Vikipediya:OAV uchun/Muhammadali Ikramov
Oʻzbekcha | English | На русском |
Oʻzbekcha Vikipediya faoli Muhammadali Ikramov (Salazarov) xotirasiga
20-iyun 2024-yil
Sangʻiy, sangʻiy topganim Vikipediya boʻldi. Hali sarguzashtlarim koʻp davom etadi, nasib.
— Muhammadali Ikramov, oʻzbekcha Vikipediya maʼmuri. 2024-yil 20-aprel
2024-yilning 19-iyun kuni oʻzbekcha Vikipediyada administrator huquqiga ega boʻlgan faol foydalanuvchimiz Muhammadali Ikramov (Salazarov) halok boʻldi. Bu fojia uning yaqinlari, jumladan, oʻzbekcha Vikipediya jamoasini larzaga soldi.
Soʻnggi ikki kun ichida Oʻzbekiston matbuotida 20 yoshli talaba Toshkent shahridagi Boʻrijar kanalida choʻkib ketgani keng yoritildi (Kun, Daryo, Qalampir, uz24). Bu xabarlarda Bosh prokuratura maʼlumotlari asosida M. I. oʻlaroq koʻrsatilgan shaxs aynan Muhammadali Ikramovdir. Bu maʼlumotni oʻzbekcha Vikipediyadagi kontentni yaxshilash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi Oʻzbek tilida soʻzlashuvchi vikimediachilar foydalanuvchi guruhi bilan hamkorlikda yoʻlga qoʻygan „WikiStipendiya“ loyihasi xodimlari tasdiqladi.
Hayoti
[manbasini tahrirlash]Ikramov Muhammadali Toʻlqinjonovich 2004-yilning 16-aprelida[1] Surxondaryo viloyati Denov tumanida tugʻilgan[2]. Oʻrta maktabni tamomlagach, 2021-yil Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetiga oʻqishga kirgan. U yerda filologiya va tillarni oʻqitish mutaxassisligi boʻyicha tahsil olgan.
Ikramov filologiya sohasini tanlagani bejiz emas: yoshligidan til oʻrganishga qiziqqan. Ingliz tilini yaxshi oʻzlashtirgan Ikramov rus va xitoy tillarini ham boshlangʻich darajada bilar edi. Shuningdek, shaxmat oʻynashga hamda intellektual oʻyinlarga, xususan, „Zakovat“ formatidagi oʻyinlarda ishtirok etishni xush koʻrardi. Doʻstlari, kursdoshlari va yaqinlarini uni samimiy, tirishqoq va quvnoq shaxs oʻlaroq eslaydilar.
Vikipediyadagi faoliyati
[manbasini tahrirlash]Ikramov 2022-yil 13-may kuni inglizcha Vikipediyada roʻyxatdan oʻtgan. Qisqa vaqt ichida Vikipediyaga hissa qoʻshish sir-asrorlarini oʻzlashtirib, oʻzbekcha Vikipediyada sifatli kontent yarata boshladi. „WikiStipendiya“ marafonining birinchi mavsumi davomida kuchli oʻntalikka kirgani va „GIF qisqartmasi talaffuzi“ mavzusida yaxshi maqola (yaʼni, muayyan mezonlarga javob beradigan sifatli maqola) yaratgani uchun Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan maxsus diplom va 10 million soʻm pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Ikramov „WikiStipendiya“ marafoni doirasida uyushtirilgan ostloyihalarda ham faol ishtirok etdi. Jumladan, birinchi mavsum davomida uyushtirilgan oraliq tanlovlarda eng faol ishtirokchi oʻlaroq „Marafon yulduzi“ nominatsiyasida gʻolib boʻldi. Shuningdek, uch marta Boʻstonliq tumanida uyushtirilgan „WikiOromgoh“ haftalik lagerlarida faol qatnashdi. Vikipediya qonun-qoidalarini yaxshi oʻzlashtirgani, sifatli kontent yaratgani uchun Ikramov oʻzbekcha Vikipediya foydalanuvchilari bergan ovozlar asosida 2023-yilning 25-iyun kuni oʻzbekcha Vikipediya administratori huquqini oldi. Maʼmur oʻlaroq faol tarzda vandalizmga qarshi kurashdi, yangi foydalanuvchilarga sabr bilan koʻmaklashdi, 2,5 mingdan ziyod Vikipediya qoidalariga zid sahifani oʻchirdi.
Asosan oʻzbekcha Vikipediyada faoliyat yuritgan Ikramov ikki yil davomida oʻzbek tilida qariyb 600 ta maqola va 5 mingdan ziyod sahifa yaratdi, minglab maqolani tahrir qildi. Vikimaʼlumotlarda esa 3 mingga yaqin tahrir qildi. Umuman olganda, Vikimedia Jamgʻarmasi loyihalarida 26 mingdan oshiq tahrir qildi. Qisqa faoliyati davomida yana bir mavzuda – Samarqand viloyatida goʻdaklar yoʻtal siropidan zaharlanib, nobud boʻlgani haqida mukammal maqola yozdi.
Oʻzbek tilida soʻzlashuvchi vikimediachilar foydalanuvchi guruhi nomidan Muhammadalining oila aʼzolari va yaqinlariga hamdardlik bildiramiz. Oʻzbek tili jonkuyari oʻlaroq Vikipediyaga qoʻshgan salmoqli hissasi loyihada abadiy saqlanadi.
Nodir Atayev, oʻzbekcha Vikipediya maʼmuri, Oʻzbek tilida soʻzlashuvchi vikimediachilar foydalanuvchi guruhi asoschisi
Manbalar
[manbasini tahrirlash]- ↑ „Jahon tillari universitetining talabasi cho‘kib vafot etdi“. Uz24 (19-iyun 2024-yil). Qaraldi: 21-iyun 2024-yil.
- ↑ „Toshkentda Bo‘rijar kanaliga cho‘milishga borgan talaba cho‘kib ketdi“. Kun (19-iyun 2024-yil). Qaraldi: 20-iyun 2024-yil.