Acquacotta
Acquacotta shoʻrvasi | |
Turi | shoʻrva |
---|---|
Milliy oshxona | Italyan oshxonasi |
Kelib chiqishi | Maremma, Italiya |
Asosiy komponentlari | Suv, qotgan non, piyoz, zaytun moyi |
Boshqa komponentlari | Sabzavotlar, qolgan ovqatlar |
Oʻxshashlari | Acquacotta con funghi, acquacotta con peperoni |
Italyan oshxonasi |
---|
Acquacotta (Italyancha talaffuzi: ˌakkwaˈkɔtta , soʻzma-soʻz tarjimasi: „qaynatilgan suv“) — italyan oshxonasida, asosan, issiq bulyon asosida tayyorlanadigan nonli shoʻrva. U dastlab dehqonlarning taomi sifatida tayyorlangan. Italyanlar bu ovqatni tayyorlash va isteʼmol qilishni qadim zamonlarda boshlagan. Bu taom ilk bora janubiy Toskana va Latsio shimolidagi Maremma deb nomlanuvchi qirgʻoq hududida tayyorlanganligi aytiladi. Mazkur yegulik turi qotgan va eskirgan nonni isteʼmol qilish uchun bir vosita sifatida oʻylab topilgan. Zamonaviy davrda taom uchun foydalaniladigan masalliqlar turi koʻpayib, baʼzan qoʻshimcha mahsulotlardan ham keng foydalanila boshlangan. Shoʻrvaning „acquacotta con funghi“ va „acquacotta con peperoni“ kabi turlari mavjud.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Acquacotta italyan xalqining oddiy, anʼanaviy milliy taomidir. Taom Maremma nomi bilan mashhur boʻlib[1], u asosan Toskana qirgʻogʻining janubiy yarmini qamrab olgan va shimoliy Latsioga qadar choʻzilgan qirgʻoq mintaqasida tayyorlanib kelinadi[2][3]. Shoʻrva nomidagi acquacotta soʻzi italyan tilida „qaynatilgan suv“ degan maʼnoni anglatadi[2][4]. Bu yegulik dastlab dehqon oilalari ratsionida boʻlgan qadimiy taom sifatida qabul etilgan. Uning retsepti qisman Toskana oʻrmonida choʻchqachilik (ayrim holatlarda koʻmir ishlab chiqaruvchi) bilan shugʻullangan, kambagʻal xalq vakillari orasida ommalashgan[4][5][6]. Shuningdek, bu shoʻrva Maremma hududidagi dehqon va choʻponlar tomonidan ham tayyorlangan va keng isteʼmolda boʻlgan[lower-alpha 1][8]. U tarixan antipasto taomi oʻlaroq qabul etilgan italyan oshxonasining ilk yemak turidir[3]. Acquacotta bugungi kunda ham Maremma va butun Italiya hududidagi eng mashhur taomlardan biri sanaladi[1].
Aslida Acquacotta qotgan nonni isteʼmol qilish uchun bir vosita sifatida ixtiro qilingan[5]. Oʻtinchi va choʻpon singari uydan olisda ishlaydigan kasb vakillari uzoq vaqt mobaynida yaxshi saqlanishi mumkin boʻlgan non va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini (masalan, pancetta va tuzlangam baliq) oʻzlari bilan olib yurgan[5]. Acquacotta taomi qotgan nonni marinadlash uchun ishlatilgan va shu bilan birga, qotgan nonni yumshatishga ham xizmat qilgan[1][5].
Acquacotta haqidagi afsona tosh shoʻrva konsepsiyasi bilan bogʻliqdir. Afsona faqat toshlardan iborat qishloqda boʻlgan kambagʻal sayohatchining hikoyasiga asoslanadi. Sayohatchi qishloq aholisidan oʻzining tosh shoʻrvasi uchun turli xil masalliqlarni olishga muvaffaq boʻladi[6] va acquacotta taomini tayyorlaydi[6].
Masalliqlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tarixiy jihatdan olib qaralganda, acquacottaning asosiy tarkibi suv, qotgan non, piyoz, pomidor va zaytun moyidan iborat boʻlgan[3]. Shuningdek, taomga turli sabzavotlardan tayyorlangan ovqat qoldiqlari qoʻshilgan[4][2]. 1800-yillarda keng tarqalgan baʼzi retseptlariga koʻra, XIX asrning soʻnggi oʻn yilliklarigacha Italiyada qimmatbaho masalliq sanalgan pomidor oʻrniga yarim pishgan uzumdan olingan sharbat[5] — agrestodan foydalanilgan[5].
Hozirgi kunda
[tahrir | manbasini tahrirlash]Acquacottaning zamonaviy va asosiy masalligʻi sifatida eskirgan, yangi yoki qovurilgan nondan foydalaniladi[2][9]. Shuningdek, taomga qoʻshimcha masalliqlar sifatida sabzavotli bulyon, tuxum, parmezan va pecorino toscano kabi pishloqlar, selderey, sarimsoq, rayhon, kanellini kabi loviya turlari, karam, limon sharbati, tuz, qalampir, kartoshka va boshqa mahsulotlar qoʻshiladi[4][2][1][3][9]. Baʼzida pocini singari isteʼmol qilish mumkin boʻlgan qoʻziqorinlar[5], arugula, sachratqi, yalpiz, chard, hindibo, karahindiba, suv teresi, valerian va boshqa turli sabzavotlar va koʻkatlardan foydalanish mumkin[9]. Suv qaynayotgan bir vaqtda, bulyonning taʼmini yaxshilash maqsadida turli koʻkatlar qoʻshiladi[9]. Bu yegulikka qovurilgan tuxum ham qoʻshish mumkin[1][6]. Zamonaviy usullar bilan acquacotta tayyorlash bir necha soatdan bir kungacha vaqt olishi, sovuq joyda yoki muzlatkichda saqlanishi va dasturxonga tortilishidan avval qayta isitilishi mumkin[3]. Taomni muzlatib qoʻyishdan maqsad uzoq vaqt yaxshi saqlanishini taʼminlashdir[10].
Boshqa turlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Acquacotta con funghi — bu porcini qoʻziqorinlarini asosiy masalliq sifatida ishlatadigan acquacotta shoʻrvasining bir turidir[5]. Qoʻshimcha masalliq sifatida non, bulyon yoki suv, pomidor konservasi, parmezan pishlogʻi, tuxum, mentuccia, yovvoyi yalpiz, sarimsoq, zaytun moyi, tuz va qalampirdan foydalaniladi[5]. Acquacotta xilma-xil taʼm va xushboʻylikni taʼminlash uchun ishlatiladigan porcini qoʻziqorinlari asosida tayyorlanadi. Taomni tayyorlashda maydanozdan ham foydalanilishi mumkin[5].
Acquacotta con peperoni — selderey, qizil qalampir va sarimsoqni oʻz ichiga olgan acquacotta shoʻrvasining yana bir turidir[5].
Acquacotta festivali
[tahrir | manbasini tahrirlash]Har yil avgust oyida Grosseto provinsiyasidagi Amiata togʻ yonbagʻirlarida joylashgan qishloqlarda, jumladan, Kana[11] hamda Santa Fiorada acquacotta festivallari oʻtkazilib kelinadi[12].
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Izohlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 Roddy, Rachel „Rachel Roddy's Tuscan vegetable broth recipe“. The Guardian (2016-yil 29-mart). Qaraldi: 2016-yil 29-aprel.
- ↑ 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 Johns, Pamela Sheldon. Cucina Povera: Tuscan Peasant Cooking. Andrews McMeel Publishing, 2011 — 64-bet. ISBN 978-1-4494-0851-0.
- ↑ 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 Hazan, Marcella. Essentials of Classic Italian Cooking. Knopf Doubleday Publishing Group, 2011. ISBN 978-0-307-95830-3.
- ↑ 4,0 4,1 4,2 4,3 Scicolone, Michelle. The Italian Vegetable Cookbook. Houghton Mifflin Harcourt, 2014 — 67-bet. ISBN 978-0-547-90916-5.
- ↑ 5,00 5,01 5,02 5,03 5,04 5,05 5,06 5,07 5,08 5,09 5,10 Romer, Elizabeth. The Tuscan Year: Life and Food in an Italian Valley. Macmillan, 1989 — 103–106-bet. ISBN 0-86547-387-0.
- ↑ 6,0 6,1 6,2 6,3 Nasello, Sarah „Try Acquacotta soup as a new recipe for the new year“. The Jamestown Sun (2015-yil 10-yanvar). Qaraldi: 2016-yil 29-aprel.
- ↑ Field, C.. Celebrating Italy. W. Morrow and Company, 1990 — 166-bet. ISBN 978-0-688-07093-9. (subscription required)
- ↑ Pasanella, Marco. Uncorked: One Man's Journey Through the Crazy World of Wine. Clarkson Potter, 2012 — 103–104-bet. ISBN 978-0-307-71984-3.
- ↑ 9,0 9,1 9,2 9,3 Croce, Julia della. Roma: Authentic Recipes from In and Around the Eternal City. Chronicle Books, 2004 — 65-bet. ISBN 0-8118-2352-0.
- ↑ „Acquacotta (Vegetable Soup)“. Vegetarian Times (2013-yil 3-aprel). 2022-yil 20-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2016-yil 29-aprel.
- ↑ „Cana - sagra dell'acquacotta“. 2014-yil 18-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2024-yil 5-aprel.
- ↑ „Sagra dell'acqua cotta“. SantaFiora.org. 2014-yil 11-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2024-yil 5-aprel.
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Vikipediyada «Italiya» loyihasi bor |
Vikiomborda Acquacotta haqida turkum mavjud |
- Acquacotta. BBC.
- Acquacotta. Jeyms Beard fondi.