Takeo Arishima
Yoshlik davri
[tahrir | manbasini tahrirlash]Arishima Yaponiyaning Tokio shahrida boy oilada tug'ilgan bo'lib, u Moliya vazirligida xizmat qiluvchi sobiq samurayning o‘g‘li edi. U avvaliga Yokogamadagi burch maktabiga yuborilgan, u yerda ingliz tilidan saboq olgan va shundan so'ng 10 yoshida nufuzli Gakushuin maktabining tayyorgarlik guruhiga o'qishga kirdi.
19 yoshida Gakushuinni tugatgandan so'ng, Sapporo qishloq xo'jaligi kolleji (hozirgi Xokkaydo universitetining qishloq xo'jaligi fakulteti) ga o'qishga kirdi. Universitetda o'qiyotgan davrida, u do'sti Kokichi Morimoto bilan o'z joniga qasd qilishga uringan. Ammo, bu suiqasd amalga oshmadi. Arishima keyinchalik boshqa bir yozuvchi Uchimura Kanzoning ta'siri sababli,1901-yilda nasroniylik dinini qabul qildi. Morimoto esa, keyinroq Yaponiya bo'ylab bir nechta ayollar maktablarini tashkil etish bilan shug'ullandi.
O'qishni tugatib, Yaponiya imperatorlik armiyasida majburiy qisqa muddatli xizmatni o'tagandan so'ng, Arishima Inazo Nitobening rafiqasi Mary Elkinton Nitobedan ingliz tilini o'rgandi va 1903-yil iyul oyida "Mainichi Shimbun" gazetasining AQShdagi xorijiy muxbiri lavozimini egalladi. Qo'shma Shtatlarda u Haverford kollejiga ( Filadelfiya tashqarisidagi Quaker instituti) va keyinchalik Garvard universitetiga o'qishga kirdi. O'qishni tugatgandan so'ng, u qisqa vaqt Quaker sektasi tomonidan boshqariladigan ruhiy kasallar boshpanasida ishladi. U Amerikaga qilgan sayohati davomida boshidan kechirganlarini kundaligida yozib qoldirgan.
Amerikada boʻlgan davrida u nasroniylikka tanqidiy munosabatda boʻldi, sotsializm bilan tanishdi va Walt Whitman, Henrik Ibsen va Peter Kropotkin kabi yozuvchilarning asarlariga qiziqish bildirdi. Uning Amerikada va undan keyin Yevropada yashagan davri va tajribasi ham uning yozish uslubi hamda dunyoqarashiga chuqur ta'sir ko'rsatdi, natijada Arishimada yapon jamiyatidan begonalashish hissi paydo bo'ldi.
1907-yilda Yaponiyaga qaytib kelganidan so'ng, avvaliga qisqa muddat armiyada xizmat qildi. Keyin esa, 1909-yilda o'zi o'qigan maktabda ingliz tili va etika o'qituvchisi bo'lib ishladi.
Adabiy faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Akasi Arishima Ikuma orqali u Gakushuinni tugatgan boshqa mashhur mualliflar, jumladan Naoya Shiga va Saneatsu Mushanokodji bilan ham tanishdi. Arishima bu yozuvchilar bilan birga jamoa tuzdi va uni birinchi marta 1911-yilda nashr etilgan adabiy jurnal sharafiga Shirakaba deb nomladi[1]. Takeo Arishima faoliyati doirasida romanlar va adabiy tanqidlar yozgan va Shirakaba guruhining muhim a'zolaridan biri sifatida tanilgan.
Arishima birinchi marta 1917-yilda The Descendents of Cain (yaponcha: カインの末裔 Kain no Matsuei ) "Qobilning avlodlari” asari orqali shuhrat qozongan bo‘lib, bu asarda yozuvchi Xudoning insonga va tabiatga yuborgan la’natini tushkunlikdagi ijarachi dehqon obrazi orqali ifodalashga harakat qiladi. 1919-yilda u o'zining eng mashhur asari "Ayol" (yaponcha 或る女, "Aru Onna") romanini yozdi. Asar ikkiyuzlamachi erkaklar hukmronlik qiluvchi jamiyatga qarshi kurashayotgan irodali ayol haqidagi axloqiy va psixologik melodrama hisoblanadi. Arishima asarlarining mavzulari va qahramonlari tanqidchilar tomonidan e'tirof etilgan bo'lsa-da, ko'plab zamonaviy yapon o'quvchilari bu asarlarni yaxshi qabul qilmagan.
Keyingi hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]1922-yilda Arishima otasidan meros bo'lib qolgan Xokkaydodagi yirik fermasi egaligidan voz kechish orqali rivojlanayotgan sotsialistik falsafa g'oyalarini amalga oshirishga urindi va yaqinlashib kelayotgan inqilobda kichik burjuaziyadan uzoqlashishni xohlayotganini ochiq aytdi.
Arishima 1910-yilda oila qurgan, lekin uning rafiqasi uch farzandni dunyoga keltirgach, 1916-yilda sil kasalligidan vafot etdi.1922-yilda Arishima oilali ayol, mashhur ayollar jurnali Fujin Koronda muharriri Akiko Hatano bilan tanishdi. Ularning yaqin munosabatlaridan Xatanoning eri xabar topgach, Arishima va Akiko Xatano Karuizava qishlog'ida o'z jonlariga qasd qilishdi. Karuizava chekka hududda joylashgani sababli ularning jasadlari bir oydan ko'proq vaqt davomida topilmagan. Suiqasd hodisasi ular avvalroq yaqinlariga tashlab ketgan xat topilgachgina ma'lum bo'lgan. Arishima Tokiodagi Tama qabristoniga dafn qilingan.
Ijodiy merosi
[tahrir | manbasini tahrirlash]O'limidan so'ng, Arishima o'zining hayoti, qo'rquvlari va umidlari haqida samimiy fikrlari yozilgan yigirmadan ortiq jildni o'z ichiga oluvchi kundaliklari bilan yanada mashhur bo'ldi. Uning zamondoshlari Arishimani nafaqat romannavis, balki faylasuf va ijtimoiy tanqidchi sifatida ham tan olishgan. U nasroniylikka tanqidiy ko'z bilan qaragan, asarlariga Injil bitiklari, Tolstoy asarlari va anarxik sotsializmdagi hissiy jihatdan kuchli gumanistik g'oyalar kuchli ta'sir qilgan.
Arishimaning yirik asarlari quyidagilardan iborat:
- Aru Onna ("Ayol"), 1919-yil
- Kain no Matsuei (Qobilning avlodlari"), 1917
Ingliz tilida mavjud asarlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]- A Certain Woman, tarjima. Kenneth Strong tomonidan,Tokio universiteti nashriyoti,1978, 382 bet,ISBN 0-86008-237-7 .
- Labyrinth. Madison Books (2000).ISBN 0-8191-8293-1 0-8191-8293-1
- The Descendants of Cain, tarjima. John Morrison, University of Utah Press, 1955 yil.
- The Agony of Coming Into the World. Hokuseido Press (1955). ASIN: B0006AV8GE
- Death (Pyesa), tarjima. Yozan Iwasaki and Glenn Hughes, D. Appleton and Company, Nyu-York, 1930 yil.
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „A Japanese literary magazine launched in 1910, called 'White Birch', was probably the most culturally influential magazine of Japan's Taisho Period“. Red Circle Authors. Qaraldi: 2021-yil 2-fevral.