Davlat belgisi
Ishga tushgan sanasi | 1993-yil aprel |
---|---|
Joylashuvi | Oʻzbekiston Toshkent shahri Javaharlal Neru koʻchasi 3-uy[1] |
Direktori | Djumaev Baxtiyor Djalilovich[1] |
Xoʻjayinlar | Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki |
Vebsayti | https://davlatbelgisi.uz/ |
Davlat belgisi davlat unitar korxonasi, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi „Davlat belgisi“ DUK – Oʻzbekistonda davlatning turli hujjatlari (pasport, sertifikat, qimmatli qogʻozlar, davlat mukofotlari[2] banknotlar va boshqa) ni tayyorlaydigan birlashma.
Bosma fabrikasi (Angliyaning „Harrison va oʻgʻillari“ firmasi bilan hamkorlikda qurilgan), qogʻoz fabrikasi (Germaniyaning „Luizental“ qogʻoz fabrikasi bilan hamkorlikda qurilgan) va Toshkent zarbxonasiga ega. Qalbakilashtirishdan himoyalangan qimmatli qogʻozlar, pasport qogʻozlari, aksiz markalar uchun qogʻozlar, pul bosiladigan qogʻozlar; banknotlar, sertifikatlar, lotereya biletlari, veksellar, cheklar, aksiz va pochta markalari, kolleksiya va esdalik tangalari toʻplami, esdalik nishonlari va boshqa ishlab chiqaradi. Birlashmada mazkur jarayonlar uchun barcha imkoniyatlar mavjud (zamonaviy texnika va texnologiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Shveysariyada taʼlim olgan yuqori malakali mutaxassislar, ishlab chiqarishdagi umumiy xavfsizlik).
Ilk mahsulotini Bosma fabrikasi bergan. Shuningdek, 1994-yil 1-iyuldan muomalaga kiritilgan Oʻzbekistan Respublikasining milliy valyutasi – soʻm ham mazkur fabrikada tayyorlanadi. Qogʻoz fabrikasi 1995-yildq foydalanishga topshirilgan. Zarbxona esa bu tizimdagi yangi korxona.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ikkinchi jahon urushi davrida Moskva Goznak bosma fabrikasi jihozlari va mutaxassislarining bir qismi Toshkentga evakuatsiya qilingan. Koʻchirilgan qurilmalar 1942-yil fevral oyida shay holatga keltirilgach, SSSR Moliya xalq komissarligining 1942-yil 25-avgustdagi B-244-son buyrugʻi bilan Goznakning tarkibiy korxonalaridan biri sifatida qayd etilgan Toshkent bosma fabrikasi ish boshladi[3]. Zavod 1944-yilning fevraligacha ishladi va qimmatli qogʻozlar hamda banknotlar chop etdi[4].
Oʻzbekistonda mustaqillikka erishgach, banknotlar va himoya hujjatlari va qogʻozlar ishlab chiqarishga ehtiyoj paydo boʻldi. 1992-yilda Angliyaning „Harrison and Sons“ kompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkent bosma fabrikasi qurildi va jihozlandi[5]. „Harrison and Sons“ kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomaga asosan Buyuk Britaniyadagi banknota ishlab chiqarish zavodlaridan asbob-uskunalar, texnologiya, nou-xau yetkazib berish va mutaxassislarni tayyorlash belgilab berilgan.
1993-yil aprel oyida „O‘zbekiston Respublikasida qimmatli qog‘ozlar ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish to‘g‘risida“gi qaror qabul qilindi. Unga koʻra 1993-yil aprel oyida ushbu korxona negizida „Davlat belgisi“ ishlab chiqarish birlashmasi tashkil etildi.
1994-yilgi pul islohoti davrida Davlat belgisi yangi turdagi milliy valyuta – soʻmning dizaynini ishlab chiqdi va bosishni boshladi. Oʻsha yili Germaniyaning banknot qog‘ozlari ishlab chiqaruvchi Luizental qogʻoz fabrikasi bilan hamkorlikda Toshkent qogʻoz fabrikasini qurish boshlandi. Fabrikada banknot qogʻozlarini emissiya qilish 1995-yilda boshlangan[6].
1995-yil aprel oyidan boshlab mahalliy qogʻoz fabrikasi respublikaning banknota qog'oziga boʻlgan ehtiyojini toʻliq qondira boshladi. Zamonaviy asbob-uskunalarning ishlab chiqarish quvvati oʻsha paytda ham bir vaqtning o‘zida jahon andozalari talablari asosida sifatli pasport, aksiz va boshqa turdagi himoya qog‘ozlari, banknot qog‘ozlarini ishlab chiqarish imkonini berdi[7].
Faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]„Davlat belgisi“ davlat unitar korxonasi tarkibiga Toshkent matbaa fabrikasi, Toshkent qogʻoz zavodi, Toshkent zarbxonasi kabi boʻlimlar kiradi. Bugungi kunda „Davlat belgisi“ davlatning oʻz mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini toʻliq qoplaydigan zamonaviy yuqori texnologiyali ishlab chiqarish hisoblanadi. Korxonaning texnik jihozlari eng yuqori xalqaro standartlar va talablarga javob beradi[8]. Korxona mahsulotlari qatoriga yuqori himoyalangan qimmatli qogʻozlar, pasportlar, banknotlar, pochta va aksiz markalari, veksellar va cheklar kiradi. Qogʻoz ishlab chiqarishda floresan, koʻrinadigan va ko'rinmas tolalar va har xil turdagi himoya iplari kabi maxsus himoya elementlari qoʻllanadi. Qogʻoz optik yoritgichlar qoʻshilmasdan ishlab chiqariladi. 1998-yilda Qogʻoz fabrikasi o'zining Watermark atelyerasini taqdim etdi, u yerda mijozlar talablariga muvofiq, har qanday murakkablikdagi portret, meʼmoriy va boshqa moyboʻyoqli dumaloq toʻrli mahsulot ishlab chiqariladi. Shuningdek, mavjud zamonaviy asbob-uskunalar yordamida “elektrotip” usulida suv belgilari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.
Toshkent qogʻoz fabrikasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Toshkent qogʻoz fabrikasi 1995-yilda ishga tushirilgan. Asosiy mahsulotlari – bu koʻrinadigan va koʻrinmaydigan tola bilan turli darajadagi himoyalangan qogʻozlar, himoya iplari, turli xil konfiguratsiya va murakkablikdagi suv belgilari, xususan oʻzining Atelyesida ishlab chiqilgan suv belgilari. Banknot qogʻozini ishlab chiqarishning oʻziga xos xususiyatlaridan biri bu paxta tolasidan foydalanishdir, chunki Oʻzbekiston dunyodagi yirik paxta yetishtiruvchi mamlakat hisoblanadi. Zavod mahsulotlari Rossiya, Ozarbayjon, Qirgʻiziston, Gruziya, Fransiya, Bangladesh va Kambodjaga eksport qilinadi[9].
Qogʻoz fabrikasi shuningdek, yozuv qogʻozi, rangli qogʻoz va karton ishlab chiqaradi[10]
Toshkent zarbxonasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]„Toshkent zarbxonasi“ Davlat belgisi DUKning tarkibiy korxonalaridan biri.
Toshkent tarixidagi zarbxonalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Toshkent vohasi, tarixiy Shosh (Choch) hududidagi ilk davlat tuzilmalaridagi ilk tangalar milloddan avvalgi 3-asr oʻrtalariga toʻgʻri keladi, tangalar zarb qilinishini eramizning birinchi ming yilliklarida kuzatish mumkin. Toshkent nomi ilk bor XI asr boshlariga oid tangalarda uchraydi[11].
XV asrning Temuriylar davri va keyingi Shayboniylar davrining XV oxiri – XVI asr boshlarigacha Toshkent zarbxonasida zarb qilingan koʻplab mis tangalar maʼlum (Ulugʻbek davridagi pul islohotida mis tangalarda zarbxona nomi koʻrsatilgan)[12].
Toshkent zarbxonasi 17—18-asrlarda Ashtarxoniylar davlatining beshta zarbxonasidan biri boʻlib, qolganlari Buxoro, Samarqand, Balx va Hisorda joylashgan. Oxirgi Ashtarxoniy hukmdor – Abdulgʻozixon davrida Toshkentda pul zarb qilish kamayib borgan va toʻliq Buxoroga koʻchirilgan[13].
Hozirgi holati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Toshkent zarbxonasi mahsulotiga tangalar, jumladan, qimmatbaho metallardan yasalgan esdalik tangalar, davlat mukofotlari, nishonlar, esdalik belgilari va sport medallari kiradi[6]. 2018-yilda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi „Davlat belgisi“ davlat ishlab chiqarish birlashmasi bosh direktori etib Baxtiyor Jalilovich Jumayev tayinlandi. Bunga qadar ushbu lavozimda Sulaymon Xudoyqulovich Xudoyqulov faoliyat yuritib kelgan[14].
Manzili
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi „Davlat belgisi“ davlat unitar korxonasi Toshkent shahri Yunusobod tumani Javaharlal Neru koʻchasi 3-uyda joylashgan[15].
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Galereya
[tahrir | manbasini tahrirlash]Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 „Ўзбекистон Республикаси Марказий банкининг “Давлат белгиси” давлат унитар корхонаси“. cbu.uz. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki. Qaraldi: 5-noyabr 2023-yil.
- ↑ „Об учреждении памятной медали в честь 70-летия победы над фашизмом“. 2015-yil 26-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 25-iyun.
- ↑ „Гознак в период Великой Отечественной войны. Сайт Гознака“ (deadlink). 2015-yil 26-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 25-iyun.
- ↑ „А.Трачук. Война и Гознак“. 2015-yil 26-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 25-iyun.
- ↑ „DAVLAT BELGISI ISHLAB CHIQARISH BIRLASHMASI“. www.malumot.ru. Qaraldi: 27-noyabr 2023-yil.
- ↑ 6,0 6,1 „Давлат белгиси на сайте ЦБ РУз“ (deadlink). 2015-yil 26-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 25-iyun.
- ↑ „O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi “Davlat belgisi” davlat unitar korxonasi“. www.cbu.uz. Qaraldi: 27-noyabr 2023-yil.
- ↑ „Золотой сертификат ISO 9001 вручен производителю банкнот“ (deadlink). 2015-yil 26-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 26-iyun.
- ↑ „Сайт компании Давлат белгиси“ (deadlink). 2018-yil 12-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 27-iyul.
- ↑ „Ташкентская бумажная фабрика. Сайт ЦБ РУз“ (deadlink). 2015-yil 26-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 26-iyun.
- ↑ „Ртвеладзе Э., Ртвеладзе Л. Ташкент - дорогами истории“. 2015-yil 26-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 26-iyun.
- ↑ „Камышев А.М. Клады медных монет Тимуридов и Шейбанидов“. 2015-yil 26-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 26-iyun.
- ↑ „Давидович Е.А. История монетного дела Средней Азии 17-18 вв.“. 2015-yil 26-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 26-iyun.
- ↑ „«Davlat belgisi»ning uzoq yillik rahbari o‘rniga yangi direktor tayinlandi“. www.kun.uz. Qaraldi: 27-noyabr 2023-yil.
- ↑ „Toshkent zarbxonasi manzili“. www.yandex.uz. Qaraldi: 27-noyabr 2023-yil.