Suyurgʻol
Suyurgʻol (moʻgʻulcha — inʼom, sovgʻa) — biror hukmdor (xon, sulton, shoh) tomonidan saltanat oldida alohida xizmat koʻrsatgan arkoni davlat yoki sarkardalarga berilgan molmulk, yersuv. Moʻgʻullar istilosidan soʻng Movarounnahr, Dashti Qipchoq, Yaqin Sharq mamlakatlarida rasm boʻlgan. S.ga beriladigan yer nasldan naslga meros boʻlib oʻtgan. S. egasi davlatga toʻlanadigan soliklardan ozod etilib, olgan daromadi va oʻziga qaram aholidan ixtiyoricha foydalanish huquqiga ega boʻlgan. Amir Temur va Temuriylar saltanatida S. keng qoʻllangan. Sohibqiron zabt etgan mamlakatlarning baʼzi viloyat va tumanlarini shu yerlarning oldingi egalariga, oʻz oʻgʻillari, nevaralari, qarindoshlari, atoqli lashkarboshilar, amir va beklarga S. tarzida bergan va ular "darbasta S." deb yuritilgan. Amir Temur oʻzining eng isteʼdodli sarkardalaridan biri amir Shohmalikka bir qancha yerlarni S. qilib bergan. Shohrux davrida Shohmalik Xorazm viloyatiga darbasta S. etib tayinlangan. Shohmalik vafotidan keyin Xorazm uning oʻgʻli Ibrohim Sultonga topshirilgan. 16-asrdan boshlab S.ning avvalgi tartibida muayyan oʻzgarish yuz beradi. Shayboniylar va Ashtarxoniylar davrida baʼzi qishloqlar, yer maydonlari shu yerlardan undiriladigan solikdarning bir qismi ham S. tariqasida beriladigan boʻlgan. 18-asr va 19-asrning 1-yarmida S. mohiyati tubdan oʻzgarib, uning faqat merosiyligi saqlanib qolgan.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Abdurazzoq Samarqandiy, Matlai saʼdayn va majmai bahrayn, T., 1969.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |