Kontent qismiga oʻtish

Gravyura

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Gravyura (fransuzcha gravure, graver – oʻyish) – biror qattiq: metall, yogʻoch va boshqa narsalar yuzasiga oʻyib tasvir ishlash sanʼati, grafika turi. Shu usulda ishlangan asar va undan bosma usulida koʻchirilgan nusxa ham gravyura deb ataladi. Zamin tasvirdan maxsus asboblar yoki kimyoviy vositalar yordamida oʻyib (2—5 mm) chuqurlashtiriladi, shu tarzda boʻrtma tasvir hosil qilinadi, bu usul koʻproq yogʻoch (ksilografiya) va linoleum (linogravyura)dan foydalanilganda qoʻllanadi; tasvir zamindan chuqurlashtirilib oʻyma tasvir hosil qilinadi, bu usul asosan metall (mis, jez, rux va boshqalar) plastinalardan foydalanilganda (gravyuraning bir-biridan farq qiluvchi akvatinta, messotinto, ofort, quruq igna va boshqa turlarida) qoʻllanadi. Gravyura bir xil boʻyoqda, shuningdek, turli rangdagi boʻyoqlarda boʻyalishi, undan koʻplab nusxa koʻchirilishi, ifoda imkoniyatlarining kengligi bilan ahamiyatlidir. Mustaqil ahamiyatga ega boʻlgan dastgoh gravyurasi (estamp) va kitob, gazeta, jurnallarda bezak (illyustratsiya) vazifasini oʻtaydigan kitob gravyurasi keng rivojlangan. Gravyuraning vujudga kelishi va rivoji hunarmandchilikning taraqqiyoti bilan bogʻliq: yogʻoch gravyura matolarni boʻyash, gul bosishda, metall gravyura esa zargarlikda qadimdan keng qoʻllangan. Dastlab Xitoyda qogʻozga gravyura koʻchirish (6—7-asrlar) paydo boʻlgan, Yevropada 14—15-asrlarda rivojlangan (qoʻlda boʻyalgan diniy mazmundagi gravyuralar monastirlarda sotilgan). Rossiyada 16-asrdan maʼlum boʻlgan. Rembrandt, F. Goyya, I. Ye. Repin va b. mashhur sanʼatkorlar gravyuraning ajoyib namunalarini yaratgan.

Oʻzbekistonda V. Kaydalov, K. Basharov, A. Siglinsev, N. Xolikrv va boshqalar gravyurada asarlar yaratgan.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil