Vladimir Mayakovskiy
Vladimir Mayakovskiy | |
---|---|
Tavalludi | 7-iyul 1893-yil |
Vafoti |
14-aprel 1930-yil (36 yoshda) Moskva |
Ijod qilgan tillari | Rus tili va Gruzin tili |
Fuqaroligi | Rossiya Imperiyasi va SSSR |
Vladimir Vladimirovich Mayakovskiy [1893.7 (19).7, Kutaisi shahri — 1930.14.4, Moskva] — rus shoiri. 1906-yil, otasi vafotidan soʻng, oilasi bilan Moskvaga koʻchib borib, klassik gimnaziyaga, 1911-yil esa tasviriy sanʼat, haykaltaroshlik va meʼmorchilik bilim yurtiga oʻqishga kirgan. Shu yili rus futuristpar guruhi tashkilotchisi D. Burlyuk bilan tanishgan. 1912-yil „Jamoat didiga tarsaki“ toʻplamida dastlabki sheʼriy asari chop etilgan. Ijtimoiy silsilalar arafasida sheʼriyatga kirib kelgan Mayakovskiy simvolizm va akmeizm estetikasiga qarshi chikali, eʼtirof etilgan ustoz shoirlar, jumladan, A. Blokning badiiy tajribalariga tanqidiy yondashadi. 1913-yil „Vladimir Mayakovskiy“ temperaturagediyasini yozadi, „Men!“ ilk sheʼriy kitobi nashr etiladi. Mayakovskiyning dastlabki ijodida „Cholvorli bulutlar“ (1914—1915) dostoni muhim oʻrin egallaydi. Bu dostonda institutim syujet ijtimoiy va kosmik miqyosga, sevgi esa bayroq — qalb darajasiga koʻtarilgan. Mayakovskiyning Osip va Lilya Briklar oilasi, ayniqsa, Lilya Brik bilan tanishuvi uning taqdirida hal kiluvchi rol oʻynagan. Ijtimoiy hayotda sodir boʻlayotgan oʻzgarishlar Mayakovskiyni chetlab oʻtmadi. Mayakovskiy 1917-yil oktyabr davlat toʻntarishini xushnudlik bilan qarshi oldi. Undagi voqealarning shiddatli ruhini oʻz sheʼriyatiga singdirdi („Soʻl marsh“, 1918). Turli janr va sohalarda ham ijodiy kuchini sinab, bir necha filmlar („Pul uchun tugʻilmagan“, „Xonim va bezori“ va boshqalar) ssenariylarini yozdi va bu filmlarda bosh rollarni ijro etdi. 1917-yil avgustda esa Musiqali drama teatrida davrning qaxramonona, epik va satirik tasviri boʻlgan „Misteriya-buff“ pyesasi namoyish etiladi. Shu davrdan boshlab Mayakovskiy isteʼdodi bolshevizm gʻoyalariga toʻla-toʻkis xizmat qiladi. Mayakovskiy, insoniy sajiyasiga koʻra, xudbinlik, hasad, kalondimogʻlik, mansabparastlik, pora-xoʻrlik singari illatlar bilan murosa qila olmovchi kishi edi. Mayakovskiy bolsheviklarni jami-yatni ana shunday qusurlardan xalos etuvchi, sovetlar mamlakatini yuksak taraqqiyot manziliga eltuvchi kishilar, deb bildi. Shuningdek, u „yangi jamiyat“ni barpo etayotgan kishilar orasida ham haftafahm, amalparast kishilar borligini oʻz koʻzi bilan koʻrdi va ularni „Qandala“ (1928), „Hammom“ (1929) satirik pyesalarida aks ettirdi. Bu pyesalar koʻp oʻtmay taqikdanadi va Stalin vafotiga qadar (1953) hech yerda qoʻyilmadi. Mayakovskiy 1924—1925-yillarda Fransiya, Amerika singari qator xorijiy mamlakatlarda boʻldi. „Amerikani kashf etishim“ asarida buyuk mamlakatning kuch-qudratidan hayratga tushdi, shu bilan birga bu mamlakatda dollarning axloq va vijdon mezoniga aylanganidan oʻpkalandi. Mayakovskiy ijodining soʻnggi bosqichida ana shu nafrat va muhabbat tuygʻulari shoir asarlari („Hayqiriq“, „Juda soz!“, „Qandala“, „Hammom“ va boshqalar)ning bosh leytmotivi darajasiga koʻtarildi. U oʻz ijodi va jangovar soʻzi bilan sotsialistik qurilishga hissa qoʻshishga urindi. Gorkiy bilan birga shoʻro adabiyotidagi sotsialistik realizm metodi asoschisi boʻldi. Ammo u ishongan davlat tizimi oʻsha yillardayoq byurokratik apparatga aylanib borayotgan, u ishongan davlat rahbarlari esa xalqdan va uning peshqadam siymolaridan yuz oʻgirayotgan edilar. Mayakovskiy bir tomondan, RAAPchi safdoshlari (proletar yozuvchilari) tomonidan tark etilgan, ikkinchi tomondan, „muhabbat kemasi“, oʻzi yozganidek, suv osti toshlariga urilib shikastlangan. Mayakovskiy 1930-yil 14-aprelda oʻzinioʻzi otib oʻldiradi.
Mayakovskiy isyonkor sheʼriyati bilan nafakat rus, balki L. Aragon, P. Neruda, V. Bronevskiy, Nozim Hikmat, Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon singari turli millatga mansub shoirlar ijodiga katta taʼsir oʻtkazdi. Sheʼriyatning tarixiy-ijtimoiy davr bilan hamqadam, joʻshqin va shiddatli hayotga hamnafas boʻlishida, yangi shakl va tasvir vositalarini axtarib topishda Mayakovskiy anʼanalari oʻz rolini oʻtadi. Ammo shu bilan birga sheʼriyatning siyosatlashishi va mafkuraviy qurolga aylanishida ham Mayakovskiyning taʼsiri kattadir. Gʻ.Gʻulom, Shayxzoda, A. Muxtor tomonidan „Hayqiriq“, „Juda soz!“ va boshqa asarlari oʻzbek tiliga tarjima qilingan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Polnoye sobraniye sochineniy, 1 — 13 t., M., 1955—61; Tanlangan asarlar, T., 1966.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Rasuliy M., Mayakovskiy asarlari oʻzbek tilida, T., 1961; Rasuliy M., Mayakovskiy v Oʻzbekistane, T., 1965.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |