Kontent qismiga oʻtish

Ahmad Bag‘oviy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Ahmad Bag‘oviy
Shaxsiy maʼlumotlar
Vafoti 858-yil
Dini Islom
Tanilgan sohasi Muhaddis

Andoza:Wikidata image

Ahmad Bagʻoviy (arabcha: احمد باغوي — Abu Jaʼfar Ahmad ibn Maniʼ ibn Abdurahmon Bagʻoviy) — Muhaddis.

Ahmad Bagʻoviy Xurosonning Bagʻshoʻr shahridan boʻlib, Bagʻoviy nisbati bilan tanilgan. U mufassir va muhaddis Abulqosim Abdulloh Bag‘oviyning ona tomondan bobosi boʻlgan.

Ahmad Bagʻoviy koʻp hadislarni yod bilgani uchun "Hofiz" unvoniga sazovor boʻlgan. Keyinchalik ilmu maʼrifat markazi boʻlgan Bagʻdod shahriga kelgan. U umrining oxiriga qadar bu yerda qolib, hadis ilmidan saboq bergan. Ahmad Bagʻoviy Imom Buxoriyning ustozi boʻlgan. Imom Buxoriy ustozi Ahmad Bagʻoviy rivoyat qilgan hadislarni "sahih" ekanligini taʼkidlab, ularni asarlariga kiritgan. Allomalar Ahmad Bagʻoviyning ilm-salohiyati va qobiliyatini hanbaliya mazhabining asoschisi Ahmad ibn Hanbalga tenglashtirgan. Manbaʼlarda Ahmad Bagʻoviyning qirq yil davomida har uch kunda Qurʼoni karimni xatm qilgani, shuningdek, barcha daromadini ilm-fan uchun sarflagani qayd etilgan.[1]

U dastlabki taʼlimni Xurosondagi Soʻfyon ibn Uyaynadan olgan. Keyinchalik Abu Bakr ibn Ayyosh, Abdulloh ibn Muborak va Yazid ibn Horun kabi muhaddislardan hadis ilmining sir-asrorlarini oʻrgangan va hadislar rivoyat qilgan.

Ahmad Bagʻoviydan Imom Buxoriy, Ishoq Sogʻoniy, Ibn Huzayma va nabirasi Abulqosim Abdulloh Bagʻoviy kabi muhaddis va roviylar taʼlim olgan va hadis rivoyat qilgan.

Ahmad ibn Maniʼ 244/858-yil sakson toʻrt yoshida vafot etgan[2].

Ahmad ibn Maniʼning "Musnad" hadislar toʻplami boʻlgan.

  1. https://www.bukhari.uz/?p=27169&lang=oz
  2. Islom ensiklopediyasi. Turkiya Diyonat vaqfi. Istanbul 1997.