Kontent qismiga oʻtish

Yilqichilik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Yilqichilik — chorvachilik tarmogʻi. Otlarni urchitish, koʻpaytirish, zotini takomillashtirish, naslchilik ishlari bilan shugʻullanadi. Yilqichilik ishchi hayvon tariqasida arzon, samarali energiya manbai. Yilqichilik xilma-xil qishloq xoʻjaligi ishlarida, sanoat korxonalarida, geologlarning razvedkachilik-qidiruv ishlarida, turli xil ilmiy ekspeditsiya tarkibida, chegara qoʻshinlari va qoʻriqchilik xizmatida noyob ot-ulov vazifasini oʻtaydi.

Yilqichilik Osiyo va Yevropada mil. av. 4-ming yillikda paydo boʻlgan. Koʻhna Yilqichilik markazlaridan biri, shubhasiz, Oʻrta Osiyo kengliklari hisoblanadi. Otlar mil. av. 2-ming yillikda Oʻrta Osiyodan Kichik Osiyoga, undan Afrikaga tarqalgan. Amerikaga otlar yevropaliklar tomonidan 16-asr da, Avstraliyaga 17-asr da keltirilgan. Otlar qoʻlga oʻrgatilganidan va xonakilashtirilganidan keyin insonning koʻpgina ishlarni bajarishda doimiy yordamchisiga aylandi, armiyada alohida otliq qoʻshinlar tuzildi. Ayrim xalqlarda Yilqichilik oziq-ovqat mahsulotlari — goʻsht va sut olinadigan xoʻjalik tarmogʻi boʻlib qoldi.

Qad. davrlardan boshlab inson oʻz ehtiyojlariga javob beradigan ot sifatlarini takomillashtirib keldi. Yilqichilik taraqqiyotida salt miniladigan, aravaga qoʻshiladigan va yuk ortiladigan asosiy otlar yaratildi.

Mavjud mahalliy ot zotlarini takomillashtirish va davr talabiga mos yangi ot zotlarini yaratish 18- va 19-asrlarda jadal surʼatlar bilan amalga oshirildi. Natijada 21-asr boshlariga kelib dunyo mamlakatlarida 250 dan ortiq xilmaxil turkum ot zotlari urchitilmoqda. Shular qatoridan odimlab yuruvchi, vazni 800–900 kg yirik, ogʻir yuk tortuvchi (16 tonnagacha) yilqi zotlari va boʻyi 30 sm, tugilgandagi vazni 5–6 kg keluvchi mitti falabella (Avstraliya) poni otlari oʻrin olgan.

Qad. Sharqning Movarounnahr hududi argʻumoklari oʻzining takrorlanmas, xoʻjalik uchun foydali biologik xususiyatlari bilan nom taratgan dongdor jonivorlar safidan hakli ravishda tarixda oʻz oʻrniga ega. Oʻzbek xalq dostonlari "Alpomish" va "Goʻroʻgʻli"dagi Boychibor va Gʻirotlar obrazlari bunga misoldir.

Oʻzbekiston diyorida Yilqichilik anʼanalari va madaniyati minglab yillar bilan oʻlchanadi. Oʻzbeklar avlodi qadimdan otdan tushmagan. Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Mirzo Boburlar umri "ot usti"da oʻtgan.

20-asr boshida butun dunyoda 125 mln., shu jumladan, Oʻzbekistonda 590 ming bosh yilqi mavjud boʻlgan. Soʻnggi yillarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini i.ch.da zamonaviy mashina va mexanizmlardan keng koʻlamda foydalanish va avtomobil-yoʻl transportining keng rivoji natijasi oʻlaroq ot kuchiga boʻlgan talab tobora soʻnib bordi va oqibatda 20-asr, xususan, 20-asr ning 30-y. laridan soʻng Yilqichilik rivojida salbiy oʻzgarishlar sodir boʻldi. Yilqichilik qoloqlikka yuz tutdi, eʼtibordan chetda qoldi. 1990-yil ga kelib Oʻzbekistonda yilqi soni atigi 89 ming boshni tashkil etdi, xolos. 1991— 2001-yil larda respublikada Yilqichilik rivojlandi va 152000 boshga yetdi.

Hoz. zamon dunyo Yilqichilik 4 ta asosiy yoʻnalishda rivojlanmokda: naslchilik yilqichiligi; ishchi otlarni yetishtirish va ishchi otlar yilqichiligi; mahsuldor yilqichilik; milliy ot oʻyinlari, ot sporti va ot sayohati yilqichiligi.

Naslchilik yilqichiligi uchun mavjud yilqi zotlarini takomillashtirish, mamlakat ommaviy Yilqichilikgi uchun qimmatbaho asl va toza zotdor yilqilarni yetishtirib berish asosiy vazifa sifatida belgilangan. Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand va b. viloyatlar xoʻjaliklarida Yilqichilik jadal rivojlanmoqda. Yangi Yilqichilik xoʻjaliklari tashkil etildi. Jizzax viloyatida "Zarbuloq", "Oʻzbekiston", "Doʻstlik"; Surxondaryoda qimiz va ot goʻshti yetishtirishga ixtisoslashgan "Darband"; Qoraqalpogʻistonda "Oqqalʼa"; Samarqandda "Pangat" naslchilik xoʻjaligi; Andijonda "Hamza" qimiz va ishchi ot yetishtiruvchi shirkat xoʻjaliklari shular jumlasidandir. Oʻzbekiston Respublikasida 3 ot zavodi (Toshkent, Jizzax va Qashqadaryoda — Hisor), 1 naslchilik xoʻjaligi, 12 naslchilik fermasi, 4 ferma va b. xoʻjaliklar Yilqichilik ni rivojlantirish boʻyicha ishlar olib bormoqda. Naslchilik Yilqichilik ning asosini ot zavodlari va naslchilik Yilqichilik fermalari tashkil etadi. Bu yetakchi xoʻjaliklar Oʻzbekistonda ommaviy tovar Yilqichilik xoʻjaligi fermerlarini, "Nasl-xizmat" korxonasini va "Chorvanasl" birlashmasini zot sifatini yaxshilovchi deb tan olingan (sertifikatli) qimmatli nasldor yilqilar bilan uzluksiz taʼminlaydi.

Ot zavodlari va naslchilik ferma yilqilari respublika otchopari kotila ishchanlik qobiliyati boʻyicha sinovdan oʻtkaziladi. Sinovda yoʻrtoqi, salt miniluvchi va baʼzan ogʻir yuk tortuvchi zot yilqilariga mansub toy va gʻoʻnonlar maxsus dastur asosida mashq mashgʻulotlarini oʻtaydi, chopqirligi, kuchi va bardoshligi sinaladi.

Ishchi otlarni yetishtirish. Yilqichilik naslchilik yoʻnalishi boʻyicha ixtisoslashgan xoʻjaliklarning Yilqichilik tovar fermalarida ishchi otlar saqlanadi, urchitiladi. Yilqilardan ishchi hayvon tariqasida foydalanish turi mahalliy sharoitga bogʻliq.

Mahsuldor yilqichilik goʻsht yilqichiligi va sut yilqichiligi kabi tarmoqlardan iborat. Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Oʻzbekistonning togʻ va togʻoldi zonalari, Qoraqalpogʻiston va b. xududlarda mahsuldor Yilqichilik uyur yilqichiligi koʻrinishida avj olgan. Yil davomida yaylovlardan foydalanish arzon va sifatli yilqi mahsulotlarini (ot goʻshti va ot suti) yetishtirishning asosiy garovi. Bitta yaylov biyasidan yiliga 1,5—2 s tirik vaznda ot goʻshti olish mumkin. Maxsus boqilgan yilqi va uning goʻshtidan shi-rintob, yuqori kaloriyali, milliy tansiq oziq-ovqat mahsulotlari — qazi-qarta tayyorlanadi.

Sut yilqichiligi va u bilan bogʻliq boʻlgan qimiz tayyorlash texnika va texnologiyasi goʻsht yilqichilik xoʻjaligi ichida va goʻsht yetishtirish bilan birga amalga oshiriladi. Qimiz yetishtirish tobora avj olmoqda. Hamdoʻstlik mamlakatlari ichra 50 dan ortiq qimiz bilan davolash muassasalari aholiga xizmat koʻrsatmoqda. Jumladan, Qozogʻistonda "Borovoye", Qirgʻizistonda "Issiqkoʻl", Oʻzbekistonda "Chatqol", Boshqirdistonda "Shafronovo" va hokazo.

Ot sporti yilqichiligi milliy ot oʻyinlari va xalqaro ot sporti hamda olimpiya musobaqalarida qatnashuvchi komanda ishtirokchilari uchun zotdor, chopqir, kuchli va aʼlo sifatli salt miniladigan hamda yoʻrtoqi sportbop otlarni tayyorlash vazifalariga xizmat qiladi.

Ot sporti taraqqiy etgan chet el mamlakatlari ichida Buyuk Britaniya, Germaniya, Shvetsiya, AQSH alohida oʻrin tutadi.

Dunyo mamlakatlari qatori Oʻzbekistonda ham qad. milliy ot oʻyinlari va klassik ot sporti uchun kuchli zamin tayyorlangan. Ot sporti, koʻpkari, ot poygasi respublika va respublikalararo federatsiyalari va qator ot sport mahorat maktablari, "Oltin taqa" kabi ot sport klubi oʻz istiqboli muhim ishlarini Yilqichilik xoʻjaliklari faoliyati bilan chambarchas bogʻliq holda rivojlantirmoqda. Respublika ot sporti federatsiyasi, poyga va koʻpkari boʻyicha respublika federatsiyasi tuzildi va faol ish yuritmoqda. Milliy ot oʻyinlari boʻyicha Bishkekda tashkil etilgan Xalqaro federatsiyaga Oʻzbekiston aʼzo boʻldi. Qator ot sport klublari va ot sporti bolalar mahorati maktablari ochildi. Ular respublika va viloyat ot-choparlari bilan Hamkorlikda mashgʻulotlarni boshlab yuborganligi milliy ot oʻyinlari va ajoyib ot sporti rivojidan yorqin dalolatdir.

Oʻzbekiston chorvachilik ilmiy tadqiqot instituti Yilqichilik sohasi boʻyicha ilmiy ishlarni bajaradi, i.ch. texnologiyalariga oid zamonaviy dolzarb masalalar yuzasidan tarmoqqa ilmiy asosda amaliy yordam koʻrsatadi.

Yilqichilik fan sifatida oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlarining zoomuhandislik va veterinariya fakultetlarida oʻqitiladi (yana q. Ippologiya, Ot).

  • Konevodstvo (Pod red. prof. V. A. Shekina), T., 1952; Kalinin V. I., Yakovlev A. A., Konevodstvo, M., 1966; Bobilev I., Konnie igri, T., 1989.

Abdusattor Amirov.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil