Kontent qismiga oʻtish

Burhonuddin Nafis ibn Evaz Kirmoniy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Burhonuddin Nafis ibn Evaz Kirmoniy
Shaxsiy maʼlumotlar
Dini Islom
Tanilgan sohasi tabib

Andoza:Wikidata image

Burhonuddin Nafis ibn Evaz Kirmoniy (vaf.taxm. 1438-48 yillar.)) — tabib.

Mirzo Ulugʻbek davrida Samarqandga xorijiy Sharq mamlakatlaridan bir qancha olimlar kelib, mahalliy hamkasb doʻstlari bilan hamkorlik qilganlar. Tabobat ilmining namoyandalaridan biri Burhonuddin Nafis ibn Evaz Hakim Kirmoniy boʻlib, u Eronning Kirmon shahrida tugʻilgan. Tugʻilgan sanasi haqida manbalarda maʼlumotlar topilmadi. 841/1438-yildan keyin[1], baʼzi manbalarda 852/1448-yil vafot etgani keltirilgan. Kirmon shahriga nisbat berilib Kirmoniy deyilgan. Alloma dastlabki taʼlimini Kirmonda olgan, keyin Samarqandga koʻchib kelib ilmini rivojlantirgan. Tabib oilasidan yetishib chiqqan Burhonuddin Samarqandda ham tabiblik kasbini davom ettirgan. U kasallarni bevosita davolash bilan bir qatorda oʻzi ham Ibn Sino (980-1037) va Najibuddin Samarqandiy (vaf. 1222 y.) singari tabiblarning yozib qoldirgan asarlarini oʻqiydi, oʻrganadi hamda oʻz bilimini shu kitoblarni mutolaa qilish bilan boyitadi. Alloma bu bilan chegaralanib qolmay, mashhur oʻzbek tabibi Najibuddin SamarqandiyningAl-asbob va-l-alomot“ („Kasallik sabablari va alomatlari“) nomli asariga „Sharhu-l-asbob va-l-alomot“ („Kasallik sabablari va alomatlari sharhi“) nomi bilan sharh yozgan. Samarqandda tugatilgan bu sharhni Burhonuddin 827/1424 yili Mirzo Ulugʻbekka taqdim etgan[2]. Asarning bir qoʻlyozma nusxasi OʻzR FA Sharqshunoslik institutida (inv. № 2872), yana boshqa qoʻlyozma nusxalari dunyo kutubxonalarida, 35 dan ortigʻi esa Turkiyadagi kutubxonalarda saqlanayotgani maʼlum. Asar 1836-yil Kalkuttada, 1879-yil Lakhnavda, 1905-yil Hindistonda ikkinchi jildi toshbosmada nashr etilgan. Najibuddin Samarqandiyning mazkur asari biz­gacha yetib kelganligi maʼlum emas. Ammo Burhonuddinning ana shu sharhi tufayligina „Al-asbob va-l-alomot“ nomli asar yozilganligi maʼlum. Bu jihatdan ham sharhning ahamiyati yuqoridir. Allomaning yana bir bizgacha yetib kelgan va Beruniy nomidagi sharqshunoslik institutida saqlanayotgan (inv. № 3320, 7636) qoʻlyozma asari „Sharhu-l-muʼjaz“ („Qisqartmaning sharhi“) Sharq tabobati tarixini, ayniqsa, Ibn Sinoning oʻzi­dan keyingi tabiblarga koʻrsatgan taʼsirini oʻrganishda katta il­miy ahamiyatga ega. Asarning yana oʻn uchta qoʻlyozmasi Damashq, Halab, Bayrut, Bagʻdod, Mosul, Tehron, Dublin, Barnston, Leyden va London kabi shaharlarning kutubxonalarida saqlanmoqda[3]. Burhonuddinning bu asari Alouddin Ali Abulhazm Qarshiy (vaf. 696/1296 y.) tomonidan Ibn Sino „Tib qonunlari“ asarining qisqartmasi — „Muʼjazu-l-qonunasariga arab tilida yozilgan sharh boʻlib, u toʻrt qismdan iborat. Birinchi qismi nazariy va amaliy ta­bobat haqida. Ikkinchi qismi oddiy va murakkab dorilar haqida. Uchinchi qismi badan aʼzolarining ayrim kasalliklarini aniqlash va davolash haqida. Toʻrtinchi qismi badan aʼzolarining barchasiga umumiy boʻlgan kasalliklarni aniqlash va ularni davolash haqida. Burhonuddinning oʻz oldiga qoʻygan vazifasi „Muʼjazu-l-qonun“dagi uncha tushunarli boʻlmagan oʻrinlarni izohlash va sharhlashdan iborat boʻlgan. Shuning uchun ham u asarni sharhlashdan oldin Ibn Sinoning „Tib qonunlari“ va boshqa bir qancha eʼtiborli tibbiy asarlarni oʻrganib chiqqan. Hoji Xalifaning yozishicha, „Muʼjazu-l-qonun“ sharhlarining orasida mukammali ana shu Burhonuddin tarafidan yozilgan sharhdir[4]. Alloma, Ibn Sino „Tib qonunlari“ qisqartma­si­ga yozgan bu sharhini Mirzo Ulugʻbek huzurida — Samarqandda tugatgan va 841/1438 yili may oyida Mirzo Ulugʻbekka topshirgan. Lakhnav (1855 va 1895 yillari), Tehron (1855 va 1886 yillari) kabi shaharlarda toshbosmada nashr ettirilgan. AllomaningSharh kulliyot qonun ibn Sino“ („Ibn Sino qonuni kulliyotiga sharh“) asari Ibn Sinoning tib qonunlari haqidagi asariga sharhdir. Asarning bir qoʻlyozma nusxasi Vashingtondagi tibbiyot kutubxonasida saqlan­moq­da. „Sharhu-l-amrozi-l-juzʼiya“ („Juzʼiy (mayda) kasalliklar sharhi“) asari ham tibbiyotga oid boʻlib, ikki qoʻlyozma nusxasi DamashqdagiAz-Zohiriyakutubxonasida saqlanmoqda. Bu isteʼdodli olim ijodini chuqur oʻrganish, sharq tabobati tarixini yoritish bilan bir qatorda Temuriylarning, ayniqsa, Mirzo Ulugʻbekning Sharq mamlakatlari bilan qanday madaniy-maʼnaviy va iqtisodiy aloqada boʻlganligini bilishda ham katta ilmiy ahamiyatga ega.


  1. Ҳожи Халифа. Кашфу-з-зунун. Ж. 2. – Байрут: Дору-л-фикр. –Б. 1899; Зириклий. Ал-аълом. Ж. 8. – Байрут: Дору-л-илм ли-л-малайин, 2002. – Б.44; Умар Ризо Каҳҳола. Муъжаму-л-муаллифийн. Ж. 13. – Байрут: Дор иҳёи-т-туроси-л-арабий. 2009. – Б. 114; Истанбулнинг “Ҳамидия” кутубхонасида сақланаётган “Фиҳрис”.
  2. Ҳожи Халифа. Кашфу-з-зунун. Ж. 1. – Байрут: Дору-л-фикр. – Б. 77.
  3. Iskandar A.Z. A Descriptive List of Arabeic Manuscripts on Medicine and Science of the University of Califonia Los Angeles.
  4. Ҳожи Халифа. Кашфу-з-зунун. Ж. 1. – Байрут. Дору-л-фикр. – Б. 77.