Sofokl Sofokl (grekcha: Σοφοκλής, miloddan avvalgi 495-yil — miloddan avvalgi 405-yil[1]) — Sofillning oʻgʻli, yunon dramaturgi, shoir, siyosiy va harbiy arbob. Antik manbalarga koʻra, 123 ta dramasi shulardan 7 tasi („Ayaks“, miloddan avvalgi 442-yildan oldinroq; „Antigona“, taxminan miloddan avvalgi 441-yil; „Traxinalik ayollar“, yozilgan vaqti nomaʼlum; „Shoh Edip“ va „Elektra“, miloddan avvalgi 415-yillar orasida; „Filoktet“, 409-yil; „Edip Kolonda“, 401-yil) va ayrim dramalaridan parchalar, baʼzi lirik sheʼrlari yetib kelgan. Sofoklning oʻtmishdoshi Esxil va izdoshi Yevripiddan farqli oʻlaroq, voqelikni qanday boʻlsa, shunday qabul qilib, Yunonistonning gullagan davridagi demokratiya asoslariga shubha bilan qaramagan. Sofokl antik davr tragediyalari uchun ustuvor ahamiyatga ega boʻlgan shaxsning maʼnaviy shakllanishi muammosini yechishda dunyoning Parvardigor tomonidan idora etilishini nazardan qochirmagan. Uning „Traxinalik ayollar“ tragediyasidan boshqa barcha asarlari olijanob kishilarning nomlari bilan atalgan va bu asarlarning qahramonlari murakkab vaziyatda doʻq va poʻpisalarga yoxud murosasozlikka daʼvat etuvchi kengash va maslahatlarga qaramay, oʻz maqsadlari sari intiladilar. Antigona „norasmiy qonun“ga itoat etib, davlat qonunini buzadi va akasidan judo boʻladi; Elektra qatl etilgan otasining oʻchini olaman, deb oʻzinioʻzi azobuqubatlarga giriftor etadi; Edip, taqdiri azaldan qanchalik qochishga urinmasin, otasining qotili va onasining eri boʻlib chiqadi. Ana shu tarzda Sofokl tragediyalarining qahramonlari, oʻz istaklariga qarshi oʻlaroq, taqdiri azalning qurboni sifatida gavdalanadilar. Sofokl voqeaning tabiiy oqimini aks ettirar ekan, tasvirga ilohiy kuchlarni jalb etmaydi, tomoshabin uning asarlarida kamdankam holdagina folbin, bashoratchilarga duch keladi. S, Esxildan farqli oʻlaroq, tragediyaning trilogiya koʻrinishlaridan voz kechib, har bir asarida syujetning mustaqilligiga erishadi. Uning ikkinchi yangiligi 3 aktyor ishtirokidagi sahnalardan samarali foydalanishidir. Sofokl jahon adabiyoti tarixidan bir necha monumental obrazlarni yaratgan ijodkor va jiddiy dramatik kompozitsiyalar ustasi sifatida oʻrin egallagan. Sofokl asarlari teatr sanʼati yuksak taraqqiyot darajasiga koʻtarilgan hozirgi davrda ham oʻz qimmatini yoʻqotmay, jahon dramaturgiyasining shoh namunalari boʻlib qolmoqda. S.ning „Shoh Edip“ (1969), „Antigona“ asarlari hozirgi Oʻzbek milliy teatri (1971), „Elektra“ tragediyasi esa Abror Hidoyatov nomidagi teatrda sahnalashtirilgan.