Kontent qismiga oʻtish

Sevgi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Romeo va Juliet, arxetipik oshiqlar. Frank Dicksee chizgan.

Sevgi yoki muhabbat — biror shaxsga yoki kishilar guruhiga, gʻoyaga yoki amaliy faoliyatga nisbatan intim va kuchli tuygʻu. Nafratning aksi. Shaxs ichki dunyosining eng erkin ifodasi sifatida yuzaga keladi. Muhabbat tuygʻusining ulugʻvorligi va murakkabligi shundaki, unda biologik va maʼnaviy, shaxsiy va ijtimoiy, institutim va umumiy holatlar bamisoli bir nuqtaga toʻplanadi.

Ijtimoiy fikrlar tarixida Muhabbatga turlicha maʼno berilgan. Yunonistonda Muhabbatni kishilar va tabiat ustidan hukmronlik qiluvchi afsonaviy kuch deb tushunganlar, natijada Muhabbat xudosi – Erot (Eros) haqida tasavvurlar vujudga kelgan. Empedokl Muhabbat olamni – insonlar va tabiat hodisalarini uyushtirib, birlashtirib turuvchi omil deb qaragan, Platon Muhabbatni 2 turga – hissiy Muhabbat va aqliy Muhabbatga ajratadi. Uning fikricha, hissiy Muhabbat tashqi goʻzallikni his qilishdan hosil boʻladi va Muhabbatning quyi bosqichini tashkil etadi. Aqliy Muhabbat esa goʻzallikni keng maʼ-noda – axloqiy-estetik, ilmiy tushunishdan paydo boʻladi. U akliy (maʼnaviy) Muhabbatni ustun qoʻyadi.

Oʻrta Osiyo mutafakkirlari ham Muhabbat masalasiga katta eʼtibor berganlar. Ular insonlar orasidagi, jumladan, erkak va ayol orasidagi Muhabbatni yuksak munosabat deb tushunishgan. Ibn Sino Muhabbat haqida maxsus ilmiy asar yozgani maʼlum. Yusuf Xos Hojib nazarida, Muhabbat mustahkam oilaviy turmush, ijtimoiy takomilning zaminidir. Lutfiy fikricha, Muhabbat insonni qadrlash, sadoqat va vafodorlik bilan chambarchas bogʻliq.. Alisher Navoiy Muhabbatni 3 turga: erkak bilan ayol nikohida amalga oshadigan jinsiy Muhabbatga, umuman insonlar oʻrtasidagi munosabatlarda namoyon boʻladigan Muhabbatga, Allohga boʻlgan Muhabbatga ajratadi. Yevropada Muhabbat muhim ijtimoiy hissiyot sifatida tabiatni oʻrganishga, shaxsning garmonik takomiliga xizmat qiluvchi kuch sifatida talqin qilindi. 3. Freyd Muhabbatni fiziologik instinkt deb billgan va ota-onalik, farzandlik mehri ham shu instinktning ayrim koʻrinishi deb hisobladi.

Sevgi, mehr, sadoqat darajasidagi Muhabbat odamlar va hayvonlarning genetik dasturida mavjud boʻlgan biologik hodisa sifatida oʻzidan avlod qoldirish, uni hayotga tayyorlashga qaratilgan kuchli his-tuygʻuning namoyon boʻlishidir. Bu, hayvonda ham, odamda ham oʻz zurriyotini saqlab qolishga qaratilgan ehtirosli ehtiyojlarni jinsiy munosabatlar shaklida yuzaga chiqaradi. Muhabbat faqat 2 jinsning birlashishiga boʻlgan kuchli ehtirosdan iborat boʻlibgina qolmay, ayni chogʻda u odamning ota-onasi, qarindosh-urugʻlari, yaqin kishilari, doʻstlari, qoʻni-qoʻshnilari, oʻquv va mehnat jamoalari, oʻz xalqi va Vatani hamda umuman bashariyat bilan ruhan yaqinlashishning kuchli vositasi hamdir. Muhabbat tufayli individ goʻzal feʼl-avtorni, xulqni oʻzida gavdalantirib, muayyan jamoa va jamiyat oldida yuksak qadr topadi, boshqalarda oʻziga nisbatan samimiy mehr-oqibatni uygʻota oladi. Shuning uchun ham bilish nazariyasida Muhabbat olam va odam munosabatlarini anglash jarayenining boshlanishi va shart-sharoiti ham hisoblanadi. Odam olamni, oʻzini kur-shagan tabiiy va ijtimoiy muhitni ularga boʻlgan Muhabbatni darajasida anglaydi. Muhabbat odamlar va narsalar mohiyatini bilib olish uchun aqlga yoʻl ochadi, qorongʻu dunyoni yorugʻ etadi, ezgulikni yovuzlikdan, rostni yolgʻondan farqlash mezoni sifatida ham namoyon boʻladi. Muhabbat odamlarni, turli jamoalarni, xalqlarni, millatlarni bir-biriga yaqinlashtiradi. Muhabbat bor joyda murakkab muammolar ham osonlikcha hal boʻladi, hatto urushlarga, janjallarga oʻrin qolmaydi. Shuning uchun ham bir guruh faylasuflar insoniyat tarixida Muhabbat dinini yaratish orqali xalqlarni, odamlarni birlashtirish, hamkorhamna-fas qilish mumkin, degan gʻoyani ham ishlab chiqqanlar.

Fantexnika inqilobi shitob bilan davom etayotgan, insonga iroda va individual erk berish orqali ijtimoiy taraqqiyotni tezlashtirish va binobarin, eng qulay turmush sharoitini vujudga keltirish mumkinligi ayon boʻlgan hozirgi davrda anʼanaviy turmush tarzi izdan chiqib, yangi zamonga monand keladigan hayot tarzi hali shakllanib ulgurganicha yoʻq. Bunday sharo-itda odamlardagi Muhabbat his-tuygʻulari siyqalashib, dagʻallashib borayotgani, yakka nikohlikka asoslangan oilalarning qadrsizlanishi (ayniqsa, Gʻarbda) natijasida chinakam Muhabbatga putur yetayotgani ham kuzatilmoqda.