Suyak oʻymakorligi
Suyak oʻymakorligi — oʻymakorlik turi; suyakni oʻyib naqsh, tasvir ishlash, kesib va yoʻnib haykalcha, buyumlar tayyorlash sanʼati. Asosiy xom ashyo — suyak (mamont va morj tishi, fil, mol suyagi va shoxi, ot va boshqa hayvonlarning suyagi) hisoblanadi.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Suyak oʻymakorligi qadimdan yirik hayvonlar yashagan hududlarda maʼlum boʻlgan. Hindiston, Okeaniya, Afrika, Rossiyaning shimolida taraqqiy etgan; Oʻrta Osiyo hududida geografik sharoitga koʻra suyak oʻymakorligi rivojlanmagan. Xalq amaliy bezak sanʼati turlaridan — pichoqchilikda hamda mayda shaklli buyumlar (tugmacha va boshqalar) tayyorlashda suyak oʻymakorligi qoʻllanadi. XX asr 60-yillaridan suyak oʻymakorligi Oʻzbekiston amaliy bezak sanʼatida bir qadar rivojlandi. Jumladan, xalq ustasi Ortiq Fayzullayev saʼyharakati tufayli suyak oʻymakorligida badiiy asarlar — "Choʻpon", "Lazgi oʻyini", "Kurant", "Navoiy" va boshqalar yaratildi.
Tayyorlanishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kerakli hajmdagi suyak boʻlagi tanlab olinadi, ortiqcha qismlari arralab olib tashlanadi, gʻadir-budur joylari egovda tekislanadi. Suyakka gul chizib, asboblar (parma, arracha, egov va boshqalar) yordamida oʻyib naqshlar hosil qilinadi hamda jilolanadi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |