Darvishali Changiy
Darvishali Changiy | |
---|---|
Tavalludi |
XVI asr |
Vafoti |
XII asrning 20-yillari Buxoro |
Kasbi | Musiqashunos, bastakor, sozanda, hofiz, shoir |
Otasi | Mirza Ali Changi |
Darvishali Changiy (forscha: درویش علی چنگی; toʻliq ismi: Darvish Aliyi Changiy al-Xoqoniy ibn Mirzo Ali Changiy ibn Abdulali Qonuniy ibn Xoʻja Abdullo Muhammad Marvarid; XVI asr, Hirot – XII asrning 20-yillari, Buxoro) – musiqashunos, bastakor, sozanda, hofiz va shoir.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Darvishali Changiy XVI asrda Hirotda tugʻilgan. Yoshligidan musiqaga qiziqib, Xojagiy Jaʼfar Qonuniy, Ali Doʻst Noyi, Amir Masti Qobuziy, Xasan Kavkabiylardan taʼlim olgan. Movarounnahr va Xuroson madaniy markazlari (Buxoro, Balx, Andijon, Kesh, Samarqand kabi shaharlar)da yashab ijod qilgan. Sheʼrlarini Changiy taxallusi bilan yozgan. Bir qancha qasida, gʻazal, ruboiylari va „Risolai musikiy“ asarlari bizgacha yetib kelgan. „Risolai musiqiy“ning 1-nusxasi, 1572; 2-nusxasi „Tuhfatus-surur“ („Shodlik armugʻoni“) nomi bilan ham mashhur, taxminan 1611, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi, inv. №№ 449, 468. Mazkur risola 16–17-asrlar musiqa madaniyatining asosiy manbai sifatida katta ilmiy ahamiyatga ega. Fors tilidagi 12 bobdan iborat bu qoʻlyozma Jomiy va Kavkabiy risolalari hamda Husayn Oxun, Imom Kuliy Udiy, Zaytun Gʻijjakiy kabi musiqa ustodlarining asarlaridan toʻplangan maʼlumotlar asosida yozilgan. Muallif Amir Xusrav Dehlaviyning musiqiy qarashlarini ham oʻz asariga kiritgan. Unda 16–17-asrlardagi musiqa hayoti, bastakorlik sanʼati, musiqa sozlari, musiqiy-nazariy (Oʻn ikki maqom, iyqoʼ va boshqalar) va ijrochilik masalalari oʻzining ifodasini topgan. Risolaning tarixiy boblari adabiy tazkiralar uslubida yozilib, Movarounnahr va Xuroson musiqa arboblarining tarjimai holi, afsonaviy va tarixiy shaxslar (podshoh Bahrom va Dilorom Changiydan boshlab, Firdavsiy, Rudakiy, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, sulton Husayn Boyqaro va oʻzining hamasrlari)ga bagʻishlangan. Darvishali Changiy ulugʻ bastakor sifatida naqsh, amal, savt, peshrav shaklidagi kuylar yaratgan.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- Semyonov A. A., Sredneaziatskiy traktat po muzike Dervisha Ali (XVII v.), T., 1946.
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |