnegie |
Tarjimon(lar) | Fatxulla Namozov |
Til | inglizcha |
Janr(lar)i | Ommabop psixologiya |
Nashr etilgan sanasi | 1936 |
Nashriyot | „Yangi asr avlodi“ |
Oʻzbek tilida nashr etilgan sanasi | 2014 |
Sahifalar soni | 268 |
ISBN | ISBN 978-9943-27-375-7 |
„Doʻst orttirish va odamlarga taʼsir koʻrsatish toʻgʻrisida“ (inglizcha: How to Win Friends and Influence People) — amerikalik psixolog Dale Carnegie qalamiga mansub kitob. Ilk bor 1936-yil Simon and Schuster nashriyoti tomonidan chop etilgan. Kishilarga mustaqil ravishda oʻsishda koʻmaklashishni koʻzlovchi ushbu asar oʻz-oʻziga yordam berish (inglizcha: self-help) janridagi eng mashhur kitobdir.
Asar sotuvga chiqishi bilanoq katta muvaffaqiyat qozongan. Nashr qilingan birinchi yilidayoq kichik oʻzgartirishlar kiritilib, 17 marta qayta nashr qilingan. Shu kungacha kitobning 30 milliondan oshiq nusxasi sotilgan. „Doʻst orttirish va odamlarga taʼsir koʻrsatish toʻgʻrisida“ 2011-yil Time jurnlali tuzgan eng katta taʼsirga ega 100 kitob roʻyxatida 19-oʻrinni egalladi[1].
Simon & Schuster nashriyoti xodimi Leon Shimkin 1934-yil Carnegiening 14 hafta davom etuvchi kurslaridan birida qatnashgan. Shimkin Carnegieni kurs materiallarini kitob oʻlaroq chop etish maqsadida ularni stenografist yozib olishiga ruxsat berishga koʻndirgan. Kitobning dastlabki nusxasida rang-barang misollar hamda chuqur maʼnoli masallar koʻp boʻlgan. Kitobda odamlar bilan muomala qilish, doʻst orttirish, boshqalarni oʻzidek fikrlashga undash, buyuk yetakchi boʻlish hamda oilaviy farovonlikka erishish sirlari berilgan. Muallif qadimiy haqiqatlar hamda endigina shakllanayotgan psixologiya faniga tayangan holda, odamlar oʻrtasidagi munosabatlar haqida ham qiziqlarli, ham ommabop kitob yozgan. Asarda boshqalarning egoistik moyilliklaridan kishi oʻz foydasi uchun qanday foydalanishi mumkinligiga urgʻu beriladi. Carnegie joziba, boshqalarni qadrlash hamda oʻzgachalik yordamida muvaffaqiyatga erishish mumkinligi haqidagi gʻoyani ilgari surgan.
1981-yil kitobdagi ayrim jumlalar oʻzgaritirilgan hamda yangi misollar keltirilgan ikkinchi nashri chop etilgan[2]. Yangi nashrda boʻlimlar soni oltitadan toʻrttaga kamaytirilgan. Buning uchun muvaffaqiyatli biznes maktublari hamda oilaviy baxt haqidagi boʻlimlar olib tashlangan. 2011-yil kitobning uchinchi nashri dunyo yuzini koʻrdi. Mazkur nashr „Raqamli asrda doʻst orttirish va odamlarga taʼsir koʻrsatish toʻgʻrisida“ (inglizcha: How to Win Friends and Influence People in the Digital Age) deb nomlanadi. Ushbu nashrda Carnegiening boshqalar bilan munosabatlarda hamda biznes sohasida muvaffaqiyat qozonish boʻyicha qarashlari raqamli davr talablari kontekstiga moslashtirilgan.
„Doʻst orttirish va odamlarga taʼsir koʻrsatish toʻgʻrisida“ oʻnlab tilga, jumladan, oʻzbek tiliga ham tarjima qilingan. Asarni oʻzbek tiliga rus tilidan Fatxulla Namozov oʻgirgan. Oʻzbek tilidagi tarjima varianti Toshkent shahrida „Yangi asr avlodi“ nashriyoti tomonidan chop etilgan. Yana „Oʻz-oʻziga ishonch hosil qilish va omma oldida soʻzlash sanʼati“ (inglizcha: How to Develop Self-Confidence and Influence People by Public Speaking) va „Bezovtalikni tark etish va yangi hayot boshlash sirlari“ (inglizcha: How to Stop Worrying and Start Living) kitoblari bilan birgalikda „Muvaffaqiyat kaliti“ nomi bilan toʻplam oʻlaroq chop etilgan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Raqamli asrda orttirish va odamlarga taʼsir koʻrsatish toʻgʻrisida“ (inglizcha). Dalecarnegie.com (2011-yil 4-oktyabr). 2016-yil 13-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2017-yil 16-yanvar. (Wayback Machine saytida 2016-03-13 sanasida arxivlangan)
- ↑ Walters, Ray. „Yumshoq jildli kitoblar haqida suhbat“ (inglizcha). The New York Times (1982-yil 5-sentyabr). Qaraldi: 2017-yil 16-yanvar.
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- „Muvaffaqiyat kaliti“ toʻplami Oʻzkitob saytida (Wayback Machine saytida 2016-04-25 sanasida arxivlangan)