Yoqub Boqiyev
Yoqub Boqiyev | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlari | |
Tavalludi |
1903-yil Qoʻqon shahri |
Yoqub Boqiyev (1903—?) — davlat va jamoat arbobi. Yoqub Boqiyev 1903-yil Qoʻqon shahrida tavallud topgan. U dastlab A.Ibodiy „Irfon“ maktabida, soʻng rus-tuzem maktabida tahsil oladi. 1919-yil Qoʻqon shahridagi muallimlar kursini bitirib, Konibodom shahriga borib, „Turon“ maktabida tahsil oladi. 1919-yili Qoʻqon shahrida muallimlar kursini tamomlab, Konibodom shahriga boradi va Turon maktabida dars bera boshlaydi. Shundan soʻng u partiyaga kirib, Konibodomdagi sovet tashkilotlariga xizmat qiladi. 1921-yil Moskvaga borib, Sverdlov nomidagi komuniversitetning 8 oylik kursida, 1922-yili Stalin nomidagi Sharq mehnatkashlari kommunistik universiteti (KUTV)dagi 4 oylik kursida oʻqiydi. 1922-yili u 6 oy qizil armiya safida xizmat qiladi. 1924—1925-yillarda Fargʻona muzofoti partiya qoʻmitasida tashkilotchi, Qoʻqon shahar ijroqoʻmida mas’ul kotib sifatida ish olib boradi. Soʻng Toshkentga kelib, Oʻzsovprofning madaniy oqarturuv boʻlimi mudiri boʻladi. 1929-yil otasi boy boʻlgan deb partiyadan haydashadi[1]. Koʻp oʻtmay u partiyaga qaytib tiklanib, Oxunboboyev nomidagi sanoat bilim yurtida jamiyatshunoslik fanidan dars oʻtadi. Ayni paytda muzeyda ham ilmiy xodim boʻlib ishlaydi. 1932-yil Qoraqalpogʻistonga borib, madaniy oqartuv boʻlimiga rahbarlik qiladi. 1934-yildan Yoqub Boqiyev Gʻallaorol tuman xalq maorifi boshqarmasiga rahbarlik qiladi. Ammo 1935-yil u ishdan olinadi. U yana 1935-yil 20-iyunda partiya va hukumat topshiriqlarini bajarmagan ayblovi bilan partiyadan oʻchiriladi. 1937-yil 16-yanvar kuni OʻzSSR IIXK Zagvozdin OʻzSSR JKning 66-moddasi 1-bandi bilan talabalar oʻrtasida aksinqilobiy targʻibot olib borishda ayblab qamoqqa olishga qaror qilinadi. Uning uyida 1937-yil 15-yanvar kuni tintuv oʻtkaziladi. Unga qoʻyilgan birorta ayblovlar oʻz tasdigʻini topmagan. 1937-yil 3-yul kuni IIXK huzuridagi sud Yoqub Boqiyevni 5 yil mehnat tuzatish lageri (MTL)ga hukm qiladi. U 1980-yil 13-oktabrda OʻzSSR Oliy sudi tomonidan oqlangan[2].