Sin-Nepal urushi
Sin-Nepal urushi | |||||||
---|---|---|---|---|---|---|---|
Capture_of_Magaer.jpg | |||||||
| |||||||
Raqiblar | |||||||
Sin nazorati ostidagi Tibet | Nepal qirolligi | ||||||
Qoʻmondonlar | |||||||
8-Dalay Lama | Rana Bahodur shoh Bahodur shoh | ||||||
Kuchlar | |||||||
23000 | 8000 |
Sin-Nepal urushi (Nepal yozuvida: नेपाल-चीन युद्ध), shuningdek, Sin-Gorxa urushi 1788-yildan 1792-yilgacha Nepalning Tibetga bostirib kirishi voqeasi. Urush dastlab Nepal Gorxalari va Tibet qoʻshinlari oʻrtasida uzoq vaqtdan beri Nepalda Tibet uchun ishlab chiqarilgan past sifatli tangalar muammosi bilan bogʻliq savdo mojarosi tufayli kelib chiqqan. Bahodurshoh boshchiligidagi Nepal armiyasi Sin hukmronligi ostidagi Tibetni talon-toroj qildi va tibetlik tamanglar Nepalga yillik soliq toʻlash toʻgʻrisida Kerung shartnomasini imzoladilar. Biroq, tibetliklar Xitoydan vaziyatga aralashishni soʻrashdi. Fuk'anggan boshchiligidagi Xitoy-Tibet kuchlari Nepal bilan jang maydonida toʻqnashish uchun Nepalga Nuvakotgacha bostirib kirishdi. Shunday qilib, har ikki davlat Betravati shartnomasini imzolashdi.[1][2] Urush Nepalning Xitoy tomoni qoʻygan shartlarni qabul qilishi bilan tugadi. Nepal Singa oʻlpon toʻlovchi davlatiga aylandi. Nepal 1792, 1794, 1795, 1823, 1842 va 1865-yillarda Xitoyga soliq toʻlagan.[3] Shu bilan Nepal va Tibet Sin imperatori hukmronligini qabul qilishga rozi boʻlishdi.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tibet Nepal kumush tangalaridan Malla qirollari davridan beri foydalangan. Gorxa qirolligi qiroli Prithvi Narayan birlashtirish kampaniyasi doirasida Katmandu vodiysida iqtisodiy blokadani boshlaganida, Katmandudagi Jaya Prakash Malla iqtisodiy inqirozga duch keldi. U mis bilan aralashtirilgan past sifatli tangalar zarb qilish orqali inqirozni yengillashtirishga harakat qildi. Prithvi Narayan Shoh 1769-yilda Katmandu vodiysini muvaffaqiyatli egallab, Nepalda Shohlar sulolasi hukmronligini mustahkam oʻrnatgach, sof kumush tangalar zarb qilishga qaytdi. Ammo bu vaqtga kelib Nepal zarb qilingan tangalarning ishonchliligiga zarar yetgan edi. Tibetliklar muomaladagi barcha eski tangalar sof kumush tangalar bilan almashtirilishini talab qildilar. Bu holat yangi tashkil etilgan Shoh sulolasi zimmasiga katta moliyaviy yuk boʻlib tushdi. Prithvi Narayan Shoh oʻziga tegishli boʻlmagan masalada bunday katta yoʻqotishni boshdan kechirishga tayyor emas, lekin yangi zarb qilingan tangalarning haqiqiyligiga kafolat berishga tayyor edi. Shunday qilib, bozorda ikki xil tanga muomalada boʻlgan. 1775-yilda Shohning bevaqt vafot etishi tufayli bu ish hal etilmay, muammo Nepalning keyingi hukmdorlariga meros boʻlib qoldi.
1788-yilda Prithivi Narayan Shohning kenja oʻgʻli Bahodurshoh va kichik qirol Rana Bahodurshohning amakisi va regenti yanada ogʻirlashgan tanga muammosini meros qilib oldi. Tibet tangalarning qadrsizlanishini bahona qilib, Nepalga hujum qilish niyatida ekanligi haqida mish-mishlar tarqata boshladi. Tibetdagi nepal savdogarlari ham ta'qibga uchradilar. Nepal-Tibet munosabatlaridagi yana bir ogʻriqli nuqta Nepalning 10-Shamarpa Lama Mipam Chödrup Gyamtso va uning oʻn toʻrt tibetlik izdoshlariga boshpana berish qarori boʻldi. U Tibetdan Nepalga diniy va siyosiy sabablarga koʻra qochib ketgan. Mojaroning yana bir sababi tibetliklar tomonidan Nepalga etkazib beriladigan tuzning past sifatli ekanligi edi. oʻsha vaqtlarda Nepaldagi barcha tuz Tibetdan kelgan. Bu muammolarni hal qilish uchun Tibetga Nepal delegatsiyasi yuborildi, ammo nepalliklar qoʻygan talablar tibetliklar tomonidan rad etildi. Nepalliklar tanga zarb qilish boʻyicha mojaroni oʻz saltanatini kengaytirish va Tibetdagi boy monastirlarga bostirib kirish uchun yaxshi bahona deb hisobladilar. Shunday qilib, Nepal Tibetga koʻp yoʻnalishli hujumlarni boshladi.
Birinchi bosqin
[tahrir | manbasini tahrirlash]1788-yilda Bahodirshoh Damodar Pande va Bamshoh qoʻmondonligi ostidagi Gorxa qoʻshinlarini Tibetga hujum qilish uchun yubordi. Gorxa qoʻshinlari Kuti (Nyalam shahri) orqali Tibetga kirib, Tashilxunpogacha yetib borishdi (Kutidan taxminan 410 km). Shikarjongda shiddatli jang boʻlib oʻtdi, unda tibetliklar yirik magʻlubiyatga uchradi. Panchen Lama va Sakya Lama Gorxa qoʻshinlaridan tinchlik muzokaralarini oʻtkazishni soʻrashdi. Shundan soʻng, Gorxa qoʻshinlari Shikarjongni tark etib, Kuti va Kerung (Gyirong) tomon yoʻl olishdi.
Xitoy imperatori Syanlun Nepalning Tibetga bostirib kirishi haqidagi xabarni eshitgach, general Chanchu boshchiligida Xitoy qoʻshinin yuboradi. Chanchu vaziyat haqida Tibet Lamalaridan ma'lumot oldi. U mazkur nizo hal boʻlgunga qadar Tibetda qolishga qaror qildi.
Tibet va Nepal vakillari 1789-yilda Xiru shahrida tinchlik muzokaralari oʻtkazish uchun uchrashdilar. Muzokaralarda Tibet mojaro uchun javobgar boʻldi. Nepalga urushda yetkazilgan yoʻqotishlar uchun tovon toʻlashi kerakligi belgilandi. Tibet urush paytida bosib olingan barcha hududlarni Tibetga qaytarish evaziga Nepalga har yili 50.001 rupiya miqdorida oʻlpon toʻlashi kerak edi.[1] Ushbu shartnoma Kerung shartnomasi deb nomlangan. Nepal vakillariga birinchi toʻlov sifatida 50 001 rupiya berildi. Shundan soʻng Kerung, Kuti, Longa, Jxunga va Falak hududlarini qaytarib berib, Nepalga qaytib ketishdi. Ammo Tibet shartnoma tuzilganining ikkinchi yilida soliq toʻlashdan bosh tortdi. Natijada Nepal va Tibet oʻrtasidagi urush yana davom etdi.
Ikkinchi bosqin
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tibet Nepalga soliq toʻlashdan bosh tortganligi sababli, Bahodurshoh Abhiman Singx Basnet boshchiligidagi qoʻshinni oʻlpon undirishga, Kerungga va Damodar Pande qoʻmondonligidagi boshqa qoʻshinni 1791-yilda Kuti shahriga yubordi. Damodar Pande Digarchaga hujum qilib, u yerdagi monastir mulkini egallab oldi. U Lxasa vazirini asir olib, Nepalga qaytib ketdi. Imperator Syanlun bu xabarni eshitgan zahoti Tibetni himoya qilish uchun Fuk’angan boshchiligida 70 ming askardan iborat qoʻshin yubordi.
Sin imperiyasi Nepaldan Digarchada talon-toroj qilingan mulkni Tibetga qaytarishni talab qildi. Ular, shuningdek, Nepaldan boshpana olgan Shamarpa Lamani qaytarib berishni ham talab qilishdi. Ammo Nepal bu talablarga quloq tutmadi. Imperator armiyasi Nepalga harbiy aralashuv bilan javob berdi. Sin qoʻshinlari Trishuli daryosining qirgʻoqlari boʻylab Nuwakotga yurishdi. Nepal qoʻshinlari Sin hujumidan himoyalanishga harakat qilib, katta qiyinchiliklarga duch kelishdi. Ikkala tomonga ham katta zarar yetkazildi va Xitoy armiyasi gurxalarni Nepal poytaxti yaqinidagi tepaliklarga siqib chiqardi. Shunday boʻlsa-da, Gorxa qoʻshinini butunlay magʻlubiyatga uchratib boʻlmadi.
Shu bilan birga, Nepal yana ikki jabhada harbiy qarama-qarshiliklarga duch keldi. Sikkim xalqi Nepalning sharqiy chegarasi boʻylab bosqinlar boshlagan edi. Gʻarbiy chegaralarda esa Garxval bilan urush davom etayotgandi. Nepal chegaralarida esa Achham, Doti va Jumla qirolliklari ochiqcha qoʻzgʻolon koʻtardilar. Shunday qilib, Bahodirshoh duch kelgan muammolar Sin armiyasidan mudofaa qilish qobiliyatini ancha zaiflashtirdi. Bundan xavotirga tushgan Bahodirshoh Ost-Indiya kompaniyasidan oʻnta artilleriya quroli soʻradi. Kapitan Uilyam Kirkpatrik Katmanduga keldi[4]. Lekin u nepalliklarga qurol yetkazib berishdan oldin imzolanishi kerak boʻlgan biznes shartnomasi shartlarini ma'lum qildi. Shartnomani imzolash oqibatlaridan xavotirlangan Bahodurshoh undan bosh tortdi. Shu bilan tuzilajak bitim barbod boʻldi va harbiy vaziyat Bahodirshoh uchun juda noqulay boʻlib qoldi.
Sin tomonidan olib borilgan bir qator muvaffaqiyatli janglardan soʻng, Sin armiyasi Nuvakotdagi Gorxali saroyi yaqinida suvi koʻtarilgan Betravati daryosini kesib oʻtishga urinib, nihoyat katta muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Sin qoʻshinlari Betravati daryosining janubiga, Nuvakot yaqiniga etib borganlarida, Nepal qoʻshinlari Katmanduda ularni kutib turgan edi. Katmandudagi 200 dan kamroq askardan iborat Nepal kuchlari Betravati shahrida Sin qoʻshinlariga qarshilik koʻrsatishga harakat qilishdi. 1792-yil 19-sentyabrda Nepal qoʻshinlari Jitpurfedi shahridagi Sin qoʻshinlariga qarshi hujumga oʻtishdi. Nepal askarlari qoʻllarida mash’ala koʻtarib, ularni daraxtlar shoxlariga bogʻlab, uy hayvonlarining shoxlariga mash’alalarni bogʻlab, dushman tomon haydash taktikasidan foydalanishdi. Sin armiyasi magʻlubiyatga uchrasa-da, nepalliklar ularni Nepaldan siqib chiqara olmadi.
Turgʻun vaziyat yuzaga keldi. Resurslari kamligi, gʻarbiy chegaradagi harbiy harakatlarini davom ettirish zarurati tufayli Gorxalilar Sin tomonidan qoʻyilgan shartlar asosida shartnoma imzoladilar. Majburiyatlar qatorida Nepal har besh yilda Sin imperatoriga soliq toʻlashi sharti ham bor edi.
Bhadraning 8-kunida 10000 nafarlik xitoy qoʻshini Betravati daryosidan oldinga siljidi. Betravati daryosi atrofida uchta qal'a joylashgan, xususan Chokde, Dudethumko va Gerkhu.[2] Gerkxuda qoʻmondon Kaji Kirtiman Singx Basnyat, Chokdeda qoʻmondon Kaji Damodar Pande edi.[2] Har uchala qalʼa atrofida jiddiy janglar boʻlib, Nepal kuchlarining qat'iyati Xitoy qoʻshinlarini Betravati daryosiga chekinishga majbur qildi.[2] Betravati koʻprigida xitoylik general Tung Tyang orqaga chekinayotgan xitoylik askarlarni jazolay boshladi, bu esa askarlarning oʻlimiga olib keldi.[2] Chekingan xitoylik zobitlardan ikki nafari burun jarohati bilan jazolandi.[2] Xitoy generalining harakati qoʻshinlarni kuchsizlantirdi va askarlar orasida qochib ketish va chekinishni kuchaytirdi.[2] Koʻplab xitoylik askarlar tepaliklardan daryoga sakrash, boshqalari esa Nepal tomondan otilgan oʻqlardan halok boʻldi.[2] Taxminan 1000 yoki 1200 xitoy askari shu tarzda oʻldirildi.[2] Xitoy generali Tung Thyang Nepal kuchlariga hujum qilishdan umidini uzdi va Nepal bilan shartnoma tuzishga qaror qilib, maktub yubordi.[2] Tung Thyangning maktubi Nepal hukumatiga yetib bordi. Bunga javoban Nepal hukumati Kaji Damodar Pandega Xitoy imperatori bilan keyingi dushmanlikning oldini olish va tinchlikni saqlash boʻyicha shartnoma tuzish toʻgʻrisida buyruq berdi.[2] Qirol Rana Bahodur Shoh tomonidan Kaji Damodar Pandega Bhadra kalendari boʻyicha 1849-yil 13-sudi (1792-yil sentyabr) payshanba kuni berilgan qirollik buyrugʻi quyida batafsil bayon etilgan:
Qirol Rana Bahodur Shohdan,
Damodar Pandega.
Salom. Hammasi yaxshi boʻlishiga umid qilamiz. Siz kabi biz ham tinchlikni xohlaymiz. Bizda ijobiy yangiliklar bor. Xitoy imperatori Syanlun biz uchun ahamiyatsiz emas. U buyuk imperator. Ular shu safar bu yerga kelganlarida ma'buda Shrid Durga sharafiga doʻstona munosabat bildirishimiz mumkin edi. Ammo imperator bilan dushmanlikni saqlab qolish kelajaklarimiz uchun yaxshilik olib kelmaydi. Biz ham ular kabi shartnoma imzolanishini istaymiz. Tung Thwang yuborgan maktubida Xitoy imperatoriga hurmatni namoyish etish ramzi sifatida javob maktubi bilan toʻrtta Kajilardan birini joʻnatishni soʻragan edi. Kaji Tanahu and Lamjung bilan tinchlik shartnomasi imzolash uchun yuborilgan edi. Biz hozirda imperatorga kajini yubormaslik notoʻgʻri ekanligin tushunamiz. Bu masalani boshqa kajilar bilan maslahat qilganimizda, ular Birta grantlari egasi va eng katta kaji Damodar Pande borishi kerakligini aytishdi. Siz ham shuni xohlaysizmi? Biz maslahatshuvlarimiz natijasida ishda kechikish boʻlsa, davlat manfaatlariga zarar yetmaydi deb umid qilamiz. Siz ungacha bizning hududlardan qoʻshinlarni olib chiqing. Siz davlatga foyda keltiradigan va obroʻyingizni yuksaltiradigan ishlardan begona emassiz. Siz vaziyatni yaxshi tushunasiz. Shular haqida oʻylab, oʻzingiz uchun ham harakat qiling. Ushbu maktubni olganingizdan soʻng 1 gadi (24 daqiqa) ichida javob xati yozishingidan umid qilamiz. Kechiktirish zararli boʻladi.
Bhadra kalendari boʻyicha 1849-yil 13-sudi, payshanba (1792-yil sentyabr). Kanipur
Oqibat
[tahrir | manbasini tahrirlash]Sin generali Fuk'anggan Nepal hukumatiga tinchlik shartnomasini ratifikatsiya qilish taklifini yubordi. Bahodirshoh ham Sin bilan samimiy munosabatda boʻlishni xohlardi. U taklifni bemalol qabul qildi va 1792-yil 2-oktyabrda Betravatida doʻstlik shartnomasi tuzdilar[5] Shartnoma shartlari quyidagicha edi:
- Nepal ham, Tibet ham Sin imperatori hukmronligini qabul qiladi.
- Tibet hukumati nepallik savdogarlarning Lxasada tibetliklar tomonidan talon-toroj qilingan mol-mulki uchun tovon toʻlaydi.
- Nepal fuqarolari Tibet va Xitoyning istalgan qismiga tashrif buyurish, savdo qilish va sanoatni yoʻlga qoʻyish huquqiga ega boʻladi.
- Nepal va Tibet oʻrtasida yuzaga keladigan har qanday nizo Sin hukumati aralashuvi bilan hal qilinadi.
- Sin Nepalni har qanday tashqi tajovuzdan himoya qilishga yordam beradi.
- Nepal ham, Tibet ham har besh yilda bir marta Xitoyga oʻlpon toʻlash uchun delegatsiya yuborishi kerak boʻladi.
- Buning evaziga Sin imperatori ikkala mamlakatlarga doʻstona sovgʻalar yuboradi va oʻlponni olib borgan odamlar muhim mehmonlar sifatida qabul qilinadi. Elchilar har qanday qulaylik bilan ta'minlanadi.
Urushdan soʻng Tibet Sin nazorati ostiga oʻtgan boʻlsa-da, Nepal oʻz avtonomiyasini saqlab qola oldi. Ammo Nepal Sin sulolasi shartlariga boʻysunishi va har 5 yilda Xitoyga soliq toʻlashi shart edi. Biroq, XIX asrda Sin sulolasining zaiflashuvi bu shartnomani amalda toʻxtatib qoʻydi. Masalan, 1814—1816-yillardagi Angliya-Nepal urushi vaqtidaSharqiy Hindiston kompaniyasi Nepalga bostirib kiradi. Xitoy bu toʻqnashuvda nafaqat Nepalgga feodativ yordam bera olmadi, balki Nepal hududining oʻzini oʻzi boshqarishiga toʻsqinlik ham qila olmadi. Shunga oʻxshasha holat 1855—1856-yillarda navbatdagi Nepal-Tibet urushi paytida ham kuzatildi. Nepalni boshqarish Sin uchun qiziq emas edi. Ularning urushi, birinchi navbatda Tibet ustidan nazoratni mustahkamlashga qaratilgan edi. Bu esa, oʻz navbatida, Sinning butun Osiyodagi harbiy strategiyasi bilan bogʻliq edi.[6]
3-Nepal-Tibet urushidan keyin Thapathali shartnomasi tuzildi. Unda Xitoy bilan shartnoma tuzishning birinchi bosqichi muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Shartnoma imzolashning ikkinchi bosqichi barcha tomonlarning roziligi tufayli muvaffaqiyatli yakunlandi. Nepalliklar 1865-yilda soʻnggi oʻlponlarini toʻlashdi va Xitoyga boʻysunishni tugatishdi.
Tibet bilan etnik aloqalari tufayli Nepalning Bhutia va Tamang jamoalari Nepalning Tibetga qarshi urushlari natijasida etnik kamsitishlarga duchor boʻlishdi.[7]
Keyingi munosabatlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Keyinchalik Bosh vazir Bhimsen Thapa qirol Girvan Yudda Bikram Shohga yoʻllagan maktubida Xitoy-Nepal urushiga oʻz munosabatini quyidagicha bildirgan:[8]
Sizning omadli iqbolingiz va ajdodlaringizning matonati tufayli hali hech kim Nepal davlatiga ta'sir oʻtkaza olmadi. Bir paytlar xitoyliklar bizga urush qilishgan, ammo keyinchalik tinchlik shartnomasi imzolashga majbur boʻlishgan edi.
Galereya
[tahrir | manbasini tahrirlash]-
Kamuni egallash (Zongga janubi-sharqidagi qishloq)
-
Magaerni egallash (Gyirong shahrining shimoli-g'arbiy qismidagi qishloq)
-
Jilongni egallash (Gyirong shahri)
-
Resuoqiaoning egallanishi (Rasuva ko'prigi)
-
Xiebulining egallanishi (Syaphru)
-
Dongjiao tog'idagi jang (Dhunche)
-
Palangguni egallash (Phalangu Xola yoki Falakxu daryosi, ya'ni Betravati daryosi)
-
Chjongnanhai, Pekindagi Ziguangge (Binafsha sirlar zali)dagi g'alaba ziyofati
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 „Tibetan and Nepalese Conflict“. Official website of Nepal Army. Manba xatosi: Invalid
<ref>
tag; name "nepalarmytwo" defined multiple times with different content - ↑ 2,00 2,01 2,02 2,03 2,04 2,05 2,06 2,07 2,08 2,09 2,10 Regmi 1970a.
- ↑ Gundry, "Nepal," pp. 609-610. Google Booksda
- ↑ Kirkpatrick, Colonel. An Account of the Kingdom of Nepaul. London: William Miller, 1811. Qaraldi: 11-fevral 2013-yil.
- ↑ Acharya, Baburam (2013), The Bloodstained Throne: Struggles for Power in Nepal (1775-1914), Penguin Books Limited, 25, 209-bet, ISBN 978-93-5118-204-7
- ↑ Peter Perdue, China Marches West: The Qing Conquest of Central Eurasia (Cambridge: Belknap Press, 2005).
- ↑ Todd T. Lewis, Newars and Tibetans in the Kathmandu Valley. Ethnic Boundaries and Religious History (Columbia University: Journal of Asian and African Studies, No. 38, 1989).
- ↑ Prinsep 1825.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
- Boulnois, L. (1989). „Chinese Maps and Prints on the Tibet-Gorkha War of 1788-92“ (PDF). Kailash: A Journal of Himalayan Studies. 15-jild, № 1, 2. Kathmandu. Qaraldi: 2013-10-19.
- Mote, F.W.. Imperial China 900-1800. Cambridge, MA: Harvard University Press, 1999 — 936–939-bet. ISBN 9780674012127.
- Prinsep, Henry Thoby (1825), History of the political and military transactions in India during the administration of the Marquess of Hastings, 1813–1823, Vol 1, 1-jild, London: Kingsbury, Parbury & Allen
- Rose, Leo E.. Nepal; strategy for survival. University of California Press, 1971 — 310-bet. ISBN 9789994655120.
- Regmi, Mahesh C., muh. (1970a). „An official Nepali account of the Nepal-China War“. Regmi Research Series. 2-jild, № 8. Kathmandu. 177–188-bet. Qaraldi: 2013-10-19.
- Regmi, Mahesh C., muh. (1-aprel 1970-yilb), „Nepali Envoy to China, 1792“ (PDF), Regmi Research Series, 2 (4): 98
{{citation}}
: sana kiritilishi kerak boʻlgan parametrga berilgan qiymatni tekshirish lozim:|date=
(yordam) - Norbu, Thubten Jigme; Turnbull, Colin. Tibet: Its History, Religion and People, 1st, Penguin Books, 1972 — 368-bet. ISBN 9780140213829.
- Stein, R.A.. Tibetan Civilization. Stanford University Press, 1972 — 88-bet. ISBN 0804709017.
- Uprety, Prem (June 1996). „Treaties between Nepal and her neighbors: A historical perspective“. Tribhuvan University Journal. 19-jild, № 1st. Kathmandu. 15–24-bet. doi:10.3126/tuj.v19i1.3970.