Kontent qismiga oʻtish

Deggaron masjidi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Masjid
Deggaron masjidi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Karmana
Meʼmoriy uslub Markaziy Osiyo meʼmorchiligi
Asosiy sana:
XI asr
Maqomi Faoliyat ko'rsatmoqda
Qurilish materiali Pishiq g'isht

Deggaron masjidi — Navoiy viloyati Karmana tumani gʻarbida Hazora qishlogʻidagi meʼmoriy yodgorlik. 89-asrlarda qurilgan bino oʻrniga 11-asrda masjid bunyod etilgan. Keyinchalik degrez (choʻyangar) ustalarning mahalla guzarida joylashgani uchun Deggaron masjidi deb nomlangan. Inshoot Zarafshon daryosining chap qirgʻogʻida, endilikda vayronaga aylangan, lekin avvallari yaxshi mustahkamlangan himoyalangan qishloq hududida barpo etilgan. Keyinchalik Deggaron qishlogʻi masjiddan sal nariroqdagi hududga siljigan[1].

Tashki koʻrinishi kub shaklida, usti gumbazlar bilan yopilgan, xona ichida pishiq gʻishtdan 4 gula (ustun) ishlangan. Qolgan devori xom gʻishtdan tiklanib, yuzasi pishiq gʻisht bilan qoplangan. 4 rukn-ustun (diametri 128 sm) xonaqoh ichini devorsiz 9 qismga ajratgan, markaziy qismi nisbatan yirikroq gumbaz bilan yopilgan, boshqa qismlarga — bir tomonidan devorga, qarshi tomonidan ustunga tayantirib yana 8 ta kichik gumbaz ishlangan. 20-asrda masjidning jan. va sharqida xonaqohga taqab sinchkor ayvon qurilgan, jan. ayvon bir qator ustunli, sharqiysi (jan. ayvonga nisbatan ikki hissa keng) ikki qator ustunli. Ayvon ustunida binoning 1910-yilda qayta qurilgani qayd etilgan. Keyinchalik ayvonlari vayron boʻlgan. Deggaron masjidi islomiyat davrining Oʻrta Osiyoda saqlanib qolgan qad. sajdagohi sifatida meʼmoriy oʻziga xosligi va sodda salobati bilan diqqatga sazovor.

Masjid haqida tarixchilar va arxeologlar turli xil fikr bildiradilar. Rus arxeologi Vasiliy Shishkin Deggaron masjidi VIII—IX asrlarda avvaldan maxsus tayyorlab qoʻyilgan pishiq gʻishtdan barpo etilgan degan maʼlumot beradi. Shishkinning qoʻshimcha qilishicha, masjid Ermitaj hamda Oʻzkomtaris ekspeditsiyasi vakillari tomonidan 1934-yilning may oyida ochilgan[2]. Keyinchalik arxeolog Aleksandr Yakubovskiy 1939-yilda Deggaron masjidi tarixini oʻrganishga kirishgan. A.Yakubovskiy maʼlumotlariga koʻra, Deggaron masjidi Buxoroda joylashgan Ismoil Somoniy maqbarasidan ham qadimiyroqdir. Adabiyotshunos olim Natan Mallayev Deggaron masjidi XI asrda barpo etilgan deb maʼlumot bergan[3]. Uning aytishicha Qoraxoniylar va Xorazmshohlar hukmronligi davrlarida bir qancha binolar qurilgan va ularning baʼzilari saqlanib qolgan. Ulardan biri Hazora qishlogʻida joylashgan XI asrda barpo etilgan Deggaron masjididir[4]. Tarixiy obida zardushtiylik dini anʼanalari boʻyicha qurilgan.

Deggaron masjidi sovetlar hukmronligi yillarida taʼmirtalab ahvolga kelib qolgan edi. 1975-yilda masjidni taʼmirlash ishlari olib borilgan. Rekonstruksiya ishlarida hazoralik ustalar ishtirok etgan. Ular masjidning old qismiga peshayvon oʻrnatib, uning asl koʻrinishiga olib kelishga harakat qilganlar. Keyinchalik masjid ichida muzey tashkil qilingan. Mezeyga qadimiy jihozlar va ashyolardan iborat eksponatlar qoʻyilgan. Deggaron masjidining qurilishi bu davrda Hazora hududida hunarmandchilik, savdo ishlari rivojlanganligi bilan bogʻliqdir.

  1. I. Sulaymonov. Navoiy. Toshkent Ma'naviyat 2012 — 42-bet. ISBN 978-9943-04-197-4. 
  2. Василий Шишкин. Архитектурные памятники Бухары. Изд-во Ком. наук УзССР, Ташкент 1936 — 32-bet. 
  3. A.Qandaharov. Buxoro xonligida Karmananing tutgan o'rni (XVI asr). Toshkent 2016 — 50-bet. ISBN 978-9943-4648-9-6. 
  4. O.Hayitova, X.Qurbonov. Karmana tarixi. Toshkent "Mashhur-press" 2018 — 151-bet. ISBN 978-9943-51-63-5-9. 
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil