Kontent qismiga oʻtish

Vali Qayumxon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Vali Qayumxon
Tavalludi 1904-yil 15-iyul
Toshkent Chig'atoy dahasi
Vafoti 1993-yil 13-avgust
Dyuseldorf, Germaniya
Fuqaroligi

Rossiya imperiyasi

Germaniya Federativ Respublikasi
Kasbi Siyosatchi
Mashhur ishlari Turkiston Legioni faoli
Dini Islom
Vali Qayumxon
Personal details
Political partyTurkistonni birlashtirish milliy qo‘mitasi. Bolsheviklarga qarshi xalqlar bloki.

Vali Qayumxon (1904-yil 15-iyul, Toshkent — 1993-yil, 13-avgust, Dyuseldorf) — XX asr boshida Germaniyada tahsil olgan taraqqiyparvar, siyosatchi, olim 30-yillardagi muhim ijtimoiy-madaniy jarayonlarning faol ishtirokchisi, II jahon urushi davrida harbiy kollobaratsionist. 1993-yil 89 yoshida Germaniyaning Dyuseldorf shahrida vafot etgan.

Hayoti va faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Dastlabki yillar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Vali Qayumxon 1904-yil Toshkentning Chig‘atoy dahasida yirik chorva savdogari Qayumqori Olimboyev (1865-1948) xonadonida kenja farzand bo‘lib dunyoga kelgan. Avval boshlang‘ich „Xoniya“ jadid maktabida, so‘ng Munavvar qori Abdurashidxonovning „Namuna“ maktabida o‘qigan[1].

Fitratning „Chig‘atoy gurungi“da faol ishtirok etdi. 1920-yil Salimxon Tillaxonov, Qayum Ramazonlar bilan Ozarboyjon orqali Turkiyaga o‘qishga yo‘l oldi. Biroq, bolsheviklar tomonidan chegaradan qaytariladi. Ular bir muddat Bokuda ziroat bilim yurtida tahsil oladi. Ozarboyjonda ahvolning og‘irlashishi tufayli Toshkentga qaytishga majbur bo‘ladilar. Toshkentdagi Narimonov nomidagi pedagogika bilim yurtida o‘qib yurgan vaqtida nemis tilini oʻrgangan[2].

1922-yil o‘zbek yoshlari tashabbusi bilan talabalarning xorijda taʼlim olishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida „Ko‘mak“ jamiyati tashkil etiladi. Buxoro Xalq Respublikasi hukumati rahbari Fayzulla Xo‘jayev toshkentlik iqtidorli yoshlardan Sayyid Ali Xo‘ja, Sattor Jabbor, To‘lagan Mo‘minlar bilan birga Vali Qayumxon uchun ham Buxoro pasportini berib, Germaniyaga yo‘llaydi. Ularning moddiy xarajatlari hukumat tomonidan qoplanishini kafolatlaydi. Vali Qayumxon Germaniyada qisqa muddatda katta yutuqlarni qo‘lga kiritadi. U Berlin oliy qishloq xo‘jaligi akademiyasiga o‘qishga kiradi. U Toshkentga Munavvar qori Abdurashidov, Saidnosir Mirjalilovlarga ko‘rgan kechirganlari haqida xatlar almashgan. MGU iqtisodiyot fakultetida o‘qiyotgan Botu va Leningradda grafika sanʼati yo‘nalishida tahsil olayotgan Iskandar Ikrom kabi yaqin do‘stlari bilan muntazam yozishmalar olib borgan[3].

Vali Qayumxon Toshkentda Bashorat Umarqoriyeva (1904) ismli qiz bilan oila qurgan edi. Akasining xotiniga qarindosh bo‘lgan bu ayol Vali Qayumxonni bir necha yil kutadi. Biroq, Vali Qayumxon Vatanga qaytish o‘zi uchun xatarli ekanligini bilgani holda qaytmaydi. Boisi, qaytib kelgan bir necha talabalar turli bahona bilan Vatanda tutib qolinib, Germaniyaga qaytib o‘qishini davom ettirishiga ruxsat bermay qo‘yilgan edi.

1931-yildayoq Vatanga qaytishdan deyarli umidini uzgan Vali Qayumxon turmush o‘rtog‘iga oltin soat va boshqa bir necha qimmatbaho buyumlar yo‘llab, kechirim so‘raydi va boshqa oila qurishiga rozilik beradi. Shundan so‘ng Bashorat Umarqoriyeva Vali Qayumxondan umidini uzib boshqa insonga turmushga chiqadi[4].

Germaniyadagi faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Akasi Abdulhay Qayumqori bilan aloqalar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Vali Qayumxonning Toshkent bilan aloqada bo‘lib turishida akasi tadbirkor inson Abdulhay Qayumqorining xizmati katta bo‘lgan. U Germaniyada tahsil olayotgan ukasi Vali Qayumxon bilan aloqaga o‘ta ehtiyotkorlik bilan yondashadi. Avvalo o‘z familiyasini almashtirib, Abdulhay Qoriyev tarzida xatlar almashadi. Abdulhay Qoriyev Vali Qayumxonga xatlar bilan birga 1931-yilgacha „Mehrobdan chayon“ va boshqa yangi asarlar hamda muntazam ravishda O‘zbekiston matbuoti gazetalaridan namunalar yuborib turgan. Abdulhay Qoriyevning jinoyat ishida uning 1930-yil 23-dekabr kuni ukasi Vali Qayumxonga yozgan xatida: „… Botuni so‘rabsan. Uning anchadan beri qayerdaligi nomaʼlum. Toshkentda ham, ish joyida ham yo‘q“. Demak, shu narsa maʼlum bo‘ladiki, yozda qamoqqa olingan O‘zbekistonning Maorif xalq komissari Botuning taqdiri hamon ko‘pchilikdan sir tutilgan. Bu esa qatag‘on aynan Markaz tomonidan rejali amalga oshirilganligini isbotlaydi. Shundan so‘ng Abdulhay ukasiga Toshkentdagi holat haqida maʼlumot berib, „… mana sovuq tushdi o‘tin 90 so‘m, go‘sht qadog‘i bir so‘m, un 40 so‘m. Sovuqdan odamlar qotib o‘lmoqdalar. Ularning hammasi o‘zbeklar. O‘rislar o‘zlariga uy va issiqlik taʼminoti masalalarini allaqachon hal etib qo‘yishganlar“ deb xat so‘ngida „so‘ragan gazetalaringni yuborayapman“ deb fikrini tugatadi[5].

Germaniyada Vali Qayumxon rassom Voytex va xotini frau Yelizabetlarning uyida ijarada turgan. Uch farzandi bo‘lgan bu olmon oilasi Vali Qayumxon uchun ko‘p yillar haqiqiy qo‘rg‘on vazifasini o‘tadi. Vaziyat yil sayin murakkablashib bordi. U o‘zini ham, Toshkentdagi qarindoshlarini ham himoya qilishi zarur edi. Abdulhay Qoriyev endi xatlarni uy bekasi madam Yelizavet nomiga jo‘natgan.

1951-yil 29-aprel kuni Vali Qayumxonning akasi Abdulhay Qoriyev qamoqqa olindi. Uyida tintuv o‘tkazilib, barcha hujjatlar, suratlar, kitoblar olib ketildi. So‘roq paytida nima sababdan familiyasi o‘zgartirganligi surishtirildi. So‘ng Vali Qayumxonni surishtirishdi. Abdulhay Vali Qayumxonning taxminan 1935-1937-yillarda bir olmon qiziga uylanganligi haqida eshitgani, biroq 1941-yildan buyon butunlay aloqasi uzulganligini, Gitler hukumati bilan qanchalik aloqasi bor yo‘qligini bilmayman, deydi.

Abdulhay Qoriyev tergov chog‘ida qiynoqlar bilan 1951-yil 11-iyulda o‘ldirilgan[6].

Germaniyada tahsil

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1921-yil Buxoro hukumati Berlinga talabalar yubordi. Bu ishlarni tashkillashtirish uchun „Koʻmak“ tashkiloti tuzildi. Pul masalalari xalq tomonidan yigʻib berildi. Buxoro hukumati talabalar nazorati uchun „Buxoro kultur komission“i tuzdi. Bu komissiya Berlindagi 5 qavatli mehmonxonaga joylashdi. Komissiyaga rahbar etib Olimjon Idris (tatar), Xemnits (nemis yahudiysi), Abdulvohid Burxonbeklar tayinlandi.[7]

Buxoro hukumati boshchiligida 50 ga yaqin talaba olib kelindi. Fayzulla Xoʻjayev  Vali Qayumxonni oʻzi bilan birga Berlinga alohida olib kelgan.

Vali Qayumxon dastlab Berlindagi qishloqxoʻjalik maktabida, keyin esa Berlin universitetida tahsil olgan.

Turkiston Legioni va Vali Qayumxon

[tahrir | manbasini tahrirlash]

II jahon urushi davrida Vali Qayumxon hamda Mustafo Choʻqay Germaniya imperiyasi qoʻshinlariga asir tushgan turkistonliklar orasidan 1941-yilda „Turkiston Legioni“ harbiy boʻlinmasini tuzishdi. 1942-yil Fransiyadagi lagerlardan birida kasallik yuqtirib olgan Mustafo Choʻqay vafot etadi. Shundan soʻng legionga rahbarlik Vali Qayumxon qoʻliga oʻtadi[8].


Chigʻatoy Koʻchar Vali Qayumxon haqida oʻz xotiralarida shunday deydi: "O‘shanda Olmoniyada bo‘lgan Vali Qayumxon va Mustafo Cho‘qaylar asirlikdagi turkistonliklarni chaqirib olganlar. Vali Qayumxon lagerlarga borib, baland qo‘riqchixonalarga chiqib: „ Ey, turkistonliklar, musulmonlar bir tarafga ajraling!“ deb qichqirganlar. Keyin ularni bu yerdan chiqarib, boshqa bir lagerga olib borar va kiyimu kechak, yemak bilan ta‘minlaganlar. Bu yigitlar asir qolsalar edi, qisqa vaqt ichida ochlik va suvsizlikdan o‘lib ketishardi. Ayrimlar ko‘ngilli bo‘lib birinchi, ikkinchi, uchinchi batalyonga qo‘shilganlar. Alal-oqibatda 180 mingga yaqin legion askarlari bo‘lgan. Men ko‘plar bilan suhbat qilganman. Xudo hohlasa, ular bilan suhbat asosida bir asar chiqarmoqchiman[9].

Vali Qayumxon 1993-yil 13-avgustda Germaniyaning Dyuseldorf shahrida vafot etgan. 1992-yil Oʻzbekistonga tashrifidan soʻng „Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati“ gazetasiga xatlar yoʻllagan[10]. Oʻzbekiston va Qozogʻistondagi siyosiy jarayonlar haqida fikr bildirib oʻtgan[11]. BBC Oʻzbek xizmati Vali Qayumxonning xotini Yeva Qayumxon tomonidan yozib olingan tasvirlar asosida 5 qismdan iborat hujjatli film ishlagan[12].

  1. „“Yig‘lab qolgan enam, sizni sog‘indim”, “Boshqa oila quraver” – Frontdan maktublar“.
  2. Sherali Turdiyev "Ular Germaniyada o'qigan edilar". Toshkent. 11-bet., 2006 {{citation}}: Andozada hech qanday qiymat berilmagan (boʻsh) nomaʼlum parametr mavjud: |seperator= (yordam)
  3. Sherali Turdiyev "Ular Germaniyada o'qigan edilar". Toshkent. 54-bet., 2006 {{citation}}: Andozada hech qanday qiymat berilmagan (boʻsh) nomaʼlum parametr mavjud: |seperator= (yordam)
  4. „“Yig‘lab qolgan enam, sizni sog‘indim”, “Boshqa oila quraver” – Frontdan maktublar“.
  5. „“Yig‘lab qolgan enam, sizni sog‘indim”, “Boshqa oila quraver” – Frontdan maktublar“.
  6. „“Yig‘lab qolgan enam, sizni sog‘indim”, “Boshqa oila quraver” – Frontdan maktublar“.
  7. Qiyratilgan qismatlar, "O'zbekiston adabiyoti va san'ati" gazetasi, 1992-yil, 17-son., 1926 {{citation}}: Andozada hech qanday qiymat berilmagan (boʻsh) nomaʼlum parametr mavjud: |seperator= (yordam)
  8. „Вели Каюм – горы лжи или упоение властью?“.
  9. „Hijratda vatan yodi: turkiyalik olim va yozuvchi Chig‘atoy Ko‘char bilan suhbat“.
  10. Qiyratilgan qismatlar, "O'zbekiston adabiyoti va san'ati" gazetasi, 1992-yil, 17-son., 1926 {{citation}}: Andozada hech qanday qiymat berilmagan (boʻsh) nomaʼlum parametr mavjud: |seperator= (yordam)
  11. Xorijdan xat: Kutib o'tirish vaqti emas, "O'zbekiston adabiyoti va san'ati" gazetasi, 1992-yil, 17-son., 1926 {{citation}}: Andozada hech qanday qiymat berilmagan (boʻsh) nomaʼlum parametr mavjud: |seperator= (yordam)
  12. „Унутилган тарих - Вали Қаюмхон ва Туркистон Легиони - 1 қисм“.