Kontent qismiga oʻtish

Yevstaxiy nayi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Yevstaxiy nayi — quruqlikda yashaydigan umurtqali hayvonlarda yutqunni oʻrta quloq boʻshligʻiga tutashtiradigan kanal. 1563-yilda italyan olimi B. Yevstaxiy (1510-1574) tasvir etgan. Oʻrta quloqdagi havo bosimini tevarak muhutdagiga tenglashtirish uchun xizmat qiladi. Yevstaxiy nayi jabra yorigʻining rudimentidan kelib chiqqan. Timsoqlarda oʻzaro tutashuvchi kanallarning murakkab sistemasini hosil qiladi. Ilonlarda oʻrta quloq reduksiyalangani uchun Yevstaxiy nayi yoʻq. Insonda oʻrta quloq boʻshligʻi bilan yutqinning burun qismi oraligʻida joylashgan eshituv nayi, uzunligi oʻrta yoshdagi odamlarda 30–40 mm, suyak va togʻaydan tuzilgan. Suyak qismi (10–15 mm) chakka suyagi tarkibida boʻlsa, togʻay (2/3) qismi 20– 25 mm boʻlib, yutqin tomonda joylashgan. Nayning bir uchi kengayib oʻrta quloqqa ochilsa, ikkinchi uchi kengayib yutqinga ochiladi. Nay yutqin orqali oʻrta quloq boʻshligʻini tashqi muhit bilan bogʻlab turadi. U oʻrta quloq boʻshligʻidagi havoni almashtirib, bir muvozanatda saqlaydi va tovush toʻlqinlarining normal oʻtishini taʼminlaydi. Nay shilliq qavati yalligʻlanib, teshigi berkilib qolsa, inson eshitish qobiliyatini yoʻqotadi. Shu sababli samolyotda havoga koʻtarilish, zambarak otish, kuchli yer portlashlarida ogʻizni ochib turish tavsiya etiladi. Aks holda tashqaridan kuchli havo toʻlqini nogʻora pardaga (oʻrta quloq boʻshligʻini chegaralab turadi) taʼsir etib pardani yirtishi mumkin. Yuqori nafas yoʻllari kasalliklari (shamollash, angina, burun yondosh boʻshliqlarining yalligʻlanishi) evstaxiitga (Yevstaxiy nayining yalligʻlanishi) sabab boʻladi[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil