Kontent qismiga oʻtish

Sato

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Sato
Turi

Torli musiqa cholgʻulari
Oʻxshash asboblar

Tanbur
Musiqachilar

Maʼrufjon Toshpoʻlatov, Turgʻun Alimatov, Mahmudjon Tojiboyev, Toyir Qoʻziyev, Abror Zufarov
Turkiston general-gubernatorligi, 1869-yil.

Sato (forscha: سه تار — „setor“ soʻzining buzilgan shakli) — qadimiy nay tanburning oʻzi[1], yaʼni hozirgi tanburning kamon bilan chalinadigan turi[2].

Sato oʻzbek, tojik, uygʻur, eron, afgʻon xalqlarida tarqalgan boʻlib, boshqa cholgʻular qatori bir necha asrlar oldin paydo boʻlgan degan taxminlar mavjud[manba kerak]. Qutbiddin ash-Sheroziy (1236-1310) eronlik musiqa nazariyotchisi sifatida tanilgan boʻlib, u oʻz risolasida kamonchali tanbur-sato haqida ibratli mulohazalar bildirgan, hamda inson ovozini musiqa asboblari ichida eng yoqimlisi deb hisoblagan[manba kerak].

Sato torli musiqa cholgʻulari guruhida kiradi. Tashqi koʻrinishidan esa tanburga oʻxshaydi. Uning kosasi tut, oʻrik, yongʻoq kabi daraxtlarning yogʻochidan oʻyilib yasaladi va umumiy uzunligi 110-120 sm boʻladi. Kosasi tanburga nisbatan kattaroq va yupqaroq, qopqogʻi kengroq boʻladi. Satoda 4 ta asosiy (metall-latun) tor va 4 ta aks-sado beruvchi tori boʻladi. Oʻrtadagisi ikki yonidagilarga nisbatan kvarta, kvinta, baʼzida sekunda oraligʻida sozlanadi. Ulardan tashqari, yon quloqlarga tortiladigan aks sado beruvchi 11 tagacha yordamchi torlari mavjud[3]. Satoda, odatda, kuychan, ohangdor asarlar turli nolish va qochirimlar bilan boyitilib ijro qilinadi[4].

Ijro etilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Satoning pardalari baland, torlari esa boʻsh taqilganligi sababli unda glissando va vibrato kabi melizmlarni ijro qulay hisoblanadi[3].

Ayrim sozandalar tanburni ham sato sifatida kamon bilan yoki, aksincha, satoni tanbur sifatida noxun bilan chalishadi. U hozir turli oʻzbek cholgʻu ansambllarida hamda yakkaxon cholgʻu sifatida keng qoʻllanadi[5][4].

Sato ijrochilaridan Maʼrufjon Toshpoʻlatov, Turgʻun Alimatovlar kabi mohir sozandalari oʻtgan. Hozirgi kunda Mahmudjon Tojiboyev, Toyir Qoʻziyev, Abror Zufarov kabi sozandalar mavjud[1].

  1. 1,0 1,1 Saibjon Begmatov; Matrasul Matyoqubov. Oʻzbek anʼanaviy cholgʻulari, (Madaniyat, sanʼat akademik litsey va kollejlari uchun oʻquv qoʻllanma), Toshkent: "Yangi nashr" nashriyoti, 2008 — 72-bet. ISBN 978-9943-330-13-9. 
  2. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2023 — 964-bet. ISBN 978-9943-8834-4-4. 
  3. 3,0 3,1 Azatgul Tashmatova. Musiqiy cholgʻular muzeyi katalogi, Maʼmura Sodiqova, Toshkent: Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi "Fan" nashriyoti — 88-bet. 
  4. 4,0 4,1 OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  5. Ibrohimov Oqilxon Akbarovich. Maqom asoslari, (Oʻquv qoʻllanma), Toshkent, 2018 — 159-bet.