Sherobod dostonchilik maktabi
Sherobod dostonchilik maktabi — Oʻzbekiston Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlarining bir necha tumanlari, Tojikiston va Turkmanistonning janubiy sarhadlarida yetishib chiqqan yuzlab baxshilarni birlashtirgan oʻzbek dostonchilik maktabi.
Surxondaryo va Qashqadaryoda dostonchilik anʼanalarining izchil rivojlanishi bugungi kunlarda ham davom etmoqda. Shuning uchun ham bu maktab vakillaridan 1940-yillarda yozib olingan dostonlarda dostonchilikning nisbatan quyi bosqich unsurlari, badiiy tafakkurning uncha rivojlanmagan shakllari uchraydi. 1960-yillardan boshlab esa anʼanalarning muayyanlasha borishi, maʼlum maʼnoda kitobiylikka intilish kuchayadi. Bunda isteʼdodli xalq baxshisi Qodir Rahim oʻgʻlining (1936—1985) xizmatlari katta boʻldi. Sherobod dostonchilik maktabidan Qosimkoʻr, Shernazar Beknazar oʻgʻli, Mardonaqul Avliyoqul oʻgʻli, Umir Safar oʻgʻli, Normurod baxshi, Ahmad baxshi, Nurali Boymat oʻgʻli, Mamadrayim baxshi, Yusuf Oʻtagan oʻgʻli, Eshqobil baxshi, Boʻriboy Ahmad oʻgʻli, Qodir Rahim oʻgʻli kabi oʻnlab dostonchilar yetishib chiqdi. Bugungi kunda Xushboq Mardonaqulov, Shoberdi Boltayev, Boborahim Mamatmurodov, Qora va Chori Umirovlar, Qahhor Qodir oʻgʻli, Abdunazar Poyonov kabi bir qancha baxshilar dostonchilik anʼanalarini davom ettirmoqdalar. Bu maktab vakillaridan yozib olingan "Oltin qovoq", "Malla savdogar", "Zayidqul", "Ollonazar Olchinbek", "Oychinor", "Sherali", "Kelinoy" kabi qator dostonlar Oʻzbekistonning boshqa joylarida yashab oʻtgan baxshilar repertuarida uchramaydi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Qahhorov A., Yangi dostonlar, T., 1988;
- Ergashev A., Xalilov D., "Yozi va Zebo" — ishqdostoni, Qarshi, 2000;
- Murodov M., Alpomishnoma, 1—2-kitoblar, T., 1999, 2000.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |