Kontent qismiga oʻtish

Amir Temur nomli oʻrta maktab (Isfana)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Amir Temur nomli oʻrta maktab
Joylashgan yeri
Isfana, Qirgʻiziston
Koordinatalar 39°50′32″N 69°31′08″E / 39.8422°N 69.5188°E / 39.8422; 69.5188
Maʼlumot
Maktab turi boshlangʻich va oʻrta maktab
Asos solingan sanasi 1994 (30 yil avval) (1994)
Ochilgan sanasi 26-avgust, 1994-yil (30 yil avval) (1994-08-26)
Sinflar 1-11
Til oʻzbek
Amir Temur nomli oʻrta maktabning asosiy binosi kirishi

Amir Temur nomli oʻrta maktabi (ruscha: Средняя школа имени Амира Тимура; qirgʻizcha: Амир Темур атындагы орто мектеби) — Qirgʻizistonning Isfana shahrida joylashgan oʻrta maktab.[1] Oʻrta maktab deb nomlanishiga qaramasdan, maktabda 1-dan 11-gacha sinflar bor. Amir Temur maktabida darslar oʻzbek tilida oʻtiladi.[2]

Maktabga 1994-yilda asos solingan. Uning hozirgi binosi 1992-yil qurib bitirilgan. Maktabga turkiy sarkarda Amir Temur nomi berilgan. Amir Temur nomli oʻrta maktabi avval Usmon Matkarimov nomli oʻrta maktab deb nomlangan. Usmon Matkarimov nomli gimnaziya-internati ochilganidan keyin, maktab nomi turkiy sarkarda Amir Temur sharafiga Amir Temur nomli oʻrta maktab oʻlaroq oʻzgartirilgan.

Dars programmasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻquvchilar birinchi sinfga bolaning individual rivojlanishiga qarab 6 yoki 7 yoshda olinadi. 11 yillik oʻqish boshlangʻich (1-4-sinflar), oʻrta (5-9-sinflar) va yuqori (10-11-sinflar) oʻlaroq uchga boʻlinadi. 9 yillik umumiy programmaga qatnashish majburiydir. 10-11-sinfda oʻqish majburiy emas.

Mamlakatdagi boshqa maktablardagi kabi Amir Temur nomli oʻrta maktabda boshlangʻich sinf oʻquvchilari alohida etajda oʻqishadi. Ularga odatda 1-dan 4-sinfgacha bitta oʻqituvchi barcha fanlarni oʻtadi (jismoniy tarbiya va chet tillaridan tashqari).

5-sinfdan boshlab har bir darsni alohida oʻqituvchi oʻqitadi. Katta sinf oʻquvchilariga matematika, informatika, fizika, kimyo, jugʻrofiya, biologiya, sanʼat, musiqa, jismoniy tarbiya, tarix, falsafa, astronomiya kabi darslar oʻtiladi.

Qirgʻizistondagi boshqa maktablardagi kabi Amir Temur nomli oʻrta maktabda ham ikki smenada (ertalabki va tushki) darslar oʻtiladi. Bunga sabab oʻquvchi soni koʻpligidir.

Oʻquv yili sentabr boshidan mayning oxirigacha choʻziladi va toʻrt chorakka boʻlingan. Oʻqish programmasi oʻzgarmas, doimiy. Baʼzi gʻarb mamlakatlaridan farqli oʻlaroq, oʻquvchilar yoki ularning ota-onalari qaysi darslar oʻtilishini tanlay olishmaydi. Oʻquvchilar 5 qadamli shkalada baholanadi. Amalda 2 („qoniqarsiz“) dan 5 („aʼlo“) gacha qoʻyiladi. 1 kamdan-kam ishlatiladigan keskin oʻzlashtirmaganlik belgisi. Kundalik baho berishda bu baholarni oʻqituvchilar yana guruhlarga boʻlishadi (masalan +4, -5), ammo chorak baholar faqat 2, 3, 4 yoki 5 boʻlishi mumkin.

Dars oʻtish tili

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Amir Temur nomli oʻrta maktabda darslar oʻzbek tilida olib boriladi. Oʻzbek tili bilan birga oʻquvchilar rus, qirgʻiz va ingliz tillarini ham oʻrganishadi. Qirgʻizistondagi boshqa oʻzbek maktablardagidek, Amir Temur nomli oʻrta maktabda oʻzbek tilida oʻqitishning kelajagi nomaʼlum boʻlib qolmoqda.[3]

2010-yil Qirgʻiziston janubidagi sodir boʻlgan tartibsizliklar ortidan qirgʻiz rasmiylari oʻzbek tilini cheklashga va oʻzbek maktablarni majburan qirgʻizlashtirishga harakat qila boshladi.[4][5][6][7][8] Shu harakatlar doirasida 2010-yillar boshida oʻzbek tili va adabiyoti fanlariga ajratilgan dars soati ozaytirilib, oʻrniga qirgʻiz tili va adabiyoti fanlariga koʻp soat berildi.[9]

Hozirda oʻzbek tilidagi darsliklar yetishmaydi va Qirgʻiziston hukumati maktablarni mablagʻ yoʻqligini bahona qilib, oʻzbekcha kitoblar bilan taʼminlashni istamaydi. Qirgʻiz rasmiylari oʻzbek oʻquvchilarining Oʻzbekistonda chiqqan kitoblardan foydalanishga keskin qarshi boʻlgani uchun hozirda koʻp maktablarda, shu jumladan, Amir Temur nomli oʻrta maktabda ham aksar darslar oʻzbek tilida ammo qirgʻiz tilidagi darsliklardan foydalanib oʻtilmoqda.

  1. „Isfana haqida umumiy maʼlumot (rus.). Qirgʻiziston shaharlari birlashmasi. 2008-yil 2-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 15-oktyabr. (Wayback Machine saytida 2008-05-02 sanasida arxivlangan)
  2. „Amir Temur nomli oʻrta maktab“ (ruscha). Isfana shahrining rasmiy vebsayti. Qaraldi: 2012-yil 23-oktyabr.[sayt ishlamaydi]
  3. Usmon, Sarvar. „Qirgʻizistondagi oʻzbek maktablari taqdiri savol ostida“ (2011-yil 11-oktyabr). Qaraldi: 2012-yil 30-oktyabr.
  4. Sherzod. „Maqsad nima? Savodsizlarni koʻpaytirishmi?“ (2011-yil 19-noyabr). Qaraldi: 2012-yil 30-oktyabr.
  5. Baqit Ibraimov; Temir Aqmatov. „Oʻsh oʻzbek maktablarni man qilish haqida oʻylamoqda“ (inglizcha) (2011-yil 8-dekabr). Qaraldi: 2012-yil 22-fevral.
  6. Baqit Ibraimov; Temir Aqmatov. „Qirgʻizcha maktablar haqidagi keskin gaplar“ (inglizcha) (2011-yil 8-dekabr). Qaraldi: 2012-yil 22-fevral.
  7. Qosim, Elmurod. „Ommaviy hayotdan oʻzbek tilini yoʻq qilish“ (inglizcha) (2012-yil 26-sentyabr). 2012-yil 9-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 9-oktyabr.
  8. Wisniewski, Dan. „Qirgʻizistonda oʻzbek tili yoʻq boʻlib bormoqda“ (inglizcha) (2012-yil 1-oktyabr). Qaraldi: 2012-yil 9-oktyabr.
  9. Ivashenko, Yekaterina. „Kimga kerak bu oʻzbekcha taʼlim?“ (ruscha) (2013-yil 13-fevral). Qaraldi: 2014-yil 15-aprel.