Kontent qismiga oʻtish

Shihobuddin Muhammad an-Nisoviy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Shihobuddin Muhammad an-Nisoviy (forscha: شهاب الدین محمد النساوی)Anushteginiylar Xorazmshoxlar sulolasining XIII asrda yashagan tarixchisi. Muarrixning to‘liq ismi Shihobuddin ibn Ahmad ibn Ali Muhammad an-Nisoviydir.

Tarixchining otasi Xorazmshohlaming e’tiborli amirlaridan biri boʻlgan. Niso viloyatiga qarashli Xurandiz qal’asining hokimi edi. Shihobuddin ibn Ahmad ibn Ali Muhammad an-Nisoviy 1224-yilga qadar Niso viloyatining hokimi Nusratuddir Hamzaning noibi boʻlib xizmat qilgan.

Nashjuvon (Nisoning katta qishloqlaridan) hamda al-Halqa(Juijon qishloqlaridan)da moʻgʻullar bilan boʻlgan janglarda shaxsan ishtirok etgan. 1224-yili Sulton Jaloluddin Menkburnining (1220-1231) xizmatiga kiradi va uning kotibi lavozimiga tayinlanadi. Shihobuddin Muhammad Nisoviy bu lavozimda 1231-yilgacha, ya’ni sultonning oʻlimiga qadar xizmat qiladi. Keyin u Mayofarikin (Diyorbakr viloyatida) hokimi Ayyubiy al-Malik al-Muzaffar Gʻoziyning (1220-1224) xizmatiga kiradi. Biroq, oradan ko'p vaqt oʻtmay qamalib qoladi. Qamoqdan ozod etilgach, Ildegiziylar (1227-1235) huzurida, soʻngra 1238-yili Xarron (Eron Ozarbayjoni) qal’asiga hokim etib tayinlanadi. Oxiri Halab (Suriya) sultoni al-Malik an-Nosir Salohiddin Yusuf ibn al-Azizning xizmatiga kiradi va umrining oxirigacha Halabda istiqomat qiladi.

Shihobuddin Muhammad an-Nisoviy Oʻrta Osiyo, Kavkaz, Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlarining moʻgʻul istilosi davridagi (1220-1231) ijtimoiy-siyosiy ahvolidan bahs yurituvchi “Sirot us-sulton Jaloluddin Menkburni” nomli qimmatli kitob fors tilida yozib qoldirgan. Asar 1241-yilda Halabda yozib tugallangan boʻlib, u memuar — xotira-yodnoma tarzida yozilgan.[1]

  1. Abdumajid Madraimov, Gavhar Fuzailova. Manbashunoslik: Bakalavriatning tarix yo'nalishi talabalari uchun darslik. Toshkent: O'zbekiston faylasuflari milliy jamiyati nashriyoti, 2008.