Vikipediya:OAV uchun/300K
Oʻzbekcha | English | На русском |
Oʻzbekcha Vikipediyada maqolalar soni 300 mingga yetdi
29-iyun 2024-yil
Insoniyat tomonidan toʻplangan jamiki bilimlar barcha uchun ochiq boʻlgan dunyoni tasavvur qiling. Biz ana shunday dunyoni yaratyapmiz[izoh 1].
— Jimmy Wales, Vikipediya asoschisi
2024-yilning 29-iyun kuni oʻzbekcha Vikipediyada[izoh 2] yaratilgan maqolalar soni 300 000 taga yetdi.
Oʻzbekcha Vikipediya ayni paytda 300 111 ta maqola bilan barcha tillardagi Vikipediyalar orasida 40-[izoh 3] oʻrinda bormoqda. Turkiy tillardagi Vikipediyalar orasida esa turkcha va tatarcha Vikipediyalardan keyin 3-oʻrinni egallab turibdi.
300 000-maqola 2022-yilda yoʻlga qoʻyilgan „WikiStipendiya“ marafonining uchinchi mavsumi doirasida yana bir „WikiOromgoh“ uyushtirilgan paytda yaratildi. Oʻzbekcha Vikipediyada maqolalar soni 2024-yilning 5-martida 250 000 dan oshgan edi.
„WikiStipendiya“ oʻzbekcha Vikipediyadagi kontentni yaxshilashga qaratilgan loyiha boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan Oʻzbekiston axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Oʻzbek tilida soʻzlashuvchi vikimediachilar foydalanuvchi guruhi bilan hamkorlikda tashkillashtirilgan.
Izohlar
[manbasini tahrirlash]- ↑ Inglizchasi: „Imagine a world in which every single person on the planet is given free access to the sum of all human knowledge. That's what we're doing“
- ↑ „Oʻzbek Vikipediyasi“ emas, „oʻzbekcha Vikipediya“, chunki loyiha oʻzbek millatiga yoki Oʻzbekistonga tegishli emas. Barcha tillardagi Vikipediyalar turli mamlakatlarda yashovchi koʻngillilar tomonidan yuritiladi. Loyiha infratuzilmasi esa AQShda joylashgan Vikimedia Jamgʻarmasiga tegishli.
- ↑ Bugunga qadar 326 tilda Vikipediya yaratilgan; 13 tildagi Vikipediya faollik oz boʻlgani uchun Wikimedia Incubator loyihasiga koʻchirib oʻtilgan.
Havolalar
[manbasini tahrirlash]- Oʻzbekcha Vikipediyaning Telegram kanali
- WikiStipendiya marafonining Telegram kanali