Seysmik toʻlqinlar
Seysmik toʻlqinlar - zilzila oʻchogʻi, portlash, kuchli zarba va boshqa tebranish hamda silkinish manbalaridan tarqaladigan tebranishlar. Kuchli zilzila oʻchogʻiga yaqin joylarda seysmik toʻlqinlar sekundning 1/10 ulushiga teng vaqtda vayron qiluvchi kuchga ega boʻladi. Epitsentrdan ancha uzoq masofadagi seysmik toʻlqinlar elastik toʻlqinlar hisoblanadi. Deformatsiya turiga koʻra, boʻylama, koʻndalang va sirtki toʻlqinlar tarqalishiga ko'ra quydagilarga bo'linadi:
Refraksion, difraksion va almashinuvchi toʻlqinlar; tarqalish vaqtiga koʻra, muntazam va nomuntazam toʻlqinlar;
Seysmik razvedkada foydalanilishiga koʻra, foydali va xalaqit beruvchi toʻlqinlarga boʻlinadi. Eng koʻp tarqalgani boʻylama toʻlqinlar va koʻndalang toʻlqinlardir. Boʻylama seysmik toʻlqinlar harakati natijasida muhitning hajmi oʻzgaradi — siqiladi hamda choʻziladi. Muhit zarrachasining tebranishi toʻlqin tarqalish yoʻnalishi boʻylab sodir boʻladi. Koʻndalang seysmik toʻlqinlar muhitda hajmiy oʻzgarishlar hosil qilmaydi, muhit zarrachasining tebranishi toʻlqin tarqalishi yoʻnalishiga perpendikular boʻladi. Boʻylama toʻlqinlar yer qobigʻi, mantiyasi va yadrosini, koʻndalang toʻlqinlar esa faqat yer qobigʻi va mantiyasini kesib oʻtadi. Yerning yadrosi suyuq holatda boʻlganligi uchun undan koʻndalang toʻlqinlar oʻta olmaydi. Toʻlqinlar har xil tezlik bilan tarqaladi. Eng tez tarqaluvchi toʻlqin boʻylama toʻlqin. Seysmik toʻlqinlarning umumiy quvvati magnituda bilan belgilanadi. Yer yuzasida seysmik toʻlqinlarning tarqalishini kuzatish yerning tuzilishini oʻrganishga imkon beradi. Neft va gaz konlari geologiyasini oʻrganish, turli strukturalarni topish va ularni chuqur parmalashda, muhandislik geologiyasining muhim masalalarini hal etishda seysmik toʻlqinlar hisobga olinadi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |