Kontent qismiga oʻtish

Vaznsizlik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Xalqaro fazoviy stansiyadagi astronavtlar faqat mikrogravitatsiya taʼsirida boʻlib, deyarli vaznsizlikni his etishadi.

Vaznsizlik — jismning muallaq fizik holati; bunda jismga taʼsir etuvchi tashqi kuchlar shu jism zarralarining bir-biriga oʻzaro bosimini vujudga keltirmaydi. Jism Yer ogʻirlik maydonidagi gorizontal tekislikda tinch turgan boʻlsa, unga ogʻirlik kuchi va qarama-qarshi yoʻnalgan kuch taʼsir qiladi, natijada jism zarralarining bir-biriga bosimi vujudga keladi. Odam organizmi bu bosimni ogʻirlik sifatida idrok qiladi. Yerning sunʼiy yoʻldoshi (yoki kosmik kema — KK) ichidagi jismlar yoʻldosh bilan birga maʼlum boshlangʻich tezlik olgach (qarang Kosmonavtika), ogʻirlik kuchi taʼsirida oʻz orbitasi boʻylab bir xil tezlanish bilan harakatlanadi. Shuning uchun jismlar bir-biriga yoki yoʻldosh korpusiga bosim koʻrsatmaydi, yaʼni vaznsizlik holatida boʻladi. Jismning vaznsizlik holatida boʻlish shartlari: 1) jismga tortishish kuchlaridan boshqa hech qanday kuchlar taʼsir qilmasligi; 2) bu kuchlar maydoni bir jinsli boʻlishi, yaʼni barcha zarralar qiymat va yoʻnalish jihatdan bir xil tezlanish oladigan boʻlishi; 3) hamma zarralar ilgarilanma harakat qilishi kerak. Bu shartlar, mas., erkin tushayotgan jismda, erkin uchayotgan (dvigatellari yurgizilgan) YESY va KK larda roʻy beradi. Kosmonavt kabinadan ochiq kosmosga chiqqanda ham vaznsizlik holatida boʻladi, chunki ochiq kosmosda tayanch yoʻq. Kosmik fazoga uchish kishidan jismoniy va asabiy kuch talab qiladi. Kishi kosmik fazoda gʻayritabiiy sharoitda boʻladi. Uzoq vaqt (oylar va yillar) vaznsizlik holatida boʻlish tirik organizm uchun zararlidir. Shuning uchun KK ichida muayyan darajada oʻta zoʻriqish hosil qilinishi, KK gildirak shaklida yasalishi, KK gʻildirak tekisligiga tik oʻq atrofida aylanib turishi kerak, degan takliflar ham boʻlgan.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil