Albrecht Dürer
Albrecht Dürer | |
Avtoportret (1500) Albrecht Dürer, moy, Alte Pinakothek, Myunix | |
Haqiqiy ismi | Albrecht Dürer |
Tavalludi | 21-may 1471-yil Nyurnberg, Olmoniya |
Vafoti | 6-aprel 1528-yil (56 yoshda) Nyurnberg, Olmoniya |
Millati | Olmon |
Sohasi | Badiiy tasvir |
Mashhur suratlari | Knight, Death, and the Devil (1513)
Saint Jerome in his Study (1514) Melencolia I (1514) Dürer'ning karkidoni |
Albrecht Dürer (talaffuzi: Albrext Dyurer) (21 may, 1471 – 6 aprel, 1528) olmon musavviri va matematigi boʻlgan. Oʻz gravyuralari bilan Rembrandt va Goya kabi rassomlar bilan bir qatorda turadi, deb xisoblanadi. U Olmoniyaning Nyurnberg shahrida tugʻilib, oʻsha yerda vafot etgan.
Dürer nemis rangtasviri ustasi, grafik rassomi, oʻymakor naqqoshi (gravyor), sanʼat nazariyotchisi; nemis Uygʻonish davri sanʼatining asoschisi. Zargarlik sanʼatini otasidan oʻrgangan; M. Volgemut ustaxonasida rangtasvirdan taʼlim olgan (1486—89). Dastlab soʻnggi gotika uslubida gravyuralar, kitoblarga rasmlar ishlagan. Italiya safarlari (1494—95 va 1505—07) taʼsirida ijodida insonparvarlik gʻoyalari kuchaygan, badiiy bilishda ilmiy asoslangan uslublarga tayangan, naturadan rasm ishlashga alohida eʼtibor bergan ("Koʻl boʻyidagi uycha", taxminan 1495—97 va b.). Umumjahon tarixiy oʻzgarishlarini kutilishi ifodalangan "Apokalipsis" gravyuralar turkumi (1498)da rassomning badiiy ifoda vositasida sunggi nemis gotikasi bilan italiya rassomlik uslublari uygʻunligi, kompozitsiya tugalligi, obraz aniqligi koʻzga tashlanadi. Koʻplab portretlar, avtoportretlarida insonni shaxs sifatida tasvirlagan ("Avtoportret", 1498; "Yosh yigit portreti", 1521 va b.); rasmlar (900 dan ortiq) va gravyuralar yaratish sohasida koʻp ijod qilgan ("Odam Ato va Momo Havo", 1504; "Oila bayrami", 1506; "Toʻrt havoriy", 1526 va b.). Sanʼat nazariyotchisi sifatida ilmiy-nazariy sohada samarali mehnat qilgan. "Oʻlchov olish uchun qoʻllanma" (1525), "Inson tanasi nisbatlari haqida toʻrt kitob" (1528) va b. asarlarida uning ijodiga xos aniqlik, borliqni bilishga boʻlgan kuchli ishtiyoq namoyon boʻlgan.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil