Kontent qismiga oʻtish

Sulton Maʼsud Mirzo (Temuriy)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Sulton Maʼsud Mirzo
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1475
Samarqand
Vafoti 1501-yildan keyin
Onasi Xonzoda begim
Otasi Sulton Mahmud Mirzo
Dini Islom
Mansubligi Temuriylar

Sulton Maʼsud Mirzo (?—1501-yildan keyin) – temuriylar oilasidan boʻlgan shahzoda, Sulton Mahmud Mirzoning oʻgli, Abu Saidning nabirasi.

Sulton Maʼsud Mirzo Sulton Mahmud Mirzo va Termiz hukmdori Buzurgning qizi Xonzoda begimning toʻngʻich oʻgʻli. Xotinlari orasida Buzurgning nabirasi ham shu nom bilan tilga olinadi, chalkashmaslik uchun uni Xonzoda begim ikkinchi deb atashadi.

Sulton Maʼsud Mirzo 1495-yilda Hisorni otasidan mulk qilib oladi. Xusravshoh unga otabek qilib tayinlanadi. Otasi vafot etgach, 1495-yil qishda Husayn Boyqaro bilan urush qilish uchun qoʻshin toʻplab, Termizga yoʻl oladi. U qoʻshini bilan Amudaryodan oʻtishga tavakkal qilmay kutib turadi. Husayn Boyqaro qoʻshinlarining yaqinlashib kelayotganidan xabar topib Hisorga, keyinchalik Samarqandga ukasi Boysungʻur Mirzo huzuriga chekinadi.

1496-yil iyun oyida u Bobur va Sulton Ali Mirzo bilan ittifoq tuzib Samarqandni qamal qildi, biroq uch oydan soʻng shayxlardan birining qizini oʻziga xotini qilib Hisorga joʻnadi. Abdullo Barlosga Xatlon viloyatini inʼom qilganligi sababli undan bir qancha amirlar ajralib chiqadi, 1497-yilda Hisorni uning sobiq tarafdori Xusravshoh va ukasi Boysungʻur Mirzo bosib oladi. Sulton Maʼsud Mirzo Hisordan qaynotasi bilan qochib Husayn Boyqaro huzuriga boradi. Husayn Boyqaro uni yaxshi kutib olgan. U biroz vaqt oʻtib Husayn Boyqaro saroyini tark etib, Hisorga ketadi.

1498-yilda unga sobiq amirlari fitna uyushtiradi va Xusravshoh tomonidan qoʻlga olinadi. Xusravshoh Sulton Maʼsud Mirzoning koʻziga mil tortiradi. Keyinchalik Sulton Maʼsud Chorjoʻy orqali Husayn Boyqaro oldiga boradi. Husayn Boyqaro Begim Sulton ismli qizini Sulton Maʼsud Mirzoga xotinlikka beradi. Bir ogʻil va bir qiz farzandli boʻladi. Shayboniylar tomonidan o'ldirilgan[1][2].

  1. Turg`un Fayziyev. Temuriylar shajarasi. Xazina, 1995 — 184-bet. Qaraldi: 24-sentabr 2023-yil. 
  2. „Бабур-наме“. 2011-yil 12-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 25-aprel.