World Book Encyclopedia
![]() Ensiklopediyaning logotipi | |
Asl nomi | The World Book Encyclopedia |
---|---|
Til | inglizcha |
Janr(lar)i | ensiklopediya |
Nashr etilgan sanasi | 1917 — bugun |
Nashriyot | World Book, Inc. |
„World Book Encyclopedia“ (talaffuzi: Uorld Boʻk Ensayklopidiya; tarjimasi „Dunyo kitobi ensiklopediyasi“) — AQSHda chop etiladigan universal ensiklopediya. Ensiklopediya nashriyotiga koʻra, „World Book Encyclopedia“ „jahondagi eng bozori chaqqon bosma ensiklopediyadir“.[1] Ensiklopediyada ilmning asosiy sohalari muntazam tartibda yoritilgan. Xususan, ilm, texnika va tibbiyot sohalari boʻyicha maqolalar ayniqsa chuqur yozilgan.[2] „World Book Encyclopedia“da maqolalar soddaroq ingliz tilida yozilgan. Bunga qaramasdan, mavzular juda chuqur yoritilgan.[3] „Oilaviy“ ensiklopediya oʻlaroq sotiladigan ensiklopediya 15 yoshdan yuqori oʻquvchilarga moʻljallangan.[4]
Ensiklopediya nashriyoti Illinois shtatidagi Chicago shahrida joylashgan. Birinchi nashri 1917-yil chop etilgan va 8 jilddan iborat boʻlgan. Oʻsha paytdan beri har yili yangi nashr chiqarilib kelinmoqda. Faqat 1920-, 1924- va 1932-yillardagina yangi nashr chiqarilmagan. 1929-yilgi (13 jild), 1947-yilgi (19 jild), 1960-yilgi (20 jild) va 1988-yilgi (yangi font va sahifa dizayni hamda 10 000 ga yaqin muharrir oʻzgartirishlari) nashrlarda katta oʻzgartirishlar kiritilgan.[5]
1917-yilgi nashrni Hanson-Roach-Fowler Company (talaffuzi: Henson-Rooʻch-Fauler Kompani) chop etgan. Ikki yil ichida ensiklopediya W.F. Quarrie & Company (talaffuzi: Dablyoʻ Ef Kuori end Kompani) mulkiga aylangan. 1945-yil „World Book Encyclopedia“ Field Enterprises (talaffuzi: Fiild Enterprayzes) qoʻliga oʻtgan. 1978-yil Berkshire Hathaway (talaffuzi: Berkshayer Hatavey) xolding kompaniyasining boʻlimi Scott Fetzer (talaffuzi: Skot Fetzer) „World Book Encyclopedia“ni sotib olgan.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]„Dunyo kitobi ensiklopediyasi“ning birinchi nashri 1917-yil chop etilgan. 1917-yilgi nashrni Hanson-Roach-Fowler Company (talaffuzi: Henson-Rooʻch-Fauler Kompani) chop etgan. Ikki yil ichida World Book Encyclopedia W.F. Quarrie & Company (talaffuzi: Dablyoʻ Ef Kuori end Kompani) mulkiga aylangan. 1945-yil „World Book Encyclopedia“ Field Enterprises (talaffuzi: Fiild Enterprayzes) qoʻliga oʻtgan. 1978-yil Berkshire Hathaway (talaffuzi: Berkshayer Hasavey) xolding kompaniyasining boʻlimi Scott Fetzer (talaffuzi: Skot Fetzer) „World Book Encyclopedia“ni sotib olgan.
Hozirgi kunda „World Book Encyclopedia“ elektron koʻrinishda Microsoft Windows va Applening Mac OS Xi uchun ham chiqariladi. 1998-yili ensiklopediyaning kitob va CD-ROM nashrlaridan tashqari „World Book Online Reference Center“ (tarjimasi „Dunyo kitobi onlayn izlash markazi“) deb nomlanuvchi onlayn nashri ishga tushgan.
Jildlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ensiklopediyaning birinchi nashri 8 jildli boʻlgan va 1917-yil nashr qilingan. 1918-yil jildlar soni 10 ga yetgan. 1918-yil davomli tahrir qilish metodi kirgizilgan. 1925-yildan boshlab har yili yangi nashr chiqarila boshlangan. 1929-yilgi nashri 13 jildda boʻlgan. 1933-yilgi nashrida boʻlsa jildlar soni 19 ga yetgan. 1960-yilgi nashr 20 jildli qilib chop etilgan. 1971-yildan beri „Dunyo kitobi“ 22 jildda chiqarilib kelyapti.
Yillar davomida „World Book Encyclopedia“ning dizayni oʻzgacha boʻlib kelmoqda. Boshqa ensiklopediyalardan farqli oʻlaroq, „World Book Encyclopedia“ alifbo harflariga moslashtirilib har xil qalinlikdagi jildlarda chop etiladi. Koʻp jildlar faqat bitta harf boʻyicha mavzularni qamraydi. Juda koʻp maqolaga ega harflar („C“ va „S“) ikki jildga boʻlingan. Yonma-yon joylashgan va ozroq maqolaga ega harflar („J“—„K“, „N“—„O“, „Q“—„R“, „U“—„V“ va „W“—„Z“) bir jildda berilgan. Ensiklopediya muharrirlari muhim maqolalarni koʻpincha alohida sahifada ajratib berishgan.
Qamrovi
[tahrir | manbasini tahrirlash]![](http://upload.wikimedia.org/wikipedia/commons/thumb/d/d3/World_Book_Encyclopedia%2C_1990.jpg/220px-World_Book_Encyclopedia%2C_1990.jpg)
22 jildli „World Book Encyclopedia“da har qanaqa mavzu boʻyicha maʼlumot berilgan. Jugʻrofiya va biologiya boʻyicha maqolalar juda keng yoritilgan. Biznes, psixologiya, davlat, energiya, ekologiya va kriminologiya boʻyicha maqolalarga keng yondashilgan. AQSH haqidagi maqolalar ayniqsa juda ham keng koʻlamli qilib yozilgan. Maqolalarda matn bilan birga koʻplab rasm, jadval, diagrammalar berilgan. Masalan, AQSH haqidagi maqolalarda shtat qushi va shtat daraxti kabi mavzular yoritilgan maʼlumot qutilari berilgan. AQSH prezidentlari haqidagi maqolalarda oʻsha prezident ishlagan paytda boʻlib oʻtgan muhim tarixiy voqealar boʻyicha vaqt shkalalari berilgan.
„World Book Encyclopedia“ oʻzini sotuvdagi eng zamonaviy ensiklopediya deb ataydi. Maqolalarining 33 foizi har yili tahrirlanadi.[4] Ensiklopediyada vizual materiallar juda koʻp berilgan. Dizaynning uchdan birini koʻrish uchun materiallar egallaydi. Shulardan 80 foizi yuqori sifatli rangli tasvirlardir. Ensiklopediyada bir maqoladan ikkinchisiga yoʻnaltirish keng qoʻllangan. Kitobda 150 000 dan oshiq soʻz kiritilgan katta analitik indeks ham berilgan.[6]
Oʻquvchilar „World Book Encyclopedia“dan boshqa umumiy mavzudagi ensiklopediyalar kabi doklad yozishda keng foydalanishadi. Har bir maqola soʻnggida oʻsha maqola boʻyicha savollar va izlanish uchun qoʻshimcha maʼlumot manbalari keltirilgan. AQSHdagi aksar maktab kutubxonalarida „World Book Encyclopedia“ bor. AQSH davlati rivojlanayotgan mamlakatlardagi maktablarga ensiklopediyaning nusxalarini hadya qilgan. Masalan, Qirgʻizistondagi ber necha maktabga „World Book Encyclopedia“ AQSH davlati tomonidan sovgʻa qilingan.
Alternativ nashrlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]![](http://upload.wikimedia.org/wikipedia/commons/thumb/9/9d/Braille_1959_World_Book_Encyclopedia.jpg/220px-Braille_1959_World_Book_Encyclopedia.jpg)
1961-yil „World Book Encyclopedia“ning koʻzi ojizlar uchun Braille shriftidagi nashri chiqarilgan. Bu nashr 145 jildli va 40 000 ga yaqin sahifali boʻlgan. Kompaniya bu nashrni tayyorlashda ketgan xarajatlarni qoplay olmasligini bilsa ham xayriya sifatida chiqaravergan. Bu nashrning barcha toʻplamlari koʻr odamlar tashkilotlariga hadya qilingan. 1964-yil kompaniya ensiklopediyaning katta harflar bilan yozilgan nashrini ham chop etgan.[7]
1980-yil „World Book Encyclopedia“ audioyozuv qilib chiqarilgan birinchi ensiklopediya boʻldi. Bu nashr kassetalarda chiqarilgan va bu kassetalar uchun maxsus pleyer tayyorlangan.
Ensiklopediyaning Macintosh va Windows komputerlari uchun boʻlgan elektron nusxasi 1990-yil chiqqan. Ammo oʻsha paytda mavjud boʻlgan ikkinchi CD-ROM ensiklopediya boʻlmish „Akademik Amerika ensiklopediyasi“ (inglizcha: „Academic American Encyclopedia“) kabi muvaffaqiyatga erishmagan.
1992-yil Shimoliy Amerikadan tashqarida yashovchi ingliz tilida soʻzlashuvchilarga moʻljallangan xalqaro nashr ham chiqarilgan.
1998-yildan beri 22 tomli, 13 800 betli ensiklopediyaning kitob va CD-ROM nashrlaridan tashqari „World Book Online Reference Center“ (tarjimasi „Dunyo kitobi onlayn izlash markazi“) deb nomlanuvchi onlayn nashri ham ishlab kelyapti. Onlayn nashrda bosma nashrda berilgan barcha maqolalar bilan birga bir necha ming qoʻshimcha maqola berilgan. Yana onlayn versiyada „World Book Encyclopedia“ 1992-yildan beri chiqarib kelgan har bir yilnoma ham berilgan.
Raqamli multimedia ensiklopediyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]![](http://upload.wikimedia.org/wikipedia/uz/thumb/b/b4/World_Book_2010.png/220px-World_Book_2010.png)
„World Book Encyclopedia“ elektron koʻrinishda Microsoft Windows va Applening Mac OS Xi uchun ham chiqariladi. Elektron nashrlarda 22 jildli ensiklopediyadagi barcha matn berilgan. Bundan tashqari, elektron versiyada rasmlar, videolar, uch oʻlchamli manzaralar va ovozlar ham bor. Maqolalarda toʻliq matn, multimedia fayllar, maqola rejasi, izlanish uchun yordam va kerakli maʼlumotga ishoratlar berilgan. Obuna boʻlganlar onlayn yangilanishlar va muntazam ravishda har oy haqida qisqacha maʼlumot olishlari mumkin.
Apple yangi komputerlarda OS X operatsion sistemasi oʻrnatilganda „World Book Encyclopedia“ning nusxasini qoʻshib sotgan.[8] Bu nashr Mac uchun moslashtirilgan boʻlgan. Masalan, osonroq interfeys, Bonjour programmasi orqali savol-javob (inglizcha: „Trivia Challenge“) oʻyini, muharrirlar maʼqullagan veb kameralar toʻplami, Notepad, soʻzlashish funksiyalari, „Bugungi kun tarixda“ (inglizcha: „This Day in History“), „Mediya oynasi“ (inglizcha: „Media Showcase“) va „Tarixchi“ (inglizcha: „Historian“) funksiyalari boʻlgan. Hozirda bu funksiyalar ensiklopediyaning Windows uchun moʻljallangan nusxalarida ham bor. 2007-yildan beri ensiklopediyaning Windows va Mac elektron versiyalarini Software MacKiev (talaffuzi: Softveyr Makiyev) kompaniyasi tayyorlab kelmoqda.
Boshqa aloqadir bosma loyihalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]„World Book Encyclopedia“ning boshqa mahsulotlari quyidagilardir:
- „The World Book Dictionary“ (tarjimasi „Dunyo kitobi lugʻati“) — lugʻat; birinchi nashri 1963-yil chiqqan;
- „The World Book Cyclo-Teacher“ (tarjimasi „Dunyo kitobi sikl oʻqituvchisi“) — bolalar uchun mustaqil oʻrganish qoʻllanmasi; 1960-yillarda chiqarilgan;
- „The World Book Student Discovery Encyclopedia“ (tarjimasi „Dunyo kitobi oʻquvchi kashfiyoti ensiklopediyasi“) — yosh oʻquvchilar uchun ensiklopediya; 1999-yildan beri chiqadi;
- „Childcraft“ (tarjimasi „Bolalar hunarmandchiligi“) — bolalar uchun rasmli toʻplam; 1930-yillarda chiqa boshlagan;
- „World Book’s Animals of the World“ (tarjimasi „Dunyo kitobi: jahondagi hayvonlar“) — hayvonlar haqida toʻplam;
- „Our Living World of Nature“ (tarjimasi „Atrofimizdagi tirik tabiyat“) — kitoblar seriyasi, 1967-yil chiqqan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „About World Book (Dunyo kitobi haqida)“. 2013-yil 18-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 3-fevral. (Wayback Machine saytida 2013-02-18 sanasida arxivlangan)
- ↑ „Encyclopedias in English and Other Language (Ingliz va boshqa tillardagi ensiklopediyalar)“. Library Research Guides, Indiana University. 2012-yil 19-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 3-fevral. (Wayback Machine saytida 2012-06-19 sanasida arxivlangan)
- ↑ Encyclopedia (Ensiklopediya) Microsoft® Student 2009 [DVD]. Redmond, WA: Microsoft Corporation, 2008.
- ↑ 4,0 4,1 „The World Book Encyclopedia 2012 (2012-yilgi „World Book Encyclopedia“)“. 2012-yil 15-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 3-fevral. (Wayback Machine saytida 2012-04-15 sanasida arxivlangan)
- ↑ Kobasa, Paul A. „Encyclopedia (Ensiklopediya)“. World Book Online Reference Center (2008). 2012-yil 6-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2008-yil 13-yanvar. (Wayback Machine saytida 2012-03-06 sanasida arxivlangan)
- ↑ Kennedy, Scott. Reference Sources for Small and Medium-sized Libraries (Kichkina va oʻrtacha kutubxonalar uchun izlash resurslari), 1999 — 27-bet.
- ↑ Stockwell, Foster. A History of Information Storage and Retrieval (Ma’lumot saqlash va olish tarixi), 2001 — 137-bet.
- ↑ „MACWORLD EXPO 2002 Press Announcement (MACWORLD EXPO 2002 matbuot eʼloni)“. Qaraldi: 2010-yil 27-aprel.
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]![]() |
Vikiomborda World Book Encyclopedia haqida turkum mavjud |
- „World Book Encyclopedia“ning vebsayti
- „World Book Encyclopedia“ onlayn
- World Book kompaniyasi haqida maʼlumot
- „World Book Encyclopedia“ning turli nashrlari haqida maʼlumot (Wayback Machine saytida 2013-01-25 sanasida arxivlangan)
- „World Book Encyclopedia“ning elektron versiyasi Software MacKiev’s saytida