Kontent qismiga oʻtish

Anvar qori Tursunov

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Anvar qori Tursunov
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi 21-noyabr 1958-yil
Vafoti 13-iyun 2018-yil(2018-06-13)
(59 yoshda)
Dini Islom

Anvar qori Tursunov (oʻzbekcha: Анвар қори Турсунов; ruscha: Анвар-кори Турсунов; 1958-yil 21-noyabr, OʻzSSR – 2018-yil 13-iyun, Toshkent, Oʻzbekiston) – Toshkent shahridagi Koʻkaldosh jome masjidining taniqli imom-xatibi boʻlgan. 2009-yilning 31-iyulida unga bir necha marta pichoq bilan zarba berilgan, ammo Tursunov ushbu jarohatdan tuzalib ketgan.

Anvar qori Tursunov 1958-yil 21-noyabrda Toshkent shahri Hamza tumanida xizmatchi oilasida tugʻilgan. 1966–1976-yillarda Hamza tumanidagi 198-umumiy oʻrta taʼlim maktabida oʻqigan. 1981-yilda Toshkent davlat universitetining filologiya fakultetini, 2001-yilda Toshkent islom institutini tamomlagan.

1981–1984-yillarda „Yoshlik“ jurnalida muharrir, 1984–1987-yillarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi ilmiy xodimi, 1987–1989-yillarda Toshkent shahridagi Abdulla Qahhor uy-muzeyi ilmiy xodimi, 1989–1994-yillarda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi tarjima va adabiy aloqalar markazida Sharq adabiyoti boʻyicha katta muharrir boʻlgan.

1994–1999-yillarda Toshkent shahar Yashnobod tumani „Yangiobod“ jome masjidi imom-xatibi, 1999–2015-yillarda Toshkent shahar bosh imom-xatibi hamda Toshkent shahar Shayxontohur tumani „Xoʻja Axror Valiy“ jome masjidi imom-xatibi lavozimlarida faoliyat koʻrsatgan. 2015–2018-yillarda Toshkent shahar bosh imom-xatibi va Yunusobod tumani „Minor“ jome masjidi imom-xatibi lavozimlarida xizmat qilgan.

Anvar qori Tursunov 1989–1992-yillarda Qurʼoni karimning oʻzbek tilidagi birinchi tarjimasiga (Shayx Alouddin Mansur tarjimasi) muharrirlik qilgan[1].

Anvar qori Tursunov Oʻzbekistonda ekstremistik islomiy faoliyatga qarshi faol kurashgan va "Hizb-ut-Tahrir" va Oʻzbekiston islomiy harakati kabi noqonuniy islomiy guruhlarga aʼzolikda gumon qilingan ayblanuvchilarning sud jarayonlarida koʻpincha guvohi sifatida ishtirok etgan[2].

U "Hidoyat sari" telekoʻrsatuvida dinga nisbatan oʻzining koʻplab qarashlarini qoʻllab-quvvatlagan[3]. Qori, shuningdek, Oʻzbekiston bosh muftiysi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi rahbari lavozimlarini egallashi mumkin boʻlgan shaxslardan biri sifatida tilga olingan[4].

2009-yil 31-iyul kuni tungi soat 22:30 da Tursunov Yangiobod tumanidagi uyida boʻlgan vaqtida uning eshigi taqillaydi. Oʻgʻli eshikni ochadi va unga otasining diniy marosimga taklif qilinayotganini aytishadi. Tursunov eshik oldiga kelganida, unga uch kishi sakkiz marta, besh marta qoʻliga, uch marta qorniga pichoq bilan zarba berishadi. Keyin esa hujumchilar voqea joyidan qochib ketishadi[5][6].

Oʻzbekiston hukumati hujumchilardan biri 2009-yil 29-avgust kuni Toshkentda sodir etilgan otishma chogʻida oʻldirilgani xabar qilingan Oʻzbekiston islomiy harakati aʼzosi Shavkat Mahmudov ekanligini daʼvo qiladi[7].

Anvar qori Tursunov 2018-yil 13 iyun kuni tongda vafot etgan[1].

  1. 1,0 1,1 „Anvar qori Tursunov vafot etdi“. Kun.uz (2018-yil 13-iyun). Qaraldi: 2024-yil 4-yanvar.
  2. Pannier, Bruce. „Motives Behind Attack On Uzbek Imam Remain Unclear“. Radio Free Europe/Radio Liberty (2009-yil 4-avgust).
  3. Uzbek TV's religious broadcast warns youth of "slanders" on the Internet. BBC Monitoring Central Asia Unit (2008-yil 5-iyun).
  4. „Uzbekistan: Murdered Official Linked to Interior Ministry's Religious Squad“. EurasiaNet (2009-yil 14-avgust).
  5. Pannier, Bruce. „Motives Behind Attack On Uzbek Imam Remain Unclear“. Radio Free Europe/Radio Liberty (2009-yil 4-avgust).
  6. „Uzbekistan: Murdered Official Linked to Interior Ministry's Religious Squad“. EurasiaNet (2009-yil 14-avgust).
  7. Tynan, Deirdre. „Authorities Link Tashkent Shootout in August to Islamic Movement of Uzbekistan“. EurasiaNet (2009-yil 9-sentyabr).