Kontent qismiga oʻtish

Bishr ibn Marvon

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Bishr ibn Marvon

Sosoniy uslubidagi kumush dirham Bishr ibn Marvon tomonidan 693/694-yilda Aqolada (Kufa yaqinida) zarb qilingan.
Kufa hokimi
Mansab davri
690/691 – 694
Hukmdor Abdulmalik
Oʻtmishdoshi Musʼab ibn az-Zubayr
Vorisi Hajjoj ibn Yusuf
Basra hokimi
Mansab davri
692/693 – 694
Hukmdor Abdulmalik
Oʻtmishdoshi Xolid ibn Abdulloh ibn Xolid ibn Asid
Vorisi Hajjoj ibn Yusuf
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi tax. 650-yillar
Vafoti 694
Basra
Turmush oʻrtogʻi
  • Ummu Hakim binti Muhammad ibn Umara ibn Uqba ibn Abi Muʼayt
  • Ummu Kulsum binti Abu Salama ibn Abdurahmon ibn Avf
  • Hind binti Asmo al-Fazoriyya
Bolalari
  • Abdumalik
  • Al-Hakam
Ota-onasi Marvon I (otasi)
Qutayya binti Bishr (onasi)
Taxallus(lar)i Abu Marvon
Janglari
  • Marj Rahit jangi (684)
  • Misr istilosi (685)
  • Maskin jangi (691)

Abu Marvon Bishr ibn Marvon ibn al-Hakam (arabcha: بشر بن مروان بن الحكم) (tax. 650-yillar) – Umaviy shahzoda, akasi xalifa Abdulmalik hukmronligi davrida Iroq hokimi boʻlib xizmat qilgan. Marj Rahit jangida otasi xalifa Marvon I (h. 684–685) bilan birgalikda jang qilgan. 690/691-yillarda Kufa hokimi etib tayinlangan va taxminan bir yil oʻtgach, Basra hokimligi ham uning zimmasiga yuklatilgan, shu tariqa Iroqni toʻliq nazorat qilish huquqiga ega boʻlgan.

Bishr Iroq hokimi boʻlgan davrda juda ochiqkoʻngil va rahmdil inson sifatida tanilgan edi. Sheʼriyatni yaxshi koʻrgani bois koʻplab arab shoirlarini, jumladan, Jarir ibn Atiya, al-Farazdaq va ar-Roʼiy kabi shoirlarni bir yerga toʻplagan, unga bagʻishlab koʻplab madhiyalar yozilgan. Bishr Mus’ab ibn az-Zubayrning Basradagi tarafdorlarini yoʻq qilgan va rasman viloyatdagi xorijiy isyonchilarga qarshi urush harakatlariga qoʻmondonlik qilgan. Biroq keyinchalik Iroq harbiy qoʻshinlari qoʻmondonligini al-Muhallab ibn Abu Sufraga topshirishga majbur boʻlgan. Abu Marvon Bishr xizmat chogʻida nomaʼlum kasallikdan vafot etgan va Basrada dafn qilingan.

Yoshlik yillari va martabasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bishrning otasi Marvon ibn al-Hakam Banu Umayya urugʻidan, onasi Qutayya binti Bishr Banu Kilob qabilasining yuqori obroʻga ega Banu Jaʼfar urugʻidan boʻlgan[1]. Bishr 684-yilda Marj Rahit jangida Banu Kilob qabilasining boshliqlaridan birini oʻldirishga muvaffaq boʻlgan[1]. Umaviylarning Marj Rahit jangidagi Abdulloh ibn az-Zubayr tarafdorlari ustidan qozonilgan gʻalabasi Marvonning Shomdagi xalifaligini yanada mustahkamlagan[1].

685-yil boshida Bishr xalifa Marvon bilan birga Zubayriy hokimi Abdurahmon ibn Utba al-Fihriydan Misrni tortib olishga qaratilgan harakatlarda ishtirok etgan[1]. Marvon oʻzining yana bir oʻgʻli Abdulazizni Misrga hokim etib tayinlagan va Bishrga viloyatda qolishini, Shomda yashayotgan qarindoshlaridan uzoqda boʻlgan Abdulazizga hamroh boʻlishini tayinlagan[1]. Aynan oʻsha vaqtda aka-ukalar oʻrtasidagi munosabatlar keskinlashgan boʻlishi mumkin, bu esa Bishrni Shomga qaytishga undagan[1] Bu vaqtga kelib, xalifalik taxti Marvonning boshqa bir oʻgʻli Abdulmalikka (h. 685–705) nasib qilgan[1]. Bishrning Shomga qaytganidan keyingi hayoti haqida maʼlumotlar aniq koʻrsatilmagan.

Oldingisi Iroq hokimi
691–694
Keyingisi