Abu Mansur
Abu Mansur | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | milodiy 1098-yil (hijriy 491-yil) |
Vafoti |
milodiy 1152-yil (hijriy 547-yil) Askar mukram |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | mutasavvif, muhaddis, voiz va xatib |
Al- Abbodiy, Abu Mansur (arabcha: العبادي، أبو منصور – Qutbuddin Amir Abu Mansur al-Muzaffar ibn Abu-l-Husayn Ardasher al-Abbodiy) – mutasavvif, muhaddis, voiz va xatib.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Otasi Amir Abbodiy nomi bilan mashhur boʻlgan voiz Abu-l-Husayn Ardasher ibn Mansurdir. Al-Gʻazzoliy ham uning vaʼzlarini tinglagan. Al-Abbodiy Marvda mashhur boʻlgani uchun „Voizi Marvaziy“ deb tanilgan. Al-abbodiy ilk tahsilini Marvda olgan. Mashhur muhaddislardan hadisdan saboq olib, keyinchalik hadis rivoyat qilgan. Manbalarda, asosan, ishonchli hadis roviysi sifatida zikr qilingan al-Abbodiy ota kasbi boʻlgan voizlik bilan koʻproq shuhrat topgan. Vaʼzlarida xalqni ruhlantirgani sababli unga „Sultoni suhan“, „Xojai maʼno“, „Allomai roʻzgor“' kabi unvonlar berilgan.
Al-Abbodiy Marvda shuhratga erishganidan keyin Sulton Sanjarning elchisi boʻlib, Bagʻdodga boradi. Xalifa Muqtafiy-liamrillahning ishonchini qozonadi. Uch yil Bagʻdodda qolib, vaʼzlar qiladi va xalqning hurmatiga sazovor boʻladi. Xalifaning elchisi sifatida Marvga, u yerdan yana Bagʻdodga qaytadi. Elchilik vazifasi bilan Huzistonga borib, 547-yil 2-rabi’ul-avval oyida (milodiy 1152-yil 7-iyun) vafot etadi. Jasadi Bagʻdodga keltirilib, Shuniziyya mozoriga dafn etilgan.
Oʻsha davrda voizlikka ragʻbatning koʻp boʻlgani, uning yoshligidan bu maslakka qiziqishiga sabab boʻladi. U shuningdek, soʻfiylikka ham qiziqib, tasavvuf asarlarini oʻqib ulardan foydalanadi. Fikrlaridan tasavvuf mavzusidagi bilimining teranligi koʻrinsa-da, asarlarida shayx va mutasavviflar bilan boʻlgan muloqotlari haqida maʼlumotlar berilmagan. Soʻfiy tabaqot kitoblarida u haqida maʼlumotlar keltirilmagani, soʻfiylar nazdida mutasavvif olim deb tanilmaganini koʻrsatadi. Shogirdi Abu Saʼd as-Sam’oniy hadis rivoyati xususida al-Abbodiyning eʼtiborga loyiqligini zikr qilgan boʻlsa-da, biroq dinga toʻgʻri kelmaydigan ayrim ishlarni ham qilganini aytgan. Bu borada Hamza ibn Makkiy ham al-Abbodiyning namoz xususida beparvoroq boʻlganini naql etadiki, bularning barchasi uning diniy koʻrsatmalar qarshisida u qadar hassos boʻlmaganini koʻrsatadi. Oddiy xalq orasida din rahnamolarining nufuzi yuqori boʻlgan bir davrda yashagan al-Abbodiy notiqligi bilan xalqning ishonchini qozongan. Uning bu sanʼati davlat arboblari nazdida eʼtibor qozonishiga olib kelgan boʻlsa-da, hanbaliylarning tanqidiga uchragan. Chunki u Islom tarixida maʼlum bir ilmda mutaxassis boʻlmasdan, faqat notiqlik bilan shuhrat qozongan shaxslardan biri edi.
Asarlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]- „Soʻfiynoma“ („At-Tasfiya fӣ ahvāl al-mutasavvifa“). Mazkur asar toʻrt boʻlimdan iborat boʻlib, birinchi boʻlimida tasavvuf va tariqat mavzulari zikr qilinadi. Ikkinchi boʻlimda suluk ahli mubtadiylar, avosit, muntahiylar nomi bilan uchga boʻlinadi va ulardan har birining vazifalari tushuntiriladi. Uchinchi boʻlimda tasavvufiy hollar zohir va botin deb ikkiga boʻlinadi hamda birma-bir bayon qilinadi. Toʻrtinchi boʻlimda tasavvufiy istilohlar, soʻfiylarning odob va arkoni borasida soʻz yuritiladi. Ushbu asar sodda tilda yozilgan boʻlib, muallif maqsadini ravshan bayon qilish uchun tez-tez aniq misollar va oʻxshatishlar keltiradi. Unga koʻra, ummat uchun nabiy, talaba uchun muallim, jamoat uchun imom, kasal uchun tabib qanday boʻlsa, murid uchun shayx ham xuddi shu kabidir. Al-Abbodiy mazkur asarida shariatlarning birligi (vahdatush-sharoi’) masalasi haqida toʻxtalib, barcha nabiylarning vazifalari bir narsani taʼlim va tabligʻ etishdan iborat boʻlganini aytadi. Asar Gʻulom Husayn Yusufiy tomonidan nashr ettirilgan.
- „Manāqib as-sӯfiyya“. Ushbu asarida muallif soʻfiylar va tasavvuf terminlari haqida bayon qiladi. Asar kirish qismi, birinchi bob va har biri ikki boʻlimni ichiga olgan ikki asosiy qismdan tashkil topgan. Asar 1983-yilda Tehronda nashr etilgan.
- „Risāla fӣ ibāha shurb al-xamr“. Mazkur asarda sharob ichishning mubohligi haqida zikr qilinadi. Risolaning muallifga tegishli qoʻlyozma nusxasini koʻrganini zikr qilgan as-Sam’oniy, undagi fikrlar al-al-Abbodiyga oid emasligini, asardagi bu soʻzlar boshqalardan naql etilganini aytgan. As-Sam’oniy asar haqida „Abbodiy bu kabi risolani yozganiga ishonmayman, agar yozgan boʻlsa-da, hukmi ixtilofli boʻlgan nabizdan bahs yuritgan boʻlishi mumkin“, deb Ibn Hajarning qarashlariga qoʻshiladi.
- „Marāsim ad-dӣn fӣ mavāsim al-yaqӣn“. Mazkur asar Ali va ahli baytning fazilatlari haqida.
Gʻulom Husayn Yusufiy „Soʻfiynoma“ning soʻzboshisida al-Abbodiy qalamiga mansub Meʼrojnoma va „Al-Vasӣla ilā maʼrifa al-fazӣla“ asarlari haqida ham keng maʼlumot berib oʻtgan. Al-Abbodiy „Soʻfiynoma“sida „Kitāb al-’unsӯr“ nomli asari haqida ham aytgan boʻlsa-da, bu asar bizgacha yetib kelmagan[1].
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- As-Sam’oniy. Al-Ansāb. – Damashq: 1976. VIII, 337-338;
- Ibn al-Javziy. Al-Muntazam. – Haydarobod: 1938-40. X, 150;
- Yoqut. Mu’jam. – Bayrut: „Dor ihyo at-turos al-’arabiy“. III, 264;
- As-Subkiy. Tabaqāt. – Qohira: 1964-76. VII, 299;
- Ibn Kasir. Al-Bidāya. – Bayrut: 1981. XII, 230;
- M. Th. Houtsma. „Abbâdî“. İA. I, 8;
- Süleyman Uludağ. „Abbâdî, Ebû Mansûr“. TDV İA. – İstanbul: 1988. I, 14-15.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |