Sellyulyar patologiya
Sellyulyar patologiya (lot. Cellula — xonacha; bu yerda hujayra maʼnosida), hujayra patologiyasi - tibbiyot nazariyasi. 1855—58 yillarda R.Virxov yaratgan. Uning asosi hujayra nazariyasitr. Uning asosiy kridalari quyidagicha: 1) hujayra butun tirik mavjudotning birlamchi morfologik elementi boʻlib, usiz na normal, na patologik hayotiy faoliyat yoʻq; 2) har qanday hujayra hujayradan hosil boʻladi; 3) har qanday tirik mavjudot hayot uchun muhim elementlarni oʻzida mujassamlashtirgan hujayra tarkibiy qismlari majmuidan iborat; 4) organizmda alohida elementlar faoliyatini boshqarib turadigan anatomik-fiziologik markaz yoʻq, faqat hujayraning muntazam tiklanib turishi organizmning bir butunligini taʼminlaydi; 5) har bir hujayra ozmi-koʻpmi oʻziga mustaqil boʻlib, oʻzgarishlar bir hujayra doirasidagina roʻy berishi mumkin; 6) butun patologiya hujayra patologiyasidir; kasallik — organizmning muayyan joyiga tegishli jarayon; agar vrach kasallangan joyni aniq bilolmasa, u kasallik haqida toʻgʻri xulosaga kelolmaydi.
Sellyulyar patologiyaga asos boʻlgan juda koʻp daliliy manbalar tibbiyotning rivojlanishida, yaʼni kasallangan organizmda roʻy bergan morfologik oʻzgarishlarni oʻrganish, ular patogenezini aniqlash, diagnostikani takomillashtirishda muhim rol oʻynaydi. Sellyulyar patologiya gumoral patologiya, shuningdek, barcha kasalliklarning kelib chiqishiga organizmdagi zich zarrachalar va nerv sistemasining buzilishigina sabab boʻladi, deb bilgan bir tomonlamalik va xatoliklarni bartaraf etdi. Biroq Virxov, ayniqsa, uning izdoshlari bu qarashlarga qarshi chiqish bilan birga hamma patologik jarayonlarni faqat hujayrada boʻladigan oʻzgarishlarning oqibati deb bilishdi; shuningdek, kasallikning avj olishida nerv va gormonal omillarning ahamiyatini hisobga olmay bir tomonlikka yoʻl qoʻydilar. Ular tomonidan organizmning bir butunligi bilan ichki va tashqi muhitning oʻzgarib turuvchi sharoiti oʻrtasidagi bogʻliklikning inkor etilishi oʻsha davr rus olimlari I.M. Sechenov va boshqalarlarning haqqoniy tanqidiga uchradi. Fanning keyingi yutuqlari, ayniqsa, neyro gumoral omillar, subhujayra va molekulyar strukturalarning oʻrganilishi Sellyulyar patologiyaning xatoliklariga barham berish va sellyulyarizm, gumoralizm, nervizmning barcha foydali tomonlarini birlashtirish, yaxlitlashga imkon berdi (yana qarang Patologiya).
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |