Kontent qismiga oʻtish

Xotirot

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Xotirot — nomli tarixiy asar, muallifi XIX asr tarixchisi Mirsayid Muhiddin Fathobodiydir.

XIX asr Buxoro amirligi tarixiy jarayonlarini yoritishda „Xotirot“ asarining alohida o‘rni bo‘lib, uning muallifi Mirsayid Muhiddin Fathobodiy ham mazkur davrda yashagan ziyoli va mansabdor kishilar toifasidan sanalgan. Muallif Buxoro amirligida kechgan tarixiy jarayonlarni o‘z ko‘rgan-kechirganlari asosida memuar janrida yozib qoldirgan. „Xotirot“ XIX asrda fors-tojik tilida yozilgan asar va uning yagona qo‘lyozmasi O‘zR FA Sharqshunoslik instituti fondida 328-raqamda saqlanadi[1]. Qoʻlyozma hajmi 30 varaqdan iborat. Qo‘lyozma yaxshi saqlangan, sharq qog‘oziga Buxoro nastaliq xatida qora siyohda ko‘chirilgan. Xattot ismi va asarning ko‘chirilgan yili qayd etilmagan. Asar anʼanaga ko‘ra bismilloh, hamdu sano, durudlardan so‘ng quyidagicha boshlangan: "Ammo hamdu sanodan so‘ng, bu faqir va haqir banda boshdan oyoq kamchilikka bulangan Mir Sayid Muhiddin ibn Mirsayid Habibulloh Fathobodiy „Odamlarga aqllari miqdoriga ko‘ra gapiring“ (mazmunidagi) hadisi sharif yuzasidan ushbu o‘ttiz fasl, o‘nta muqaddima va to‘qqizta xotimani o‘z ichiga olgan bir kitobni aslnasab, pokdomonlik va farosat sohibi bo‘lmish baʼzi toliblar uchun taʼlif qilishga kirishyapman". Keyingi satrlarda muallif ilm olish istagida yurgan talabalarga o‘zining tajribalariga suyanib, „Ey tolibi sodiq, bilgilki, dunyo va oxirat obodligi ilmdadur“, deb nasihat qiladi. Mirsayid Muhiddin Fathobodiy o‘z asarida o‘zini raiszoda, maxdumzoda deb ataydi. Muallif otasi haqida maʼlumot berib, otasi Qozi Mulla Sirojiddin maxdumning qozilik mansabida ishlagani, uning Amir Muzaffar saltanatining komil, oliy, ishonchli kishilaridan ekanligi, martabasi baland bo‘lgani, amir bilan shaxsan tanish bo‘lishgani haqida yozgan. Mirsayid Muhiddin Fathobodiy Amir Muzaffarni maqtab, yaxshi sifatlar bilan eslaydi: "Hazrat firdavs makon, amnu amon boisi, amirlar amiri, sohibi ixtiyor, ulamo va avom orasini ajratuvchi Nosiruddin — Muhammad sollallohu alayhi vasallam dinining yordamchisi Sayid Muzaffar Bahodir Sulton, ulamo va umaro, fuqaro va masokin va raiyya qoidasini shunday tutganki, qizil tillo kabi merosiy bir shoh edi". „Xotirot“da Amir Muzaffarning hukmronlik davri tavsiflangan alohida bo‘lim „Janobi oliyning qonun-qoidalari bayonida“ deb nomlangan. Mirsayid Muhiddin Fathobodiy qalamiga mansub yagona nusxadagi „Xotirot“ asari Oʻzbekiston tarixining muhim davrlaridan biri XIX asrning ikkinchi yarmida Buxoroning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotidagi jiddiy o‘zgarishlar, Amir Muzaffar hukmronlik qilgan davrda Buxoro amirligida turmush tarzi, Buxoro amirligida kechgan tarixiy jarayonlarni yoritishda hamda baʼzi masalalarning yechimini topishda ajralib turadi[2].


  1. Ziyayeva D. Oʻzbekiston tarixiga oid manba va tadqiqotlar (XIX—XX asr boshlari) monografiya. Toshkent: Nurafshon business, 2020 — 456-bet. 
  2. Masʼul muharrir Habibullayev N.N. Oʻzbekiston tarixi (xrestomatiya) 3-jild. Toshkent: Fan va texnologiya, 2014 — 380-bet.