Yuan Shikai
Yuan Shikai (1859.16.9, Syanchen uyezdi, Xenan viloyati — 1916.6.6, Pekin) — Xitoy harbiy va siyosat arbobi. 1885—94 yillarda Koreyada noib. 90-y.larning 2-yarmida beyyan (shimol) armiyasida korpus komandiri. 1898 yil Kan Yuveyning islohotchilik harakatiga qoʻshilgan, lekin tez orada ularga xiyonat qilgan. 1899—1901 yillarda Shandun viloyati gubernatori lavozimida Ixetuan qoʻzgʻolonini bostirishda faol qatnashgan. 1901—08 yillarda poytaxt Chjili viloyati noibi. 1909 yil isteʼfoga chiqarilgan. Sinxay inqilobi boshlangach, Sin hukumati tomonidan bosh vazir etib tayinlangan (1911 yil 2 noyabr). Yu.Sh. inqilobchilar bilan monarxiya oʻrtasida kelishuvchilik siyosatini yurgizgan. Sin sulolasi hokimiyatdan voz kechgan paytda (1912 yil 12 fevral) beyyan armiyasi va imperialistik davlatlar madadiga tayanib hamda inqilobchilar orasidagi kelishuvchilar, ikkilanuvchilardan foydalangan holda mamlakat prezidenti boʻlgan. 1913 yil "ikkinchi inqilob"ni bostirgan Yu.Sh. Xitoyda harbiy diktatura oʻrnatgan. 1915 yil mayda Yu.Sh. hukumati Xitoy uchun asoratli boʻlgan Yaponiyaning "yigirma bir talabi"ni qabul qilgan. 1915 yil dekabrda Yu.Sh. imperator boʻlmoqchi ekanligi haqidagi qarorni eʼlon qilgan. Bu mamlakatda monarxiya tuzumiga qarshi keng xalq harakatini keltirib chiqargan. Mana shu harakat avjiga chiqqan paytda Yu.Sh. toʻsatdan vafot etgan.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]