Kontent qismiga oʻtish

Xalazion

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Xalazion(qadimgi yunoncha: χαλάζιον — doʻl, tugun, qattiqlashuv) — bu qovoqning chegaralangan surunkali proliferativ yalligʻlanishi. U togʻay ichidagi meybomiy bezchalari yoʻli yopilib, shu yoʻl atrofida asta-sekin biriktiruvchi to'qima oʻsib borishi bilan xarakterlanadi. Kasallik bezning chiqish kanali turli sabablarga koʻra bekilib qolganda va unda sekretor suyuqlik toʻplanganda paydo boʻladi [1] .

Xalazion meybomiy bezi (ter va yogʻ bezlari evolyutsiyasi jarayonida oʻzgargan) kanallarining yopilib qolishi natijasida kelib chiqadi, uning lipid sekretsiyasi koʻz yoshi suyuqligi bilan birga koʻz qovogʻining cheti va ko'z olmasining yuzasi qurib ketishiga yoʻl qoʻymaydi . Bez kanalining bekilib qolishi natijasida koʻz qovogʻining chetida tugunga oʻxshash boʻrtma paydo boʻladi [2] . Bitta koʻz qovogʻida 150 dan ortiq meybomiy bezlari boʻladi. Ammo bez kanalining yopilib qolishi har doim ham xalazionga olib kelmaydi, koʻpincha bez yoʻli oʻz-oʻzidan ochilib ketadi va xalazion hosil boʻlmaydi [1] .

Xalazion hayot uchun xavfli emas, lekin u koʻzga qator noqulayliklar tugʻdiradi va baʼzi hollarda koʻrishni buzishi ham mumkin (koʻrishning buzilishining odatiy mexanizmi shundan iboratki, koʻz olmasida Xalazion bosimi tufayli astigmatizm paydo boʻladi va toʻr pardadagi tasvir qisman xiralashadi.) [2] .

Xalazion koʻpincha blefarit(koʻz qovoqlari terisining yalligʻlanishi) fonida paydo boʻladi. Shu bilan birga, Xalazionning paydo boʻlishining aniq sabablari nomaʼlum [2] .

Xalazion koʻpincha koʻz qovogʻining yuqumli yalligʻlanish kasalliklari bilan qoʻshilib keladi. Ularning asosiy farqi shundaki xalazion yuqumsiz sharoitda rivojlansa, koʻz qovogʻining boshqa yalligʻlanish kasalliklariga patogen mikroflora sabab boʻladi.

Xalazion barcha yoshdagi odamlarda, shu jumladan bolalarda ham uchraydi va koʻpincha 30-50 yoshlilar kasallanadi. [1] .

Simptomlar va patogenezi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xalazion rivojlanishining dastlabki ikki kuni ichida koʻz qovogʻining yuqumli yalligʻlanish kasalliklariga oʻxshaydi, bu davrda alomatlar ham oʻxshash boʻladi: oʻrtacha ogʻriq bilan koʻz qovogʻining tirnashni eslatuvchi taʼsirni sezishi va shishishi [1] .

1-2 kundan keyin shish pasayadi, koʻz qovogʻida yumaloq, ogʻriqsiz shish qoladi. Keyin shish (Xalazion) asta-sekin oʻsib boradi, odatda oʻsish jarayoni taxminan bir hafta davom etadi. Kamdan kam hollarda, Xalazion bir haftadan koʻproq vaqt davomida oʻsishda davom etadi va u kattalashgani sayin shox parda ni bosishni boshlaydi, bu esa koʻrish oʻtkirligining biroz yomonlashishiga olib keladi. Bundan tashqari, koʻz qovogʻining ichki yuzasida qizil yoki kulrang nuqta paydo boʻlishi ham mumkin. Agar Xalazion juda katta boʻlsa (taxminan 5 mm yoki undan koʻp [2]) u ogʻriqli boʻlishi mumkin. Kichik oʻlchamdagi xalazion to kattalashguncha bemorni umuman bezovta qilmasligi mumkin.

Koʻz qovogʻida kichik, noʻxat oʻlchamidagi zich tugun seziladi, uning ustidagi teri shishgan, harakatchan, sezgir hamda konyunktivada giperemiya (qizarish) va kulrang zona mavjudligi koʻrinadi. Agar asoratlar boʻlmasa, palpatsiya juda ogʻriqli boʻlmasligi mumkin. Baʼzida yiringlash paydo boʻladi, keyin yalligʻlanish belgilari qoʻshiladi: ogʻriq, koʻz qovoqlari terisining qizarishi, konyunktivadan yiring chiqishi bilan oʻz-oʻzidan ochilishi mumkin.

Tashxis klinik belgilar asosida amalga oshiriladi. Xalazion yuqorida aytilgandek koʻz qovogʻining boshqa yalligʻlanish kasalliklari bilan oʻxshash boʻlgani uchun ular bilan differensial diagnostika qilinadi. Xalazion gipotermiya, tananing himoya funktsiyalarining pasayishi bilan rivojlanadi va shamollash (ayniqsa, gipotermiya), kontakt linzalar taqish va boshqalar ham Xalazionga olib kelishi mumkin. Bu, shuningdek, insonning, asosan, juda yogʻli teriga ega boʻlishi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin: bu bezning koʻpayishi lakrimal oqimning bloklanishiga olib kelishi mumkin.

Umumiy holatlarning taxminan toʻrtdan birida xalazion davolanmasdan yoʻqoladi [1], oʻz-oʻzidan tiklanish bir necha haftadan olti oygacha davom etadi [2] .

Xalazion terapiyasining birinchi qatori konservativ davo boʻlib, birinchi navbatda issiq kompresslar, soʻngra koʻz qovoqlarining massaji qoʻllanadi. Issiqlik va massaj bez kanalining bekilib qolishini bartaraf etishga yordam beradi [1] [2] .

Terapiyaning ikkinchi yoʻnalishi — yalligʻlanishni kamaytirish uchun steroid inyeksiyalarini qoʻllash hisoblanadi [1] . Antibiotiklardan mahalliy foydalanish davolashda hech qanday taʼsir koʻrsatmaydi.

Jarrohlik usulida davolash katta oʻlchamdagi xalazionning konservativ davosi olti oydan ortiq vaqt davomida natija bermasa yoki yiringlash sodir boʻlganda (chalazion yuqumli jarayonga aylanadi) [2], shuningdek tez-tez qaytalanish holatlarida qoʻllanadi.

Kattalarda operatsiya mahalliy ogʻriqsizlantirish ostida, koʻpincha ambulatoriya sharoitida oʻtkaziladi. Bolalar operatsiya vaqtida oʻzini nazorat qila olmasligi sababli umumiy ogʻriqsizlantirish ostida amalga oshiriladi.

Kattalarda operatsiya davomiyligi taxminan 20 daqiqani tashkil qiladi.

Operatsiya texnikasi — kesma va kuretajdan iborat.

Jarrohlikdan soʻng yuzaga kelgan xalazion takrorlangan taqdirda, bemor buning sababini topish uchun terapevtga murojaat qilish kerak. Qaytalanuvchi xalazionning mumkin boʻlgan sabablari orasida teri kasalliklari va kamdan-kam hollarda xavfli oʻsmalar oʻrin oladi.

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 1,6 Удодов 2021.
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 2,5 2,6 Андрианова 2022.