Kontent qismiga oʻtish

Burhoniddin Termiziy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Burhoniddin Termiziy
Shaxsiy maʼlumotlar
Dini Islom
Tanilgan sohasi Mutasavvif

Andoza:Wikidata image

Burhoniddin Termiziy (arabcha: برهوني الدين ترميزي — Burhoniddin Termiziy — Toʻliq ismi: Sayyid Burhoniddin Muhaqqiq Termiziy (1165 taxmina 639/1241-yil)) — Mutasavvif.

Burhoniddin Termiziy Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida 561/1165-yilda tavallud topgan va “Husayniy” sayyidlaridan biri bo‘lgan. Bu haqda Alisher Navoiy shunday deb yozadi:

“Husayniy sayyiddur va Tirmizdin erdi va Shayx Bahouddin Valad (q.s.)ning ashobi va muridlaridindur...”.

Nasl-nasabi Muhammad (a.s.) naslidan kelganligi va nevarasi Husayn (r.a.)ga borib yetgani uchun Sayyid, haqiqatni izlab tadqiq qilganligi uchun “Muhaqqiq”, Alloh taoloning izni bilan insonlarning qalblaridan kechgan sirlarni kashf etish bilan bilganligi va hol sohibi bo‘lganligi uchun “Sayyidi sirdon” laqablari berilgan. Termizda tugʻulib, tahsil olganligi uchun esa Termiziy nisbasini olgan. Ilm va madaniyat markazida dunyoga kelgan Burhoniddin Termiziy ilk tahsilini otasidan oladi. Burhoniddin Termiziy tasavvufiy yetuklik yo‘lida Mavlono Jaloliddin Rumiy (vafoti 672/1273-yil)ning otasi Bahouddin Valad (vafoti 628/1231-yil)dan dars olish uchun otasidan izn olib 605/1208-yil Balxga ketadi. Bahouddin Valad, XII-XIII asrning mashhur olimlaridan biri bo‘lgan Shayx Najmiddin Kubroning (vafoti 618/1221-yil)ning shogirdi boʻlib, Balxda “Sultonu-l-ulamo” degan nom bilan tanilgan. Shunday qilib, Bahouddin Valadning huzurida ilm va tarbiya o‘rgana boshlaydi. Burhoniddin Termiziy Bahouddin Valadga shogirdlikka tushganidan keyin, riyozat yo‘liga kirib, ikki kunda bir marta arpa uni yeb, yillar mobaynida sahro, tog‘larda yurib ma’naviy yetuklikka erishadi.

Balxda 40 kun boʻlib Termizga qaytadi. Termizda bir yil yurib, yana Balxga borib, u yerda ikki-uch yil qoladi. Burhoniddin Termiziy bu vaqt davomida butun ilmlarni o‘rganib, ma’naviy yuksak darajaga erishdi. Ustozining xohishi bilan Mavlono Jaloliddin Rumiyga ustozlik qilib, uning har bir ta’lim-tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘ladi. Sayyid Burhoniddin Termiziy 12 yil davomida ustozi Bahouudin Valadning xizmatida boʻlib, u kishidan ilm va irfon o‘rganib, zohiriy va botiniy ilmlardan dars oladi, ustozidan ijozat olib riyozatga chekinadi. Burhoniddin Termiziy ustozi Bahouddin Valadning Balxdan Konyaga ketganidan so‘ng, 616/1219-yili o‘zining yurti Termizga qaytib keladi. Ustozi (18 robiu’ul oxir 628/1231-yil) Konyada vafot etganida, Burhoniddin Termiziy Termizda edi. Ustozining vafotini eshitib: “Afsus, afsus, shayxim bu tuproq olamidan toza (mangu) olamga ko‘chdi”, deb orqasidan uzoq vaqt yig‘lagan.

Mavlono Jaloliddin Rumiyning o‘g‘li Sulton Valadning (vafoti 712/1312-yil) yozishicha, Burhoniddin Termiziy Termiz ulug‘laridan biri bo‘lmish Bahouddin Valadning Konyada vafot etganini bildirganligi sababli, Onado‘liga ketishga qaror qilgan. Shayxining vafotdan so‘ngra, biroz muddat o‘tadi. Burhoniddin Termiziy bir kecha tushida marhum ustozi Bahouddin Valadning unga xafa boʻlib qaraganini va kichkinaligidan tarbiyasiga olgan Mavlononi yolg‘iz qoldirganligi u-ngina qilganligini ko‘rdi. Bu ko‘rgan tushini ogohlantirish deb bilib, 629/1232-yilda Konyaga keladi.

Burhoniddin Termiziy Konyaga kelganida bir necha oy Sanjari masjidida qoladi. Mavlono Jaloliddin Rumiy, Laren (Karaman)da edi. Burhoniddin Termiziy ikki darvesh bilan bir maktub yuborib, uni Konyaga chaqiradi. Mavlono Jaloliddin bu taklifdan sevinib, otasi tarbiyalagan komil inson Burhoniddin Termiziyning huzuriga Konyaga keladi. Mavlono Jaloliddin, Burhoniddin Termiziyning ziyoratiga birinchi marta borganida, turli ilm sohalaridan imtihon qilinadi. U vaqtda o‘ttiz yoshlar atrofida bo‘lgan Jaloliddin, so‘ralgan savollarga chiroyli shaklda javob berganida, uning bu vaziyatidan ta’sirlangan Burhoniddin Termiziy unga hurmat ko‘rsatadi. Sayyid Burhoniddin Termiziy unga hol ilmidan xabardor bo‘lganligi, uning ham otasi kabi hol ilmini o‘rganishi kerakligini aytadi. Mavlono Jalolliddin to‘qqiz yil davomida dars oladi. Bu vaqt ichida Burhoniddin Termiziy unga ustozi “Sultonu-l-ulamo” Bahouddin Valadning “Ma’orif” nomli asarini ko‘p marta o‘qitadi.

Burhoniddin Termiziy Mavlono Jalolliddin Rumiyga tahsil vazifasini o‘z nihoyasiga yetkazadi. Qaysariyyaga borib, u yerda yashash niyati bilan Mavlono Jaloliddin Rumiyga ketmoqchi ekanligi aytadi. Mavlono Jaloliddin Rumiy u kishiga bo‘lgan sevgisi va muhabbati yuzasidan avval rozilik bermaydi. Lekin Burhoniddin Termiziyning ushbu gapini eshitib, noiloj u kishiga ijozat berishga majbur bo‘ladi: “Allohga hamd bo‘lsin sening ishing tamom bo‘ldi. Insonlar sendan nur va nasib (ilm) oladi. Ketishimning sababi shu: shiddatli va quvvatli bir arslon bu o‘lkaga (Konyaga) kelmoqda. U ham arslon, men ham arslon, ikkimiz bir-birimiz bilan kelisha olmay qolishimiz mumkin”. Haqiqatan, Burhoniddin Termiziyning Qaysarga ketishidan qisqa vaqtdan keyin Konyaga Shamsiddin Tabriziy (vafoti 645/1247-1248-yil) keladi. Burhoniddin Termiziy yoshligidan ustozlik, ulg‘ayganda murshidlik darajasiga yetkazgan, shayxning o‘g‘li Mavlono bilan xayrlashib, 638/1240-1241-yil Qaysariyya shahriga kelib joylashadi. Burhoniddin Termiziy Qaysariyyada o‘zining faolligi bilan xalq orasida nom tarqatgan boʻlib, shu sababdan ham Vazir (Onado‘li Saljuqiy davlati vaziri) Shamsiddin Isfahoniy Sohib (vafoti 646/1249-yil)ning muridlari orasidan joy olganligi manbalarda keltirilgan. Burhoniddin Termiziyning ko‘p shogirdlari boʻlib, ular ichida tanilib, mashhur bo‘lganlari: Mavlono Jaloliddin Rumiy (vafoti 672/1273-yil), Salohiddin Zarkub (vafoti 657/1258-yil), Sulton Valad (vafoti 712/1312-yil), Sohib Shamsiddin Isfahoniy (vafoti 646/1249-yil). Burhoniddin Termiziyning vafot etgan vaqti 639/1241-yil deb taxmin etiladi. Burhoniddin Termiziyning qabri Turkiyaning Qaysariyya viloyatida Ustozi Bahouddin Valad sababli, Sayyid Burhoniddin Termiziy Kubroviya tariqatida faoliyat yuritgan. Burhoniddin Termiziyning “Ma’orifasari bizgacha yetib kelgan. Asar fors tilida boʻlib, nasr uslubida yozilgan. Bu asar 1920-yil Tehronda bosilgan. “Ma’orif”ning ikki qo‘lyozma nusxasi bor. Birinchisi Uskudar Salimog‘a kutubxonasida 567-raqam ostida, ikkinchisi esa Konya Mavlono muzeyida 2118-raqam ostida qayd etilgan. Furunzanfar mazkur asarni bu ikki nusxa asosida 1960-yilda Tehron un-ti nashriyotida nashr qildirgan.[1]


“Ma’orif”.
  1. Oʻrta asr sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy-falsafiy merosi ensiklopediyasi. — Samarqand. Imom Buxoriy xalqaro markazi, 2016. — B. 641-644.
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil