Abxaziya
Abxaziya | |
---|---|
[[{{{davlat_nomi}}} bayrogʻi|Bayroq]] |
Abxaziya, Abxaziya Respublikasi (abx. Aҧsni Apsny, gurj. აფხაზეთი Apxazeti, arm. Աբխազիա Abxazia, rus. Abxaziya Abxaziya)- Gurjiston Respublikasi tarkibida. 1921-yil 4-martda tashkil topgan. Zakavkazening shimoli-gʻarbiy qismida joylashgan. Janubi-gʻarbiy qismi Qora dengizga tutashadi. Maydoni 8,7 ming km². Aholisi 530 mingdan ortiq kishi (1999-yil). 5 tuman, 7 shahar, 4 shaharcha bor. Poytaxti – Suxumi shahri
Tabiati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abxaziya hududining koʻpchilik qismi Katta Kavkaz togʻ tizmasining etaklari va yon bagʻirlarida joylashgan (Gagra, Bzib, Abxaziya, Kodori tizmalari). Ayrim joylarda togʻlarning bal. 3-4 ming m ga yetadi. Dovonlar ham bor. Qora dengiz boʻylab torgina tekislik choʻzilgan. Janubiy-sharqida Kolxida pasttekisligi joylashgan. Foydali qazilmalari: toshkoʻmir, qurilish materiallari, barit, simob, polimetall rudalar. Iqlimi – nam subtropik, togʻlarda – moʻ’tadil sovuq va sovuq. Sohilda yanvar temperaturasi 4°, 7°, togʻlarda −2° gacha; iyulda sohilda 22°, 24°, togʻlarda 16°, 18°. Yogʻin miqdori pasttekisliklarda 1300-1500 mm, togʻlarda 2400 mmgacha. Daryolari: Bzib, Kodori, Galidzga, Gumista; koʻllari: Ritsa, Amtkeli. Pasttekislik va togʻ etaklari botqoq, allyuvial, podzol, ayrim joylar sariq, qizil tuproqli. Balandlashgan sari chirindi karbonatli, qoʻngʻir togʻ-oʻrmon hamda togʻ-oʻtloq tuproqlar uchraydi. Mamlakat hududining 55 % dan koʻprogʻi oʻrmon (samshit, buk, dub, qoraqayin, kashtan, grab daraxtlari), yuqoriroqda oq qaragʻay, undan balandda subalp va alp oʻtloqlari bor. Subtropik oʻsimliklardan xurmo, evkalipt, sarv va boshqa oʻsadi. Abxaziya hududida Ritsa, Gumista, Pitsunda-Myusser qoʻriqxonalari bor. Asosiy aholisi abxazlar va gurjlar. Ular sohil tumanlari va togʻ yon bagʻirlarida yashaydi. Shaharlari: Ochamchira, Gudauta, Gagra (dengiz portlari), Gali, Tkvarcheli. Abxazlar oʻzlarini apsua deb ataydilar. Davlat tili – abxaz tili.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abxaz xalqining ajdodlari haqidagi dastlabki maʼlumotlar jez asrining keyingi davridan boshlanadi. Mil. av. 1- minginchi yil oʻrtalarida Abxaziya Kolxida qirolligining bir qismi boʻlgan. Mil. av. 2-asr oxiri −1-asrning boshlarida Abxaziya Pont qirolligi, mil. av. 65 yildan Rim qaramogʻida boʻlgan. 4-asrda Gʻarbiy Gurjistonda vujudga kelgan Laz qirolligi tarkibiga kirgan. 4- 6-asrlarda butun Abxaziyani Vizantiya zabt etgan. 8-asrga kelib abxazlar Vizantiyaga itoat etmay qoʻydi. Shu asrning 80-yilarida Gʻarbiy Gurjiston yerlari Abxaziya qirolligiga birlashtirildi. 16-asrdan Abxaziya Turkiyaga qaram boʻlib qoldi va abxazlar yerlari iqtisodiy-madaniy inqirozga uchradi. 1810-yilda Abxaziya Rossiyaga qoʻshib olindi. 19-asr boshlarida abxazlar Axchipsou, Aibga, Dal, Sabal, Psxu kabi erkin jamoalar tarzida kun kechirgan. Har biri bir necha ming kishidan iborat boʻlgan erkin jamoalar qon-qardoshlik guruhlariga boʻlinar va ular oʻrtasidagi munosabatlar abxazlarning anʼanaviy huquqiga asoslanar, hamma masalani jamoa oqsoqoli hal qilar edi. Asrlar davomida Abxaziya knyazligining markazlashuv darajasi avvalo hokim knyazning shaxsiy obroʻ-eʼtiboriga bogʻliq boʻlgan. Koʻpincha u va mahalliy zodagonlar erkin jamoalarni nazorat qilmasdi. Abxaziya Rossiyaga qoʻshib olingach, bir necha oʻn yillar davomida vaziyat notinch boʻldi. Aholining bir qismi Turkiya tarafdori edi. 1864-yilgi Kavkaz urushidan keyin Abxaziya ning muxtoriyat maqomidan mahrum etilishi vazi-yatni keskinlashtirib yubordi. Ommaviy norozilik 1866-yilda abxazlarning yalpi qoʻzgʻoloniga aylanib ketdi. Rus jazo otryadlari qoʻzgʻolonni shafqatsizlik bilan bostirdi. Maʼmurlar gʻalayonchi abxazlarni Turkiyaga koʻchira boshladi. 1877-1878 yillardagi rus-turk urushida abxazlar Turkiya tarafida faol ishtirok etishi sababli ularni majburan Turkiyaga koʻchirish ommaviy tus oldi. Natijada abxazlar yashab kelgan hudud ikkiga: shimoliy-gʻarbiy (bzib) va janubi-sharqiy qismlarga boʻlinib qoldi. Abxazlar tark etgan yerlarga Turkiyadan greklar va armanlar, Rossiyadan turli millat ki-shilari, Gurjistondan asosan megrellar koʻchib kela boshladilar. Shu tariqa hozirgi Abxaziya turli-tuman millatlar yurti boʻlib qoldi. 1921-yil 16-dekabrda Abxaziya shartnoma asosida Gurjiston tarkibiga kirdi. 1990-yil dekabrdan Abxaziya muxtor respublikasi, 1992-yil iyuldan Abxaziya Respublikasi. Abxaziyadagi 1990-yillardagi vaziyatning xususiyatlari va oʻtkir gurj-abxaz mojarosining sabablari koʻp jihatdan tarixiy oʻtmishga va 19-20-asrlardagi ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar harakteriga borib taqaladi. Abxaziya gʻarbiy va sharqiy iqtisodiy hududlarga boʻlinadi. Xoʻjaligida agrar soha ustun. Choy, tamaki, sitrus mevalari, efir moyli oʻsimliklar ekiladi, makkajoʻxori yetishtiriladi. Oʻrmonchilik va koʻmir qazib olish tarmoqlari rivojlangan. 90-yillarning boshigacha sanatoriy-kurortlar tizimi alohida oʻrin olgan. Dengiz boʻylarida bogʻdorchilik va tokchilik, shuningdek, chorvachilik (asosan qoramolchilik), parrandachilik, pilla-chilik, baliqchilik va asalarichilikka katta ahamiyat beriladi. Sanoatda oziq-ovqat, tamaki mahsulotlari, meva konservalari ishlab chiqariladi. Abxaziyada 4 tamaki-fermentatsiya zavodi, bir necha choy fabrikasi, Kodori taxta tilish kombinati bor. Mahalliy xomashyo asosida efirli moy zavodlari, shuningdek charm poyabzal kombinati va bir necha tikuvchilik korxonalari ishlaydi. Elektr energiyasi asosan Tkvar-cheli elektr stansiyasi va Suxumi GESida hosil qilinadi. Mashinasozlik va kimyo sanoati, qurilish materiallari korxonalari bor. Abxaziya hududini Suxumi – Cherkasiya temir yoʻl va avtomobil yoʻllari kesib oʻtadi. Asosiy dengiz porti – Suxumi shahri Muhim iqlimiy kurortlar Suxumi, Gagra, Gudauta, Noviy Afon, Pitsundada joylashgan. Madaniyati. Abxaziya da oʻrta umumiy taʼlim maktablari, oʻrta maxsus oʻquv yurtlari, oliy oʻquv yurtlari (Suxumi universiteti, Subtropik xoʻjalik instituti), ilmiy tadqiqot insti-tutlari, klub muassasalari, muzeylar, botanika bogʻi ishlab turibdi. Abxaz tilida gaz. va jurlar nashr etiladi. Abxaz, gurj va rus tillarida radio eshittirishlar olib boriladi. Retranslyatsiya telekoʻrsatuvi mavjud. Xalq ogʻzaki ijodida qahramonlar haqidagi ertaklar, rivoyatlar, ovchilik haqidagi hikoyalar, bandi qilib qoʻyilgan Abrskil haqidagi qadimgi rivoyat, xalq qoʻshiqlari mashhur. Xalq shoiri D.Gulia abxaz adabiyotining asoschisi hisoblanadi. Choʻpon va ovchi qoʻshiqlari, dehqonchilik va urf-odatlar bilan bogʻliq qoʻshiq va laparlar abxaz musiqasiga asos boʻlgan. Abxaziya hududida jez davrining dolmen deb atalgan sagʻanalari, qadimiy yunon va Rim davridan qolgan inshootlarning vayronalari (Dioskuriya- Sebastopolis, Anakopiya va boshqalar), Vizantiya davri (VI-VIII-asrlar) meʼmoriy yodgorliklari – Noviy Afondagi ustunli bir gumbazli imorat, neolit va jez zamonlaridagi odam va hayvonlarning haykalchalari, naqshli keramika va bronza buyumlar saqlanib qolgan. XIV-asrning boshlaridagi mini-atyuralar, XIV-XVI-asrlardagi freskalar mashhur. Hozirgi zamon tasviriy sanʼatining shakllanishida 1918-yil ochilgan Suxumi badiiy maktabi muhim rol oʻynagan. Abxaziyaning birinchi professional rassomi A.Shervashidze (Chachba) boʻlgan. I. Somaya, N. Tebukashvili, Ch. Kukuladze, V. Mesxi, M. Eshba, B. Gogoberidze kabi sanʼatkorlar mashhur. Qadimdan amaliy-bezak sanʼati rivojlangan.[1]
Ushbu tabaqa Rossiya, Nikaragua, Venesuela va Nauru,[2][3] hamda boshqa bahsli mintaqalar – Janubiy Osetiya va Transnistriya tomonidan tan olingan.[4]
Gurjiston hukumati va dunyoning koʻp mamlakatlari Abxaziyani Gurjiston hududining bir qismi, deb hisoblashadi.[5] Gurjiston hukumati uni Abxaziya Muxtor Respublikasi, deb nomlaydi. 2008-yil 28-avgustda Gurjiston parlamenti Abxaziyani „Rossiya bosib olgan hudud“, deb atash haqida qaror qabul qildi.[6][7]
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ Abxaziya va Janubiy Osetiyaning xalqaro tan olinishi.
- ↑ Barry, Ellen. „Abkhazia Is Recognised – by Nauru“. New York Times (2009-yil 15-dekabr). Qaraldi: 2009-yil 29-dekabr.
- ↑ „Абхазия, Южная Осетия и Приднестровье признали независимость друг друга и призвали всех к этому же“ (Ruscha). Newsru (2006-yil 17-noyabr). Qaraldi: 2008-yil 26-avgust.
- ↑ Tiny Nauru recognises Georgiaʼs other rebel enclave (Wayback Machine saytida 2010-08-18 sanasida arxivlangan), 16-dekabr, 2009
- ↑ Resolution of the Parliament of Georgia declaring Abkhazia and South Ossetia occupied territories (Wayback Machine saytida 2008-09-03 sanasida arxivlangan), 28-avgust 2008-yil.
- ↑ Abkhazia, S.Ossetia Formally Declared Occupied Territory.(Wayback Machine saytida 2008-09-03 sanasida arxivlangan) (WebCite saytida 2009-07-23 sanasida arxivlangan) Civil Georgia. 2008-08-28
Wikimedia Commonsda Abkhazia mavzusiga oid fayllar bor. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |