Kontent qismiga oʻtish

Abdulvohid ibn Abdurrahmon al-Varkiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abdulvohid ibn Abdurrahmon al-Varkiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Vafoti milodiy 1102-yil (hijriy 495-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi shayx, imom va faqih

Andoza:Wikidata image

Abdulvohid ibn Abrurrahmon al-Varkiy (arabcha: عبد الواحد بن عبد الرحمن الوركي – Abu Muhammad Abdulvohid ibn Abdurrahmon ibn Qosim ibn Ismoil al-Qurashiy az-Zubayriy al-Buxoriy al-Varkiy) – shayx, imom va faqih.

Abdulvohid ibn Abdurrahmon al-Varkiy solih, uzoq umr koʻrganlardan biri boʻlgan. As-Sam’oniy: "Al-Varkiy 130 yoshga kirgan. Yahyo ibn Soʻidning shogirdlari Abu Zarr Ammor ibn Muhammadning qayd etgan maʼlumotlarini yozib olganidan 110 yil oʻtgach, vafot etgan. Undan koʻp odamlar hadis rivoyat qilganlar, qabri Buxorodan ikki farsax uzoqda joylashgan „Varkiy“ qishlogʻida ekani, qabrini ziyorat etgani haqida yozadi.

Abdulvohid ibn Abdurrahmon al-Varkiy Abu Zarr Ammor ibn Muhammad, Ibrohim ibn Muhammad ibn Yazdod ar-Roziy, Ismoil ibn al-Husayn al-Buxoriy, Ishoq ibn Hamdon al-Muhallabiy, Ahmad ibn Muhammad ibn Sulaymon al-Juriydan hadis rivoyat qilgan.

Abdulvohid ibn Abdurrahmon al-Varkiydan Usmon ibn Ali Poykandiy, Abu Ato Ahmad ibn Abu Bakr al-Hammomiy, Muhammad ibn Abu Bakr ibn Usmon al-Pazdaviy va ukasi Umar as-Sobuniy, Muhammad ibn Nosir as-Saraxsiy, Mahmud ibn Abu-l-Qosim at-Tusiy va boshqa muhaddislar hadis rivoyat qilganlar.

Abdulvohid ibn Abdurrahmon al-Varkiydan rivoyat boʻlgan hadis: „Bizga Ahmad ibn Hibatulloh oʻqib xabar berdilar. U kishiga Abdurrahim ibn Abdulkarim al-Marvaziy, u kishiga Usmon ibn Ali, u kishiga imom Abdulvohid ibn Abdurrahmon 1101-yilda (hijriy 494) xabar berganlar. U kishiga 993-yilda (hijriy 383) Ahmad ibn Muhammad ibn Sulaymon al-Forisiy yozdirgan holatda, u kishiga Ali ibn Muhammad ibn Zubayr al-Qurashiy, u kishiga al-Hasan ibn Ali ibn Affon, u kishiga Zayd ibn Hubob roviy Muoviya ibn Solihdan, u kishi Abdurrahmon ibn Jubayrdan, u kishi otalaridan, u kishi Amr ibn al-Hamiqdan aytib berganlar: „Paygʻambar: „Alloh taolo bandasiga yaxshilik xohlasa uni shirin qiladi“,  dedilar. Sahobalar: „Uni shirin qiladi – nima degani, ey Rasululloh?“ deb soʻrashganida: „Oʻlimidan oldin solih amallarini unga oson qilib qoʻyadiki, atrofdagi odamlar undan rozi boʻlishadi“, deb javob berganlar“[1].

  • Imom Shamsiddin Zahabiy. Mashhur daholar siyrati. – T.: „Hilol-nashr“, 2017. 183;
  • Oʻrta asr Sharq allomalari ensiklopediyasi. – Samarqand: „Imom Buxoriy xalqaro markazi“, 2016. 98.
  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.