Kontent qismiga oʻtish

Steve Kaufmann

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Steve Kaufmann
Tavalludi 8-oktyabr 1945-yil (1945-10-08) (79 yosh)
Fuqaroligi Kanada
Kasbi Poliglot
Bolalari Mark Kaufmann, Eric Kaufmann

Steve Kaufmann (talaffuzi: Stiv Kaufman; 1945-yil 8-oktyabrda tugʻilgan) — kanadalik poliglot. 2023-yilgi hisobga koʻra, turli darajada 20 ta til biladi.

Tarjimai holi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kaufmann 1945-yilda Shvetsiyada, hozirgi Chexiya Respublikasining Prostejov shahridan boʻlgan yahudiylar oilasida tugʻilgan. Uning ota-onasi chex va nemis tillarida erkin suhbat qura olishgan. Besh yoshida, 1951-yilda, oilasi bilan Monrealga (Kanadaga) koʻchib oʻtadi va shu yerda oʻsib ulgʻayadi[1]. 1962-yilning iyun oyida quruvchilik kasbini tashlab, uni Yevropaga olib ketishi va bu uchun unda ishlab berishi mumkin boʻlgan kema topmoqchi boʻladi. Dastlab, bu ish oson kechmaydi. Uchinchi urinishda unga Kvebek shahrida dengizchisini yoʻqotgan Gerda Schell nemis paroxodidan ish topiladi. Kaufmann Londonga o‘n kundan keyin yetib keladi. U yerda bir hafta davomida boʻlgandan soʻng, Dover nomli paromda Belgiyaning Ostend shahri orqali Fransiyaga yoʻl oladi[2]. Grenoblda bir yil yashagach, L’Institut d'Études Politiques (Siyosiy tadqiqotlar instituti; Sciences Po nomi bilan tanilgan) siyosat boʻyicha oʻqishni davom ettiradi va Parijda fransuz tilini oʻrganadi[2][3][4][5].

Oʻqishdan soʻng Yevropa boʻylab sayohat qilib, Ispaniya, Italiya va Germaniyada asosiy til koʻnikmalarini egallaydi[2]. Kanada diplomatik xizmati tarkibiga qoʻshilgandan soʻng, 1969-yilda Gonkongda xitoy tilini oʻrganishni boshlaydi. Kunduzi taʼlim olgani hisobiga, darslardan soʻng, mustaqil ravishda, bir yil muddat ichida ushbu tilni ham yaxshi oʻrganadi[2]. U 1970-yillarning boshida Kanadaning Yaponiyadagi elchixonasiga qayta yuborilganida, yapon tilini oʻrganishi kerakligini anglaydi[6].

Savdo komissari lavozimidan boʻshab, til oʻrganish qobiliyatini tijorat sohasida ishlatgan holda[7] Yaponiyada 9 yil istiqomat qiladi[8]. Keyinchalik, yanada koʻproq tillarni oʻrganishni boshlaydi[6].

Hozirgi kasbi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
„Til o‘rganishning eng yaxshi usuli o‘rganilayotgan tilda tinglash va o‘qishni odatga aylantirishdir. Tinglash va o‘qish juda kuchli qobilyatlar bo‘lib, agar siz kitoblarni o‘qiy olsangiz, tilni bilgan bo‘lasiz. Til o‘rganish uchun ko‘p vaqt hamda muloqot talab etiladi. Va bu vaqtning ko‘p qismini o‘zingizga sarflashingiz kerakligini anglatadi. Menimcha, tilni takrorlash uchun bosimsiz tushunish va gapirish orqali lug‘at ustida ishlash muhim.“
—— Kaufmann, til oʻrganish koʻnikmalari haqida[9]

Kaufmann konferensiyalarda til oʻrganish texnikasi va qobiliyatlari haqida nutq soʻzlaydi. U, shuningdek, til oʻrganish tajribasi va tavsiya etilgan metodlarni muhokama qiluvchi bir qancha ijtimoiy media kanallarini boshqaradi[10][11]. Ikkala kasbi ham til oʻrganish texnikasiga va til oʻrganayotganlarga yordam berishga qaratilgan[12].

U Shimoliy Amerika poliglot simpoziumining asoschilaridan biri hisoblanadi. Kaufmann til oʻrganish uchun sayohat qiladi va dunyoning turli telekanallarida xitoy, rus va ukrain kabi tillarda oʻz ona tilidagidek intervyu beradi[13]. U Huffington Post gazetasining doimiy muallifidir[14].

Til oʻrganish

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kaufmann 50 yildan ortiq vaqtini tillarni oʻrganishga sarflagan[15]. U oʻquv jarayoniga toʻliq shoʻngʻish tarafdoridir[16][17]. Matnlarni o‘qish orqali tilni o‘zlashtirishga va notanish so‘zlar haqida ko‘p tashvishlanmaslikka eʼtiborining koʻp qismini qaratadi. Yangi soʻzlar asta-sekin takror o‘qish orqali o‘zlashtiriladi, deb hisoblaydi. U qiyin soʻzlarni yodlash uchun kartochkalardan foydalanishni qoʻllab-quvvatlasa-da, oʻrganish vaqtining koʻp qismi ona tilida soʻzlashuvchilarni tinglash va matnlarni oʻqishga sarflash kerak, deb hisoblaydi. Ayniqsa, o‘rganayotgan tilning mamlakat yoki mintaqa tarixiga oid kitoblarni ona tilida o‘qishni yaxshi ko‘radi[18]. Kaufmann til oʻrganishda qatʼiy kundalik jadvalga ega boʻlmaslikni afzal koʻradi. U boshqa vazifalarni bajarayotganda oʻrganayotgan tilida kontent tinglashni yaxshi koʻradi[19]. Uning taʼkidlashicha, yosh til oʻrganishga toʻsqinlik qilmaydi. Keksalar ham, yoshlar ham til oʻrganishlari mumkin[20]. U, shuningdek, xatolarni oʻquv jarayonining tabiiy qismi sifatida tan oladi va baʼzi xatolarga yoʻl qoʻygan taqdirda ham odamlarni ravon deb hisoblash mumkin, deb hisoblaydi[18].

Kaufmann 60 yoshida oʻzi uchun 9-til boʻlgan rus tilini oʻrganishni boshlagan[6]. 2023-yil holatiga koʻra, 20 ta tilni biladi, ammo uning bu tillarda gapirish va yozish qobiliyati sezilarli darajada farq qiladi. Uning taʼkidlashicha, oʻrgangan tillarida yozish qobilyati unchalik kuchli emas. Oʻzlashtirilgan tillarni qayta koʻrib chiqish ona tilida soʻzlashuvchi bilan muloqot qilishda dastlab qiyin boʻlishi mumkin[18]. U ingliz tilidan tashqari fransuz, xitoy, kanton, yapon, koreys, rus, shved, nemis, italyan, ispan, portugal, ukrain, chex, slovak va rumin tillarida gaplasha oladi. Kaufmann, shuningdek, yunon va turk tillarini ham o‘rgangan va hozirda arab va fors tillarini o‘rganmoqda[21]. 2023-yildan boshlab turk tilidan soʻng, arab va fors tillarini oʻrganishga eʼtibor qaratishini, vaqtini arab seriallari va Al-Jazeera yangiliklarini tinglash, arab va fors tarixiga oid kitoblarni oʻqish bilan oʻtkazishini taʼkidlagan[18].

Til oʻzlashtirish boʻyicha taniqli olim Stephen Krashen Kaufmanning til oʻrganishga yondashuvini, shuningdek, Kato Lomb kabi boshqa poliglotlarning yondashuvini oʻrgangan. U Kaufmann va boshqa poliglotlarning muvaffaqiyatini oʻrgana turib, ularning ikkinchi tilni oʻrganish boʻyicha oʻz gʻoyalarini mustaqil qoʻllab-quvvatlashini hamda Kaufmanning yondashuvini boshqa til oʻrganuvchilar uchun namuna sifatida koʻrsatishini taʼkidlaydi. U Kaufmanni „shak-shubhasiz, juda zoʻr“, deya maqtab qoʻygan. Va bunga qoʻshimcha qilib, „U mening til oʻrganish boʻyicha terapevtim. Menga ancha yordami tekkan“, degandi[22][23].

  1. „Learning German - How I Went About It“. Youtube. Qaraldi: 2020-yil 27-avgust.
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 Kaufmann, Steve. The Linguist: A Personal Guide to Language Learning. West Vancouver: Linguist Institute, 2003. ISBN 0-9733394-0-3. 
  3. Jeffs. „Linguistics and lumber strike chord“. The Japan Times (2008-yil 5-iyul). Qaraldi: 2020-yil 24-avgust.
  4. „Steve Kaufmann“. Langfest. 2021-yil 4-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 24-avgust.
  5. „These Polyglots Have Tips For How To Learn As Many Languages As You Want“. WBUR. Qaraldi: 2020-yil 24-avgust.
  6. 6,0 6,1 6,2 Betros. „You're never too old to learn a language“. Japan Today (2008-yil 1-iyul). Qaraldi: 2008-yil 24-avgust.
  7. „The Story of LingQ“. The University of Texas at Austin:Texas Language Center. Qaraldi: 2020-yil 24-avgust.
  8. „How to Learn Any Language - Interview with Legendary Polyglot Steve Kaufmann“. YouTube.
  9. Schwartz, Susan. „People who speak many languages or want to gather in Montreal for polyglot symposium“ (2016-yil 23-iyul). Qaraldi: 2020-yil 24-avgust.
  10. Brown. „Why don't more people over 60 have YouTube channels“. ZDNeT (2018-yil 7-sentyabr). Qaraldi: 2020-yil 24-avgust.
  11. „Where are all the "older" Youtubers“. NRS Healthcare (2018-yil 9-noyabr). Qaraldi: 2020-yil 24-avgust.
  12. Turner. „Steven Kaufmann "The Linguist" Interview“. You Can Learn Chinese (2019-yil 29-iyul). Qaraldi: 2020-yil 24-avgust.
  13. „Стів Кауфман гість програми Ехо України (Steve Kaufmann is a guest of the Echo of Ukraine program)“ (Ukrainian). YouTube (2019-yil 27-may). Qaraldi: 2020-yil 24-avgust.
  14. Kaufmann. „The Biggest Mistake Language Learners Make“ (2016-yil 16-noyabr). Qaraldi: 2020-yil 24-avgust.
  15. Tashkandi. „Learning a language during quarantine: Where and how to start“. Arab News (2020-yil 18-may). Qaraldi: 2020-yil 24-avgust.
  16. Little, Oliver. „20 Languages, Not enough! The Polyglot adding Catalan to his resume“. Catalan News (2018-yil 2-oktyabr). Qaraldi: 2020-yil 24-avgust.
  17. „El poliglot Steve Kaufmann, que parla 20 llengües: "Vull aprendre català per curiositat" (The polyglot Steve Kaufmann, who speaks 20 languages: "I want to learn Catalan out of curiosity")“ (Catalan). El Punt AVI (2019-yil 12-oktyabr). Qaraldi: 2020-yil 24-avgust.
  18. 18,0 18,1 18,2 18,3 „How to learn any language“. YouTube. Qaraldi: 2020-yil 25-avgust.
  19. „Interview with Polyglot Steve Kaufmann by Noel van vliet“. Smart Language Learner. Qaraldi: 2022-yil 22-fevral.
  20. Kaufmann. „Are you too old to learn a language?“. The Huffington Post (2016-yil 2-mart). Qaraldi: 2020-yil 24-avgust.
  21. „How Many Languages Do I Speak?“. YouTube.
  22. Session 7B: Dr Stephen Krashen - The secrets of hyper-polyglots. 25m38s.
  23. Stephen Krashen on Language Learning in the Polyglot Community. 21m51s.