Kontent qismiga oʻtish

Chishtiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Chishtiya - soʻfiylik tariqatlaridan biri. 12-asrda Sharqiy Xurosonda shakllanib, 12-13-asrda Hindistonda uzil-kesil rasmiy tus olgan. Oʻrta asrda Chishtiya suxravardiylik bilan birga Hindistonda eng ommaviy va keng tarqalgan tariqatlardan hisoblangan. Chishtiya asoschisi Xoʻja Abu Ishoq ash-Shomiy (1097 yilda vafot etgan) boʻlib, Iroqdan Chisht qishlogʻiga (Hirot yaqinida) koʻchib kelgan (tariqatning nomi shundan) va u yerda xonaqoh qurgan. Uning 9-(yoki 8-) vorisi shayx Muʻiniddin Hasan Sijzi Chishtiy (1142-1236) Chishtiyani Hindistonga tarqatdi. Chishtiya shayxlari oʻz silsilalarini Ibrohim Adham va Hasan al-Basriy orqali Ali ibn Abu Tolibga bogʻlaydi. Chishtiya tariqati Nizomiddin Avliyo (1325 yilda Dehlida vafot etgan) davrida oʻzining yuksak choʻqqisiga yetib, soʻfiylik Shimimoliy Hindistonda ommaviy tus olgan hamda janub va sharq tomon keng yoyilgan. U Chishtiya tarmogi -Nizomiyaga asos solgan. Chishtiya taʻlimotining asosini vahdati vujud gʻoyasi tashkil etgan. Chishtiya vakillari hokim-amaldorlar bilan har qanday aloqa bogʻlashni inkor qilgan. Allohga tavakkul qilib, oʻz mehnati bilan tirikchilik oʻtkazishni targʻib etgan. Soʻfiy och kishining qornini toʻygazish, mazlumlar iltimosini albatta bajarish, kambagʻal-qashshoqlarga baholi qudrat koʻmak berish yoʻli bilan Alloh marhamatiga sazovor boʻlishga intilishi shart, deb hisoblangan. Shuningdek, muridlarga pulga mukkasidan ketish, gadoychilik bilan shugʻullanish, aroq ichish, giyohvandlik qilish, tamaki chekish taqiqlangan. Chishtiya yoʻli shariat, tariqat, haqiqat kabi 3 bosqichdan iborat boʻlib, muridlik davri 1000 kun davom etgan. Zikr bilan birga 40 kun roʻza tutish rasm boʻlgan. Chishtiya tariqati aʻzosi kigazdan qilingan choʻqqi kuloh kiyishi bilan boshqalardan ajralib turgan.