Kontent qismiga oʻtish

Dilmurod Quronov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Dilmurod Quronov
Tavalludi 27-oktyabr 1960-yil (1960-10-27) (64 yosh)
Andijon
Fuqaroligi Oʻzbekiston
Sohasi Adabiyotshunos, muharrir
Ilmiy darajasi Professor
Mashhur ishlari
  • Choʻlponning „Kecha va kunduz“ romanida xarakterlar psixologizmi
  • Choʻlpon poetikasi (nasriy asarlari asosida)
  • Choʻlpon nasri poetikasi
  • Adabiyotshunoslikka kirish
  • Gʻarb adabiy tanqidiy tafakkuri tarixi ocherklari
  • Adabiyotshunoslik lugʻati
  • Adabiyot nazariyasi asoslari (darslik)
  • 8 jildlik „Jaddidlar“ toʻplamidagi „Abdulhamid Choʻlpon“ kitobi muallifi
Veb-sayt https://quronov.uz/

Dilmurod Quronov — Oʻzbek adabiyotshunosligi kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori[1]. 1960-yilda Oʻsh viloyatida tugʻilgan. 1987-yilda Andijon Davlat tillar pedagogika institutini „Rus tili va adabiyoti, ona tili va adabiyoti oʻqituvchisi“ ixtisosi boʻyicha imtiyozli tamomlagan[2].

Ilmiy faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Olim adabiyotshunoslikning dolzarb muammolariga bagʻishlangan ilmiy izlanishlari natijalariga koʻra Oʻzbekiston Milliy universitetida 1993-yili "Choʻlponning „Kecha va kunduz“ romanida xarakterlar psixologizmi" mavzusida nomzodlik va 1998-yili „Choʻlpon poetikasi (nasriy asarlari asosida)“ mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1995-yilda dotsent, 2012-yilda professor unvonini olgan. Dilmurod Quronov ilmiy faoliyati davomida 3 ta monografiya, 2 ta darslik, 1 ta adabiyotshunoslikka oid lugʻat, 3 ta oʻquv qoʻllanma chop ettirgan. 3 ta amaliy loyihaga ilmiy rahbarlik qilgan. Respublika matbuotida 100 dan ziyod ilmiy maqola eʼlon qilgan.

Dilmurod Quronovning oʻzbek adabiyotshunosligining dolzarb masalalariga bagʻishlangan „Ruhiy dunyo tahlili“, „Choʻlpon: hayoti va ijodiy merosi“, „Istiqlol dardi. Choʻlponning ijtimoiy-siyosiy qarashlari tadriji“, „Choʻlpon nasri poyetikasi“, „Adabiyotshunoslikka kirish“, „Gʻarb adabiy tanqidiy tafakkuri tarixi ocherklari“, „Adabiyotshunoslik lugʻati“, "Adabiy jarayonda „Mom sindromi“, „Mutolaa va idrok mashqlari“, „Zavqimdan bir shingil“, „Talqin imkonlari“, „Adabiy oʻylar“, „Nazariy qaydlar“, „Adabiyot va b. haqida“ nomli kitoblari chop etilgan. 2018-yilda „Adabiyot nazariyasi asoslari“ nomli darsligi chop etilgan, mazkur darslik Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan oliy oʻquv yurtlari filologiya fakultetlarida foydalanish uchun tavsiya etilgan. Shuningdek, Dilmurod Quronov tarjimasidagi Ezop masallari alohida kitob holida uch marta qayta chop etilgan.

Olim Choʻlpon asarlarini nashrga tayyorlab chop etish ishlarida ham faol qatnashgan. Jumladan, 1994-yilda Choʻlpon 3 jildlik asarlari toʻplamining 2-jildini nashrga tayyorlagan, uni izohlar bilan taʼminlagan. Shu yili „Adabiyot nadir?“ toʻplamini nashrga tayyorlashda qatnashgan. 1997-yilda Andijon viloyati Choʻlpon jamgʻarmasi tashkil qilinganidan buyon jamgʻarmaning bosh mutaxassisi vazifasida faoliyat koʻrsatib kelmoqda. 2016-yilda 4 jildlik Choʻlpon asarlari toʻplamini nashrga tayyorlash va chop ettirish boʻyicha guruhga rahbarlik qilgan hamda ushbu jildlikning 2-jildini nashrga tayyorlab, izohlar bilan taʼminlagan. Shuningdek, 2022-yilda Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan nashr etilgan 8 jildlik „Jadidlar“ toʻplamidagi „Abdulhamid Choʻlpon“ kitobi muallifi[3].

Dilmurod Quronov tashabbusi bilan 2009-yil „Ilmiy xabarnoma“ jurnali tashkil qilingan. Olim mazkur jurnalning bosh muharriri lavozimida ishlaydi[2].

  1. „NUKTADON OLIM, SERQIRRA IJODKOR DILMUROD QURONOV 60 YOSHDA!“ (2020-yil 27-oktyabr). 2022-yil 30-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 1-dekabr.
  2. 2,0 2,1 „Dilmurod Quronov (1960)“ (2021-yil 28-mart). 2022-yil 30-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 1-dekabr.
  3. „Turma – yugur, Tinma – tirish, Bukilma – yuksal... Jadidlarning g‘oyalari tirilmoqda, tarqalmoqda“ (2022-yil 19-iyul). 2022-yil 30-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 1-dekabr.